UJK · 132-modda

132-modda. Koʻp kvartirali uydagi turar joylarni va yashash uchun moʻljallanmagan joylarni va umumiy mol-mulkni saqlash xarajatlari

Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdori oʻziga qarashli turar joyni oʻz hisobidan tegishli texnik va sanitariya holatida saqlaydi, shuningdek koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi.

Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari umumiy xarajatlarni, qoida tariqasida, majburiy badallar shaklida birgalikda zimmalariga oladilar, bu badallar koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni boshqarish, unga xizmat koʻrsatish, uni joriy va kapital taʼmirlash hamda koʻp kvartirali uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash xarajatlarining oʻrnini qoplashi kerak.

Koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha majburiy badallar miqdori mazkur uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlarining umumiy yigʻilishi tomonidan belgilanadi.

Mulkdorning koʻp kvartirali uydagi oʻziga qarashli turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylardan foydalanmasligi yoxud umumiy mol-mulkdan foydalanishdan voz kechishi uni koʻp kvartirali uydagi umumiy mol-mulkni hamda shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarda ishtirok etishdan toʻliq yoki qisman ozod qilmaydi.

Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdori oʻzining umumiy mol-mulkni saqlash boʻyicha umumiy xarajatlardagi ishtirokiga doir majburiyatini turar joyni shartnoma boʻyicha ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazishi mumkin, bunda haqning oʻz vaqtida toʻlanishi masʼuliyati turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorining zimmasida boʻladi.

Koʻp kvartirali uydagi turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdori shirkatni, boshqaruvchini yoki boshqaruvchi tashkilotni yoxud turar joy va yashash uchun moʻljallanmagan joylar mulkdorlari tomonidan vakil qilingan shaxsni umumiy mol-mulkni va shu uyga tutash, obodonlashtirish elementlari boʻlgan yer uchastkasini saqlash boʻyicha umumiy xarajatlarni toʻlashga doir majburiyatlar joyni ijaraga, arendaga oluvchiga oʻtkazilganligi haqida xabardor qilishi shart.

Shu modda bo'yicha savolingiz bormi?

HuquqTech savolingizni tahlil qilib, aynan shu kabi qonun moddalariga tayanib javob beradi — oddiy tilda, bir necha soniyada.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.