Ovoz berish kuni saylov uchastkasida soat 8.00 da Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangraydi.
Uchastka saylov komissiyasining raisi komissiya aʼzolari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hozirligida:
ovoz berish boshlanganligini eʼlon qiladi;
saylov qutilarining boʻshligini tekshiradi va ularni bir marotaba ishlatiladigan plastmassa plombalar bilan plombalaydi, plombalar raqami koʻrsatilgan holda dalolatnoma tuziladi;
uchastkadagi roʻyxat boʻyicha saylovchilarning soni, olingan saylov byulletenlari soni hamda muddatidan oldin ovoz berganlar haqida maʼlum qiladi. Ushbu maʼlumotlar yakuniy bayonnomaga kiritiladi;
ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazishni muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi, zarurat boʻlganda komissiya aʼzolariga yordam koʻrsatadi, ular vaqtinchalik yoʻq boʻlgan hollarda ularni boshqa aʼzolar bilan almashtiradi;
ovoz berish tugallanganligini eʼlon qiladi;
binoda hozir boʻlgan saylovchilarga ovoz berishni tugallashi uchun imkoniyat beradi.
Uchastka saylov komissiyasining aʼzolari:
saylovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida uning saylovchilar roʻyxatidagi maʼlumotlarini tekshiradi, unga ovoz berish uchun saylov byulletenini imzo qoʻydirib topshiradi;
kuzatuvchilarga va ommaviy axborot vositalari vakillariga saylov jarayonini kuzatish uchun shart-sharoitlar yaratadi.