SK · 426-modda

426-modda. Soliq solish obyekti

Soliq kodeksi 61-bob. Yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi Rasmiy manba (lex.uz)

Mulk huquqi, egalik qilish, foydalanish yoki ijara huquqlari asosida yuridik shaxslarda boʻlgan yer uchastkalari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻining (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyektidir.

Quyidagi yer uchastkalari soliq solish obyekti sifatida hisoblanmaydi:

1) notijorat tashkilotlari tomonidan notijorat faoliyati doirasida foydalaniladigan yerlar;

2) aholi punktlarining, bogʻdorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining umumiy foydalanishdagi yerlari (maydonlar, koʻchalar, tor koʻchalar, yoʻllar, shoxobcha yoʻllar, sugʻorish tarmoqlari, kollektorlar, sohil boʻyi yerlari va boshqa shu kabi umumiy foydalanishdagi yerlar);

3) umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari, shu jumladan pulli avtomobil yoʻllari egallagan yerlar;

4) aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar (daraxtzorlar, istirohat bogʻlari, sayilgohlar, xiyobonlar, aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun belgilangan joylar, shuningdek ariq tarmoqlari egallagan yerlar);

5) davlat qoʻriqxonalarining, kompleks (landshaft) buyurtma qoʻriqxonalarining, tabiat bogʻlarining, davlat tabiat yodgorliklarining, buyurtma qoʻriqxonalarning (bundan ovchilik xoʻjaliklarida tashkil etiladigan buyurtma qoʻriqxonalar mustasno), tabiiy pitomniklarning, davlat biosfera rezervatlarining, milliy bogʻlarning yerlari;

6) sogʻlomlashtirish ahamiyatiga molik yerlar – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan, profilaktika hamda davolash ishlarini tashkil etish uchun qulay tabiiy shifobaxsh omillarga ega boʻlgan yer uchastkalari;

7) rekreatsiya ahamiyatiga molik yerlar – aholining ommaviy dam olishi va turizmini tashkil etish uchun tegishli muassasalar hamda tashkilotlarga berilgan yer uchastkalari;

8) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar – tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan moddiy madaniy meros obyektlari, xotira bogʻlari egallagan yer uchastkalari;

9) gidrometeorologiya va gidrogeologiya stansiyalari hamda postlari egallagan yerlar;

10) yuridik shaxs balansida boʻlgan va fuqaro muhofazasi hamda safarbarlik ahamiyatiga molik alohida joylashgan obyektlar egallagan yerlar;

11) kommunal-maishiy ahamiyatga molik yerlar (dafn etish joylari, maishiy, qurilish va boshqa chiqindilarni yigʻish, qaytadan ortish va saralash joylari, shuningdek chiqindilarni zararsizlantirish hamda utilizatsiya qilish joylari);

12) koʻp kvartirali uylar va yotoqxonalar egallagan yerlar, shuningdek koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari, bundan yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlari egallagan yer uchastkalari mustasno;

13) suv fondi;

14) zaxiralar;

15) geologiya-qidiruv va (yoki) izlanish ishlarini oʻtkazish uchun ajratilgan yer uchastkalari;

16) “Mahalla servis” kompaniyalari egaligida boʻlgan mahallalarni obod qilish bilan bogʻliq ishlarni bajarish hamda mahallalar aholisiga qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi ijtimoiy ahamiyatli pulli xizmatlar koʻrsatishga moʻljallangan binolar joylashgan yer uchastkalari;

17) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi muassisligida davlat muassasasi shaklida tuzilgan hududiy yaylov xoʻjaliklarining doimiy foydalanishdagi yaylov yerlari.

Agar ushbu moddaning ikkinchi qismida koʻrsatilgan yer uchastkalari xoʻjalik faoliyatini yuritish uchun foydalanilsa, ular ushbu bobda belgilangan tartibda soliq solish obyekti hisoblanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.