SK · 89-modda

89-modda. Soliqlar va yigʻimlarni toʻlash

Soliqni toʻlash, agar ushbu Kodeksda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, milliy valyutada amalga oshiriladi.

Chet el valyutasida hisoblab chiqarilgan soliq summasini milliy valyutada qaytadan hisoblash Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining soliqni toʻlash sanasidagi rasmiy kursi boʻyicha amalga oshiriladi.

Soliq toʻlovchining soliqni toʻlash boʻyicha majburiyati, agar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, quyidagi hollarda bajarilgan deb eʼtirof etiladi:

1) pul mablagʻlarini soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaragʻidan budjet tizimiga tegishli gʻaznachilik hisobvaragʻiga oʻtkazishga doir topshiriqnoma bankka taqdim etilgan paytdan eʼtiboran – soliq toʻlovchining hisobvaragʻida toʻlov kunida yetarlicha pul qoldigʻi mavjud boʻlgan taqdirda;

2) bankda hisobvaraq ochmasdan tegishli gʻaznachilik hisobvaragʻiga budjet tizimiga oʻtkazish uchun bank kassasiga naqd pul mablagʻlari topshirilgan paytdan eʼtiboran. Bunday qoida soliqni toʻlash uchun pul mablagʻlari yetarlicha boʻlgan taqdirda, faqat jismoniy shaxslar tomonidan soliqni toʻlashda qoʻllaniladi;

3) bank yoki aloqa boʻlimiga budjet tizimiga oʻtkazish uchun naqd pul mablagʻlari kiritilgan kundan eʼtiboran. Bunday qoida soliqni toʻlash uchun pul mablagʻlari yetarlicha boʻlgan taqdirda, faqat jismoniy shaxslar tomonidan soliqni toʻlashda qoʻllaniladi;

4) gʻaznachilikda shaxsiy hisobvaragʻi ochilgan yuridik shaxsning shaxsiy hisobvaragʻida tegishli pul mablagʻlarini budjet tizimiga oʻtkazishga doir operatsiya aks ettirilgan paytdan eʼtiboran;

5) ortiqcha toʻlangan summalarni yoki ortiqcha undirilgan soliqlar, penyalar, jarimalar summalarini tegishli soliq turi boʻyicha majburiyatning bajarilishi hisobiga hisobga olish toʻgʻrisida soliq organi tomonidan qaror chiqarilgan kundan eʼtiboran;

6) soliqni hisoblab chiqarish va soliq toʻlovchining pul mablagʻlaridan ushlab qolishga doir majburiyat ushbu Kodeksga muvofiq soliq agentiga yuklatilgan boʻlsa, soliq summalari soliq agenti tomonidan ushlab qolingan kundan eʼtiboran.

Soliq toʻlovchining soliqni toʻlash boʻyicha majburiyati quyidagi hollarda bajarilgan deb eʼtirof etilmaydi:

1) tegishli pul mablagʻlarini budjet tizimiga oʻtkazishga doir bajarilmagan topshiriqnoma soliq toʻlovchi tomonidan qaytarib olinganda yoki bank tomonidan unga qaytarilganda;

2) gʻaznachilikda shaxsiy hisobvaragʻi ochilgan yuridik shaxs tomonidan tegishli pul mablagʻlarini budjet tizimiga oʻtkazishga doir bajarilmagan topshiriqnoma qaytarib olinganda yoki gʻaznachilik tomonidan unga qaytarilganda;

3) pul mablagʻlari ushbu pul mablagʻlarini budjet tizimiga oʻtkazishga doir toʻlov topshiriqnomasida bank rekvizitlari notoʻgʻri koʻrsatilganligi sababli budjet tizimining tegishli gʻaznachilik hisobvaragʻiga oʻtkazilmay qolganda;

4) agar soliq toʻlovchi soliq toʻlovi uchun bankka pul mablagʻlarini oʻtkazish uchun topshiriqnoma taqdim etgan kuni uning fuqarolik qonunchiligiga muvofiq birinchi navbatda bajariladigan hisobvaragʻiga taqdim etilgan bajarib boʻlmaydigan boshqa talablar mavjud boʻlsa, agar ushbu hisobvaraqda barcha talablarni qanoatlantirish uchun yetarlicha qoldiqqa ega boʻlmasa.

Ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalar penyalar va jarimalarga nisbatan ham qoʻllaniladi hamda soliq agentlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.

Soliq organlari budjet tizimiga tushumlar hisobini hisoblangan hamda toʻlangan soliqlar va yigʻimlar summalarini, shuningdek penyalar va jarimalarni soliq toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻida aks ettirish orqali yuritadi. Soliq toʻlovchining shaxsiy hisobvaragʻini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtish bilan bogʻliq toʻlanishi lozim boʻlgan, soliqlar va yigʻimlarning, shuningdek penyalar va jarimalarning budjet tizimiga tushumlari hisobini yuritadi. Hisob yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladigan davlat bojining hamda boshqa yigʻimlarning budjet tizimiga tushumlarini hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.