SK · 369-modda

369-modda. Jami daromadga kiritilmaydigan daromadlar

Quyidagilar jami daromad tarkibiga kiritilmaydi:

1) Oʻzbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga va davlat pul mukofotlariga sazovor boʻlgan soliq toʻlovchi olgan bir yoʻla beriladigan davlat pul mukofoti yoki shunga teng bahodagi esdalik sovgʻalarining qiymati, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida bir yoʻla beriladigan pul mukofoti, sovgʻalar va budjet subsidiyalari;

2) donorlik uchun pul mukofotlari, shuningdek tibbiyot muassasalarining xodimlari tomonidan qon olganlik uchun olinadigan summalar;

3) olingan alimentlar;

4) fuqarolar tomonidan olinadigan sugʻurta tovoni summalari;

5) qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va tartibda toʻlanadigan stipendiyalar;

6) qonunchilikka muvofiq uy-joy-kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha har oylik kompensatsiya pul toʻlovlari;

7) davlat pensiyalari, qonun hujjatlarida belgilangan nafaqalar, bundan vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi (oilaning betob aʼzosini parvarish qilish boʻyicha nafaqa) mustasno;

8) majburiy jamgʻarib boriladigan pensiya badallari, ular boʻyicha foizli daromadlar, shuningdek jamgʻarib boriladigan pensiya toʻlovlari.

9) oʻquvchilar va talabalarning Oʻzbekiston Respublikasi professional va oliy taʼlim tashkilotlari hududida pulli oʻquv kurslarini, sport toʻgaraklarini tashkil etishdan va boshqa taʼlim xizmatlarini koʻrsatishdan olingan daromadlari;

10) Oʻzbekiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan chiqarilgan xalqaro obligatsiyalar boʻyicha daromadlar;

11) egalik qilish, doimiy foydalanish yoki vaqtinchalik foydalanish huquqiga asosan tegishli boʻlgan yer uchastkasi yoki uning bir qismi jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishi natijasida mulkdorlarga yer uchastkasiga boʻlgan huquq hamda ushbu yer uchastkasida joylashgan koʻchmas mulk obyektlari uchun toʻlangan kompensatsiya summasi;

Soliq agentlarining ushbu Kodeksning 386-moddasida nazarda tutilgan jismoniy shaxs foydasiga amalga oshiradigan quyidagi xarajatlariga soliq toʻlovchining daromadi sifatida qaralmaydi:

1) mehnat sharoitlari noqulay boʻlgan ishlarda band boʻlgan xodimlarni qonunchilikda belgilangan tartibda sut, davolash-profilaktika oziq-ovqati, gazlangan shoʻr suv, shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlari;

2) kasaba uyushmasi qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar, shu jumladan aʼzolik badallari hisobidan kasaba uyushmasi aʼzolariga beriladigan moddiy yordam, bundan kasaba uyushmasi qoʻmitasining xodimlariga mehnat vazifalarini bajarganlik uchun beriladigan pul mukofotlari va boshqa toʻlovlar mustasno;

3) favqulodda holatlar munosabati bilan yetkazilgan zararlar summasi doirasida beriladigan moddiy yordam summalari;

4) xodimlarni ish joyiga olib borish va olib qaytish boʻyicha xarajatlari;

5) diniy rasm-rusumlar va marosimlarni, bayram tantanalarini oʻtkazish, vakillik xarajatlari, shahar yoʻlovchilar transportida xodimlarning xizmat qatnovlari uchun foydalaniladigan yoʻl kartochkalarini olish, shuningdek yuridik shaxsning xodimlarning mehnat va dam olish sharoitlarini taʼminlash bilan bogʻliq hamda muayyan jismoniy shaxslarning daromadi hisoblanmaydigan boshqa xarajatlari;

6) xodimga xizmat vazifalarini bajarish uchun zarur boʻlgan maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, formali kiyim-bosh berish xarajatlari yoki ularni pasaytirilgan baholarda sotish munosabati bilan qilingan xarajatlar, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda ayrim toifadagi xodimlarni oʻz xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida oziq-ovqat bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlar;

7) xodim boshqa joyga ishga oʻtkazilganda yoxud koʻchib borganda koʻchish, mol-mulkini koʻchirib borishga, joy ijarasiga (yoʻl xarajatlari uchun beriladigan pul) oid xarajatlarni toʻlash yoki bu xarajatlarning oʻrnini qoplash xarajatlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan bakalavriatni yoki magistraturani tamomlagandan soʻng uch yil ichida ishga qabul qilingan xodimlarga, shuningdek mazkur olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan oilaviy shifokorlik punktlariga va oilaviy poliklinikalarga hamda taʼlim muassasalariga ishga qabul qilingan, boshqa hududlarda yashaydigan oliy maʼlumotli shifokorlarga va mutaxassislarga toʻlanadigan boshlangʻich yordam puli;

8) xizmat safarlariga oid quyidagi kompensatsiya toʻlovlari:

tasdiqlovchi hujjatlar asosida xizmat safari joyiga borish va u yerdan qaytib kelish uchun, shu jumladan joy band qilish uchun haq toʻlashni qoʻshgan holda haqiqatda amalga oshirilgan toʻlovlar. Yoʻl hujjatlari boʻlmagan taqdirda, temir yoʻl transportidagi (agar temir yoʻl qatnovi boʻlmasa, shaharlararo avtobusdagi) yoʻl haqi qiymati miqdorida, lekin aviachipta qiymatining 30 foizidan oshmaydigan miqdorda;

uy-joyni ijaraga olish boʻyicha haqiqatda amalga oshirilgan toʻlovlar. Yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, qonunchilikda belgilangan normalar doirasida;

tasdiqlovchi hujjatlar asosida uy-joyni band qilish uchun toʻlovlar;

qonunchilikda belgilangan normalar doirasida xizmat safarida boʻlingan vaqt uchun toʻlanadigan kundalik xarajatlar uchun haq (sutkalik pullar);

qonunchilikda belgilangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa toʻlovlar;

