SK · 41-modda

41-modda. Dividendlar va foizlar

Quyidagilar dividendlar deb eʼtirof etiladi:

1) yuridik shaxsning foydasini (shu jumladan imtiyozli aksiyalar boʻyicha foizlar tarzidagi foydasini) ushbu yuridik shaxsning aksiyadoriga (ishtirokchisiga) tegishli aksiyalar (ulushlar) boʻyicha taqsimlash chogʻida aksiyador (ishtirokchi) tomonidan olingan har qanday daromad;

2) tugatish chogʻida yuridik shaxsning aksiyadoriga (ishtirokchisiga) ushbu aksiyadorning (ishtirokchining) shu yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoridan koʻp boʻlgan qismi boʻyicha pul yoki natura shaklidagi toʻlovlar;

3) jamiyatdan chiqarilgan yoki chiqib ketgan ishtirokchiga ulushi qismining chiqarilish yoki chiqib ketish sanasidan oldingi oxirgi hisobot davri uchun jamiyatning buxgalteriya hisobotlari maʼlumotlari boʻyicha aniqlanadigan haqiqiy qiymatini ushbu aksiyadorning (ishtirokchining) shu yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushi miqdoridan koʻp boʻlmagan qismi boʻyicha toʻlash;

4) ushbu yuridik shaxsning oʻz kapitali (mol-mulki) hisobiga ustav fondi (ustav kapitali) oshgan taqdirda yuridik shaxs aksiyadorining (ishtirokchisining) qoʻshimcha aksiyalar qiymati (ulush nominal qiymatining oshishi) tarzida olingan daromadlari.

Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan daromadlar, basharti ular aksiyadorlarning (ishtirokchilarning) bunday daromadni toʻlovchi yuridik shaxsning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushlariga mutanosib ravishda toʻlansa, dividendlar deb eʼtirof etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasidan tashqaridagi manbalardan olinadigan, chet davlatlarning qonunchiligiga muvofiq dividendlar jumlasiga kiritiladigan har qanday daromadlar ham dividendlar deb eʼtirof etiladi.

Ushbu Kodeksning maqsadlari uchun xususiy korxona mulkdoriga, oilaviy korxona ishtirokchisiga yoki fermer xoʻjaligi boshligʻiga, shuningdek bank va mikromoliya tashkilotlaridagi islomiy qimmatli qogʻozlarga (sertifikatlarga) ega boʻlgan shaxslarga bunday yuridik shaxslar tasarrufida qolgan foyda summasidan toʻlanadigan daromadlar dividendlarga tenglashtiriladi.

Ilgari bildirilgan (belgilangan) har qanday daromad, shu jumladan har qanday turdagi qarz majburiyatlari boʻyicha diskont tarzida olingan daromad (uni rasmiylashtirish usulidan qatʼi nazar), islomiy moliya faoliyatidan olingan daromad, shu jumladan pul omonatlari boʻyicha olingan daromad foizlar deb eʼtirof etiladi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.