SK · 464-modda

464-modda. Soliq bazasi

Ushbu Kodeksning 463-moddasiga muvofiq hisoblab chiqarilgan jami daromad soliq bazasi deb eʼtirof etiladi, bundan quyidagilar mustasno:

1) Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va boshqa davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlar;

2) soliq agentida soliq solinishi lozim boʻlgan dividendlar;

3) qaytariladigan koʻp marta aylanadigan tara qiymati, agar uning qiymati ilgari tovarlarni (xizmatlarni) sotishdan olinadigan daromadga kiritilgan boʻlsa;

4) amortizatsiya qilinadigan aktivlarni tugatishda ularni qoʻshimcha baholashda olingan, oldingi narxni tushirishlardagi summadan ortiqcha summa hisobidan olingan daromadlar;

5) hisobot yilida aniqlangan oʻtgan yillardagi daromadlar. Mazkur daromadlarga ular shakllangan davrdagi qonunchilikka muvofiq soliqlar boʻyicha qayta hisob-kitob oʻtkazilganligi inobatga olingan holda soliq solinadi.

Soliq solinadigan baza ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan chegirmalardan tashqari quyidagilar uchun kamaytiriladi:

1) brokerlik tashkilotlari uchun — bitim summasidan birjaga oʻtkaziladigan vositachilik yigʻimi summasiga;

2) komissiya shartnomasi boʻyicha vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxslar uchun — tovarlarni import qilishda toʻlangan bojxona toʻlovlari summasiga realizatsiya qilingan tovar ulushida;

3) turizm faoliyati subyektlari uchun — turistik xizmatlarni onlayn bronlashtirish va sotish uchun yaratilgan dasturiy mahsulotlarni hamda axborot tizimlarini joriy etishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga.

4) tadbirkorlik subyektlari uchun — tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadlarining 0,5 foizidan oshmagan miqdorda oʻz xodimlariga va ularning yaqin qarindoshlariga ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlariga borishi uchun chiptalar xarid qilishga doir xarajatlar summasiga;

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.