SK · 373-modda

373-modda. Kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiya)

Mehnatga haq toʻlash tarzidagi daromadga kiritiladigan kompensatsiya toʻlovlari (kompensatsiyalar) jumlasiga quyidagilar kiradi:

1) tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay boʻlgan joylardagi ishlar bilan bogʻliq qoʻshimcha toʻlovlar (ish staji uchun ustamalar, baland togʻli, choʻl va suvsiz hududlarda ishlaganlik uchun belgilangan koeffitsiyentlar boʻyicha toʻlovlar). Bunda yuridik shaxslar xodimlarining choʻl va suvsiz joylarda, baland togʻli va tabiiy-iqlim sharoiti noqulay hududlarda ishlaganlik uchun ish haqiga koeffitsiyentlar hisoblashning eng yuqori summasini aniqlash hisoblash sanasida belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 1,41 baravari miqdorida belgilanadi;

2) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan kasblar va ishlar roʻyxati boʻyicha ogʻir, zararli, oʻta zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar, shu jumladan shunday sharoitlardagi uzluksiz ish staji uchun ish haqiga ustamalar;

3) texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlaganlik uchun tarif stavkalariga hamda maoshlarga ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlar;

4) koʻp smenali rejimda ishlaganlik, shuningdek bir necha kasbda, lavozimda ishlaganlik, xizmat koʻrsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmi ortganligi, oʻzining asosiy ishi bilan bir qatorda ishda vaqtincha boʻlmagan xodimlarning vazifalarini bajarganlik uchun ustamalar;

5) doimiy ishi yoʻlda kechadigan, harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega boʻlgan xodimlarning, shuningdek doimiy ishi ishlarning vaxta usulida bajarilishini nazarda tutadigan xodimlarning ish haqiga qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha toʻlanadigan ustamalar;

6) ish beruvchi joylashgan yerdan (yigʻilish punktidan) ishlash joyigacha borish va u yerdan qaytish uchun vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan ishlar vaxta usulida bajarilgan holda yoʻlga ketadigan kunlar, shuningdek xodimlar meteorologik sharoitlar sababli va transport tashkilotlarining aybi bilan yoʻlda ushlanib qolgan kunlar uchun tarif stavkasi yoki maosh miqdorida toʻlanadigan summalar;

7) yer osti ishlarida doimiy band boʻlgan xodimlarga ularning stvoldan ishlash joyiga borish va u yerdan qaytish uchun shaxtada (konda) harakatlanishining meʼyoriy vaqti uchun toʻlanadigan qoʻshimcha haqlar;

8) qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha dala taʼminoti;

9) xizmat safarlari vaqtida qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha kundalik xarajatlar uchun haq (sutkalik pullar);

10) ishlar vaxta usulida tashkil etilganda, ish vaqti umumlashtirilgan holda hisobga olinayotganda va qonunchilikda belgilangan boshqa hollarda xodimlarga ish vaqtining belgilangan davomiyligidan ortiq ishlaganligi munosabati bilan beriladigan dam olish kunlari (otgullar) uchun toʻlovlar;

11) xizmat safarlari uchun xodimning shaxsiy avtomobilidan yoki xizmat maqsadlari uchun uning boshqa mol-mulkidan qonunchilikda belgilangan normalardan ortiqcha foydalanganlik uchun toʻlovlar;

12) mehnatda mayib boʻlganlik yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetganlik bilan bogʻliq zararning oʻrnini qoplash uchun ushbu Kodeks 369-moddasi ikkinchi qismining 10-bandida koʻrsatilgan miqdorlardan ortiqcha olingan summalar;

13) oziq-ovqat va yoʻl chiptalarining qiymati yoki oziq-ovqat va yoʻl chiptalarining qiymatini qoplash.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.