Fermer xoʻjaliklarini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi xoʻjaliklarga samarali va amaliy davlat madadini koʻrsatish maqsadida:
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 25-oktabrdagi PQ-4499-sonli qaroriga asosan 2020-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2019-y., 07/19/4499/3960-son)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutgan holda hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida nizom ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
hosildorligi past boʻlgan yerlarni belgilashning aniq mezonlari va mexanizmi;
hosildorligi past boʻlgan yerlarda davlat ehtiyojlari uchun qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarini qoʻllab-quvvatlash tartibi;
ajratiladigan mablagʻlardan maqsadli foydalanish ustidan amaliy nazorat tizimi.
3. 2008-yilning 1-yanvaridan boshlab fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjaligi texnikasini imtiyozli asosda lizingga berish muddati 7 yildan 10 yilgacha uzaytirilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar, idoralar, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 5-noyabr,
PQ-725-son