Markaziy saylov komissiyasi hududiy saylov komissiyalarining kelib tushgan bayonnomalari asosida, hududiy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalarining kelib tushgan bayonnomalari asosida, tuman va shahar saylov komissiyasi esa kelib tushgan uchastka saylov komissiyalarining bayonnomalari asosida:
Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha yoki viloyat, tuman va shahar boʻyicha saylovchilarning umumiy sonini;
saylov byulletenlarini olgan saylovchilar sonini;
ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar sonini;
har bir nomzodni va siyosiy partiyani yoqlab berilgan ovozlar sonini;
haqiqiy emas deb topilgan saylov byulletenlari sonini aniqlaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikkita nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodga nisbatan koʻpchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida turli sabablar (nomzodning oʻlimi, nomzod sogʻligʻining saylovda ishtirok etishni istisno etuvchi holati yoki qonunda belgilangan boshqa sabablarga koʻra uning nomzodi olinganligi va hokazo) tufayli bitta nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi.
Saylovda:
bir mandatli saylov okruglari boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan koʻproq ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi;
Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi boʻyicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega boʻladi.
Saylov, agar unda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan saylovchilarning oʻttiz uch foizidan kami ishtirok etgan boʻlsa, oʻtmagan deb topiladi. Shuningdek, Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi boʻyicha oʻtkazilgan saylovda ishtirok etgan siyosiy partiyalarning hech biri saylovda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini toʻplamagan boʻlsa, yagona saylov okrugi boʻyicha saylov oʻtmagan deb topiladi.
Saylov davomida yoʻl qoʻyilgan, ovoz berish yakunlariga taʼsir qilgan qoidabuzarliklar sababli saylov umuman yoki ayrim saylov okruglari (hududlari) boʻyicha yoxud ayrim saylov uchastkalari boʻyicha haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va saylov yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida bu qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilinishi mumkin.
Mahalliy Kengashlarga oʻtkazilgan saylovni haqiqiy emas deb topish toʻgʻrisidagi qaror tegishli saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va ovoz berish yakunlari eʼlon qilingan kundan eʼtiboran besh kun ichida bu qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Ayrim saylov uchastkalari boʻyicha (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun — hududlar boʻyicha ham) saylov haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shunday uchastkalar (hududlar, okruglar) boʻyicha ovoz berish natijalari, agar bu natijalarsiz ham saylov umuman boʻlib oʻtgan deb topilishi mumkin boʻlsa, tegishli saylov komissiyasining qaroriga binoan saylovning umumiy natijalaridan chiqarib tashlanadi.
Tegishli saylov komissiyasi ovoz berish yakunlari boʻyicha bayonnoma tuzadi va qaror qabul qiladi.