SK · 316-modda

316-modda. Kafolatli taʼmirlash va kafolatli xizmat koʻrsatish yuzasidan kelgusi xarajatlar uchun zaxirani shakllantirish xarajatlari

Tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi soliq toʻlovchi kafolatli taʼmirlash va kafolatli xizmat koʻrsatish yuzasidan kelgusi xarajatlar uchun zaxira tashkil etishga haqli. Bunday zaxirani shakllantirishga doir ajratmalar ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda chegirmalar jumlasiga kiritiladi. Soliq toʻlovchi bunday zaxirani tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni mustaqil ravishda qabul qiladi va soliq solish maqsadlari uchun hisob siyosatida ajratmalarning eng yuqori miqdorini aniqlaydi.

Zaxira xaridor bilan tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq kafolatli muddat davomida xizmat koʻrsatish va taʼmirlash nazarda tutilgan tovarlarga (xizmatlarga) nisbatan tashkil etiladi. Mazkur tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish sanasidagi zaxiraga ajratmalar summasi xarajatlar jumlasiga kiritiladi.

Tashkil etilgan zaxiraning miqdori kafolatli taʼmirlash va xizmat koʻrsatish boʻyicha soliq toʻlovchi tomonidan haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlarning mazkur tovarlarni (xizmatlarni) oʻtgan uch yil davomida realizatsiya qilishdan olingan tushum hajmidagi ulushi sifatida aniqlanadigan, hisobot (soliq) davrida mazkur tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum summasiga koʻpaytirilgan eng koʻp miqdordan oshmasligi kerak. Agar soliq toʻlovchi tovarlarni (xizmatlarni) kafolatli taʼmirlashni va xizmat koʻrsatishni bajarish sharti bilan realizatsiya qilishni uch yildan kam muddatda amalga oshirayotgan boʻlsa, tashkil etilayotgan zaxiraning eng koʻp miqdorini hisob-kitob qilish uchun mazkur tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushumning bunday realizatsiya qilishning haqiqiy davridagi hajmi inobatga olinadi.

Ilgari tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishni kafolatli taʼmirlash va xizmat koʻrsatish sharti bilan amalga oshirmagan soliq toʻlovchi mazkur chiqimlar uchun kutilayotgan xarajatlarning miqdoridan oshmaydigan miqdordagi zaxirani tashkil etishga haqli. Kutilayotgan xarajatlar deganda kafolat muddati inobatga olingan holda kafolat majburiyatlarini bajarish rejasida nazarda tutilgan xarajatlar tushuniladi.

Soliq davri tugagach, soliq toʻlovchi tashkil etilgan zaxiraning miqdoriga kafolatli taʼmirlash va xizmat koʻrsatish boʻyicha haqiqatda amalga oshirilgan xarajatlarning mazkur tovarlarni (xizmatlarni) oʻtgan davrda realizatsiya qilishdan olingan tushum hajmidagi ulushidan kelib chiqqan holda tuzatish kiritishi kerak.

Soliq toʻlovchi tomonidan soliq davrida kafolatlar berish sharti bilan realizatsiya qilingan tovarlar (xizmatlar) boʻyicha kafolatli taʼmirlash va xizmat koʻrsatish uchun toʻliq foydalanilmagan zaxira summasi soliq toʻlovchi tomonidan keyingi soliq davriga oʻtkazilishi mumkin. Bunda keyingi soliq davrida yangi tashkil etilayotgan zaxiraning summasiga zaxiraning oldingi soliq davridagi qoldigʻi summasi miqdorida tuzatish kiritilishi kerak. Agar yangi tashkil etilayotgan zaxiraning summasi oldingi soliq davrida tashkil etilgan zaxira qoldigʻining summasidan kam boʻlsa, ular oʻrtasidagi farq soliq toʻlovchining joriy soliq davridagi daromadlari tarkibiga kiritilishi lozim.

Agar soliq toʻlovchi zaxira tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsa, kafolatli taʼmirlashga doir haqiqiy xarajatlarni hisobdan chiqarish tashkil etilgan zaxira hisobidan amalga oshiriladi. Agar tashkil etilgan zaxiraning summasi soliq toʻlovchi tomonidan amalga oshirilgan taʼmirlash xarajatlarining summasidan kam boʻlib qolsa, ular oʻrtasidagi farq chegirmalar jumlasiga kiritilishi lozim.

Soliq toʻlovchi tovarlarni (xizmatlarni) kafolatli taʼmirlash va ularga kafolatli xizmat koʻrsatish sharti bilan sotishni tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, ilgari tashkil etilgan va foydalanilmagan zaxiraning summasi kafolatli taʼmirlash va kafolatli xizmat koʻrsatishga doir shartnomalarning amal qilish muddatlari tugaganidan keyin daromadlar tarkibiga kiritilishi lozim.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.