SK · 444-modda

444-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi

Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan olingan suv hajmi suvdan foydalanishning buxgalteriya (dastlabki) hisobi hujjatlarida aks ettirilgan suv oʻlchagich asboblar koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi.

Suvdan oʻlchagich asboblarsiz foydalanilgan taqdirda, uning hajmi suv obyektlaridan suv olish limitlaridan, suvni isteʼmol qilishning texnologik va sanitariya normalaridan, ekinlar hamda yashil daraxtzorlarni sugʻorish normalaridan yoki maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlovchi boshqa usullardan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Soliq toʻlovchilar yer usti va yer osti manbalaridan olib foydalanilgan suv resurslari hajmlarining alohida hisobini yuritadi. Suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan suv keladigan vodoprovod tarmogʻidagi suvdan foydalanilganda, soliq bazasi manbaning har bir turi boʻyicha alohida aniqlanadi. Suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar vodoprovod tarmogʻiga suv resurslarining yer usti va yer osti manbalaridan kelib tushadigan suv hajmlarining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soliq organlariga joriy soliq davrining 15-yanvariga qadar taqdim etishi kerak. Soliq organlari uch kun ichida ushbu maʼlumotlarni soliq toʻlovchilar eʼtiboriga yetkazishi lozim.

Issiq suv hamda bugʻ hosil qilinishi boʻyicha soliq bazasi soliq toʻlovchi tomonidan ishlab chiqarish va texnik ehtiyojlar uchun oʻzi foydalangan suv resurslari hajmidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Binolarning bir qismi, alohida inshootlar ijaraga berilganda soliq bazasi suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi yuridik shaxs bilan shartnoma tuzgan ijaraga beruvchi tomonidan aniqlanadi.

Binolarning bir qismini, alohida inshootlarni ijaraga olgan va suv yetkazib berishni amalga oshiruvchi soliq toʻlovchilar bilan shartnoma tuzgan yuridik shaxslar soliq bazasini mustaqil ravishda aniqlaydi.

Soliq toʻlovchilar yuridik shaxslar bilan suv yetkazib berilishi yuzasidan solishtirib koʻrish jarayonida olingan suvning hajmini aniqlashtirishda suv hajmining farqini solishtirish amalga oshirilgan davrdagi hisob-kitoblarda aks ettiradi.

Yuridik shaxslarning hududida taʼmirlash-qurilish ishlarini va boshqa ishlarni bajaruvchi soliq toʻlovchilar ushbu ishlarni bajarish jarayonida foydalaniladigan suv uchun soliq toʻlamaydi. Taʼmirlash-qurilish ishlarini va boshqa ishlarni bajarayotganda foydalaniladigan suv hajmi uchun bu ishlar qaysi yuridik shaxslar uchun bajarilayotgan boʻlsa, oʻsha yuridik shaxslar soliq toʻlaydi. Qurilish ishlari yangi qurilish maydonchasida bajarilgan taqdirda, qurilishda foydalaniladigan suv hajmi uchun qurilish tashkiloti soliq toʻlaydi.

Suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organ soliq bazasini aniqlash uchun soliq organlariga, shuningdek qishloq xoʻjaligida, shu jumladan baliqchilik xoʻjaligida suv resurslaridan foydalanuvchi yuridik shaxslarga ular tomonidan foydalanilishi kutilayotgan suv resurslarining hajmini har yili joriy soliq davrining 10-dekabridan kechiktirmay, dehqon xoʻjaliklari, tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun moʻljallangan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar boʻyicha esa — suvdan foydalanish yoki suvni isteʼmol qilish joyi boʻyicha soliq organlariga hisobot yilidan keyingi yilning 20-yanvaridan kechiktirmay taqdim etadi.

Dehqon xoʻjaliklari, shuningdek qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarga hamda tadbirkorlik faoliyati va (yoki) daromad olish uchun moʻljallangan, yashash uchun moʻljallanmagan koʻchmas mulk obyektlariga ega boʻlgan jismoniy shaxslar uchun soliq bazasi suvdan foydalanish va suv isteʼmoli sohasidagi vakolatli organ taqdim etgan maʼlumotlarga asosan soliq organlari tomonidan aniqlanadi.

Sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiruvchi baliqchilik xoʻjaliklari soliq bazasini tabiiy va sunʼiy suv obyektlaridan olingan va ushbu suv obyektlariga qaytarib quyiladigan suv hajmi, bundan kollektor-drenaj tarmoqlariga qaytarib quyiladiganlar mustasno, oʻrtasidagi farqdan kelib chiqib aniqlaydilar.

Qishloq xoʻjaligida, shu jumladan baliq yetishtirishda suv resurslarini hisobga olish vositalari mavjud emasligi va foydalaniladigan suv resurslarining haqiqiy hajmini aniqlashning imkoni boʻlmagan taqdirda, soliq bazasi suvdan foydalanish va suvni isteʼmol qilish sohasidagi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan suv resurslari isteʼmolining normativlariga koʻra aniqlanadi.

Ishlab chiqarish jarayonida suvni maxsus uskunalarni (turbinalarni) sovitish uchun ishlatadigan soliq toʻlovchilar soliq bazasini tabiiy suv obyektlaridan maxsus uskunalarni (turbinalarni) sovitish uchun olingan va tabiiy suv obyektlariga qaytarib quyiladigan suv hajmi oʻrtasidagi farqdan kelib chiqib aniqlaydi. Ushbu norma suvning haqiqiy hisobi yoki suvdan maxsus foydalanish ruxsatnoma mavjud boʻlganda qoʻllaniladi.

Soliq toʻlovchi soliq toʻlash nazarda tutilmagan faoliyat turlarini amalga oshirgan taqdirda, soliq bazasi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan suv resurslari hajmining hisobini alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida hisob yuritish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, soliq bazasi qaysi faoliyat boʻyicha soliq toʻlash sof tushumning umumiy hajmida nazarda tutilgan boʻlsa, oʻsha faoliyatdan olinadigan sof tushumning solishtirma hajmidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.

Alkogolli mahsulot va alkogolsiz ichimliklarni ishlab chiqarish va boshqa maqsadlar uchun foydalanilgan suvning hajmi ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar uchun soliq bazasi hisoblanadi. Alkogolli mahsulot va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan suv hajmi deganda isteʼmol idishidagi tayyor mahsulotga toʻgʻri keladigan suvning hajmi tushuniladi.

Soliq solish obyekti va (yoki) soliq stavkasi turli xil boʻlgan bir necha turdagi faoliyat bilan shugʻullanuvchi soliq toʻlovchilar bunday faoliyat turlari boʻyicha alohida-alohida hisob yuritishlari va tegishli soliq stavkalari boʻyicha soliq toʻlashlari shart.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.