SK · 335-modda

335-modda. Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi boʻyicha zararlarni oʻtkazish

Ushbu Kodeks 333-moddasining qoidalari soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhiga nisbatan ushbu moddada belgilangan oʻziga xos xususiyatlar hisobga olingan holda qoʻllaniladi.

Agar soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi oldingi soliq davrida (davrlarida) zarar (zararlar) koʻrgan boʻlsa, bunday guruhning masʼul ishtirokchisi joriy soliq davrining konsolidatsiyalashgan soliq bazasini zararning butun summasiga yoki ushbu summaning bir qismiga kamaytirishga haqli.

Soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi konsolidatsiyalashgan guruh tarkibidan chiqib ketganidan keyin (ushbu guruh faoliyatini tugatgandan keyin):

1) joriy soliq davrining soliq bazasini mazkur guruh faoliyat koʻrsatgan davrda koʻrilgan zararning summasiga (ushbu summaning bir qismiga) kamaytirishga haqli emas;

2) joriy soliq davrining soliq bazasini mazkur ishtirokchi tomonidan u soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi boʻlmagan soliq davrlarining yakunlari boʻyicha koʻrilgan zarar summasiga (ushbu summaning bir qismiga) ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda kamaytirishga haqli.

Agar soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi mazkur guruhdagi oʻzining ishtirok etish davrida qoʻshib yuborish yoki qoʻshib olish shaklida qayta tashkil etilgan boʻlsa, mazkur guruh tarkibidan chiqib ketganidan keyin (ushbu guruh faoliyatini tugatganidan keyin) bu ishtirokchi joriy soliq davrining soliq bazasini oʻzi huquqiy vorisi boʻlgan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari boʻlmagan bunday qayta tashkil etilgan soliq toʻlovchilar soliq davri yakunlari boʻyicha qayta tashkil etilgan soliq toʻlovchidan olingan zararlar summasiga (shu summaning bir qismiga) ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda kamaytirishga ham haqli.

Agar soliq toʻlovchilar konsolidatsiyalashgan guruhining ishtirokchisi mazkur guruhdagi oʻzining ishtirok etish davrida yuridik shaxsni boʻlish yoʻli bilan yangidan tashkil etilgan boʻlsa, mazkur guruh tarkibidan chiqib ketganidan keyin (ushbu guruh faoliyatini tugatganidan keyin) bu ishtirokchi joriy soliq davrining soliq bazasini oʻzi huquqiy vorisi boʻlgan soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi ishtirokchilari boʻlmagan bunday qayta tashkil etilgan yuridik shaxs soliq davri yakunlari boʻyicha qayta tashkil etilgan soliq toʻlovchidan olingan zararlar summasiga (shu summaning bir qismiga) ushbu moddada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda, ushbu Kodeksning 92-moddasini hisobga olgan holda kamaytirishga ham haqli.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.