9) qonunchilikda nazarda tutilgan normalar doirasida xodimga toʻlanadigan kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar):

doimiy ishi yoʻlda kechadigan, harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega boʻlgan, shuningdek vaxta usulida ishlarni bajarishda xodimga kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar);

xizmat ishlarida shaxsiy avtomobildan foydalanganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar), bundan xizmat safarlari mustasno;

dala taʼminoti;

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlanadigan olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari orasidan bakalavriatni yoki magistraturani tamomlagandan soʻng uch yil ichida ishga qabul qilingan xodimlarga, shuningdek mazkur olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan oilaviy shifokorlik punktlariga va oilaviy poliklinikalarga hamda taʼlim muassasalariga ishga qabul qilingan, boshqa hududda yashaydigan oliy maʼlumotli shifokorlarga va mutaxassislarga uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensatsiyasi;

qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda va normalar boʻyicha boshqa kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar), bundan ushbu Kodeksning 373 va 377-moddalarida koʻrsatilganlari mustasno;

10) mehnatda mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash boʻyicha quyidagi miqdordagi toʻlovlar:

jabrlanuvchi mehnatda mayib boʻlguniga qadar olgan oʻrtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobidagi, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yoʻqotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik toʻlovlar (voyaga yetmagan shaxs mehnatda mayib boʻlib qolgan taqdirda, zararning oʻrni uning ish haqi (daromadi) miqdoridan kelib chiqqan holda, lekin qonunchilikda belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,76 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda qoplanadi);

maxsus tibbiy parvarishga muhtoj jabrlanuvchilarga qoʻshimcha xarajatlar uchun oyiga mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 70,3 foizi miqdoridagi toʻlovlar;

jabrlanuvchining maishiy parvarishi uchun qoʻshimcha xarajatlar tariqasida har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 17,6 foizi miqdoridagi toʻlovlar;

xodimning sogʻligʻiga shikast yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa tariqasida jabrlanuvchining yillik oʻrtacha ish haqi miqdoridagi toʻlovlar;

11) boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan quyidagi miqdordagi toʻlovlar:

marhumning oʻrtacha ish haqining vafot etgan boquvchining qaramogʻida boʻlgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli boʻlgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga toʻgʻri keladigan ulushi miqdoridagi toʻlovlar;

boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirishga haqli boʻlgan shaxslarga bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa tariqasida marhumning oʻrtacha yillik ish haqining olti baravari miqdoridagi toʻlovlar;

12) oʻquvchilar va talabalarning taʼlim olishi uchun Oʻzbekiston Respublikasining professional va oliy taʼlim tashkilotlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar boʻyicha pulli-kontrakt asosida oʻtkaziladigan mablagʻlar;

12-1) nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining va maktablarning, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etilgan nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarining va maktablarning qonunchilikda belgilangan normalar doirasida ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarning isteʼdodli va iqtidorli farzandlarini, shuningdek maxsus kontingentdagi tarbiyalanuvchilarning muayyan sonini bepul oʻqitish bilan bogʻliq xarajatlari;

13) xodimlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash xarajatlari.

14) soliq toʻlovchining mijozlarning tovarlar va xizmatlarni sotib olish faolligini oshirishga qaratilgan va bonuslar (ballar, mijozni ushbu tashkilotlardan tovarlar (xizmatlar) sotib olish faolligini belgilovchi boshqa birliklar) hisoblanishini nazarda tutuvchi dasturlarda ishtiroki natijasida ushbu dasturda belgilangan asoslar boʻyicha olingan pul va natura shaklidagi daromadlari. Daromadlar soliq toʻlovchining jami daromadiga quyidagi hollarda qoʻshiladi:

soliq toʻlovchining ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan dasturlarda ishtirok etishi ochiq oferta shartlarisiz amalga oshirilganda;

soliq toʻlovchi ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan mamlakatimizdagi va chet el tashkilotlarining dasturlariga, ularda aksept muddati oʻttiz kundan kam va (yoki) ularda ommaviy ofertani muddatidan oldin chaqirib olish imkoniyati nazarda tutilgan shartlar asosidagi ochiq ofertaga qoʻshilganda;

ushbu bandning birinchi xatboshisida koʻrsatilgan tashkilotchi bilan lavozim majburiyatlarini bajarishda mehnat munosabatlarida boʻlgan, shuningdek soliq toʻlovchi tomonidan tovarlar yetkazib berganlik (ishlar bajarganlik, xizmatlar koʻrsatganlik) uchun haq (mukofot) yoki moddiy yordam sifatidagi toʻlov shaklidagi daromad toʻlanganda.

15) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, kasaba uyushmalari, xayriya, ekologiya jamgʻarmalari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tashkil etilgan boshqa jamgʻarmalar tomonidan koʻrsatilgan yordam:

Ustavda nazarda tutilgan faoliyat doirasida bajarilgan ishlar va koʻrsatilgan xizmatlar;

davolash va tibbiy xizmatlar qiymati, nogironligi boʻlgan shaxslarni profilaktika va reabilitatsiya qilish uchun texnik asbob-uskunalar olish;

jismoniy shaxsning manfaatlarini koʻzlab, tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchidan olish;

xayriya maqsadida boshqa shakllarda qoʻllab-quvvatlash (bundan pul shaklida qoʻllab-quvvatlash mustasno).

16) soliq toʻlovchining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan belgilanadigan dasturlarda ishtirok etishi natijasida olingan bonuslar, pul mukofotlari tarzidagi pul toʻlovlaridan iborat daromadlari.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.