Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining ijarachisi ijaraga olish shartnomasi boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlarini yer uchastkasidan asosiy foydalanish maqsadini oʻzgartirmagan holda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi muddati doirasida boshqa shaxsga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin, bundan ushbu Kodeks 24-moddasining oltinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Bunda:
ijaraga oluvchi yer uchastkasidan kamida uch yil oʻzi foydalangan boʻlishi shart, mazkur muddat yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran hisoblanadi;
yuridik shaxslarga elektron onlayn-auksion, ochiq elektron tanlov yoki tanlov oʻtkazmasdan davlat organlarining qarorlariga koʻra toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilgan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazishga (qayta ijaraga berishga) yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran besh yildan keyin yoʻl qoʻyiladi;
ijaraga oluvchi ochiq elektron tanlov natijalariga koʻra ijara muddati boʻyicha teng taqsimlanadigan qoʻshimcha toʻlovlarni yoki elektron onlayn-auksion natijalariga koʻra boʻlib-boʻlib toʻlash nazarda tutilgan toʻlovlarni bir yoʻla toʻlashi shart.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasining ijarachisi ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan talablarga rioya etgan holda, ijaraga olish shartnomasi boʻyicha oʻziga ijaraga berilgan ikki yoki undan ortiq yer uchastkalaridan biri yoki bir nechtasi boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlarini boshqa shaxsga oʻtkazishi (qayta ijaraga berishi) mumkin. Bunda qayta ijaraga beriladigan va ijaraga oluvchining oʻzida qoladigan yer uchastkalari maydoni ushbu Kodeksning 46-1-moddasida belgilangan oʻlchamlardan kam boʻlmasligi, yer tuzish loyihasiga muvofiq konturlar yaxlitligi saqlab qolinishi kerak.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer uchastkasiga nisbatan huquqlar va majburiyatlarni boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi lozim. Davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng qayta ijaraga berish natijasida vujudga kelgan ijara huquqi roʻyxatdan oʻtkazuvchi organ tomonidan yer uchastkasining ijaraga oluvchisi oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi axborot (huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun asos boʻlgan hujjat ilova qilingan holda) tegishli tuman (shahar) hokimligiga elektron tarzda yuboriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan ijaraga olingan yer uchastkasiga nisbatan oʻz huquqlari va majburiyatlarini ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga oʻtkazish (qayta ijaraga berish) tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.