SK · 412-modda

412-modda. Soliq bazasi

Quyidagilar soliq bazasidir:

1) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha — oʻrtacha yillik qoldiq qiymati.

Koʻchmas mulkning qoldiq qiymati ushbu mol-mulkning boshlangʻich (tiklanish) qiymati bilan soliq toʻlovchining hisob siyosatida belgilangan usullardan foydalanilgan holda hisoblab chiqilgan amortizatsiya miqdori oʻrtasidagi farq sifatida aniqlanadi.

Soliqni hisoblab chiqarish maqsadida ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan obyektlarga nisbatan soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kv. metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatdan past boʻlishi mumkin emas:

Toshkent shahrida — uch million besh yuz oʻttiz ming soʻm;

Nukus shahrida va viloyat markazlarida — ikki million uch yuz ellik ming soʻm;

boshqa shaharlarda va qishloq joylarda — bir million uch yuz toʻqson ming soʻm;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatga tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 gacha boʻlgan kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritishi mumkin.

Agar obyektning 1 kv. metri qiymati ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatdan past boʻlsa, soliq toʻlovchi koʻchmas mulk obyektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari, shu jumladan soliq toʻlovchi tomonidan oʻtgan ikki yilda oʻtkazilgan mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida eʼtirof etiladi.

Ushbu bandda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan koʻchmas mulk obyektlari qonunchilikda belgilanadi.

2) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar boʻyicha — tugallanmagan qurilishning oʻrtacha yillik qiymati;

3) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida belgilangan obyektlar boʻyicha — mazkur obyektlarning oʻrtacha yillik qiymati (realizatsiya qilinmagan qismi boʻyicha);

4) davlat koʻchmas mulk obyektini boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotib olgan xaridorga mol-mulk soligʻi, agar mazkur obyekt uchun unga “tasarruf etish huquqisiz” belgisini qoʻygan holda davlat orderi berilgan boʻlsa, obyektning xaridor tomonidan mazkur obyekt boʻyicha sotib olish toʻlovlarining toʻlangan qismiga mutanosib ravishdagi ulushga (foizga) teng oʻrtacha yillik qoldiq qiymati.

Bunda soliqlar davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha sotib olish toʻlovlarini boʻlib-boʻlib toʻlash grafigiga amal qilgan holda undiriladi. Ushbu grafik Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan Soliq qoʻmitasiga axborot tizimlari orqali taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan soliq bazasi ushbu mol-mulkning oʻrtacha yillik qiymatidir.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.