Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq hamda Davlat budjeti gʻazna ijrosining yagona integratsiyalashgan axborot tizimini yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar maʼlumot uchun qabul qilinsin:
Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Direktorlar kengashi Oʻzbekiston Respublikasiga “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini amalga oshirish uchun 20,7 mln. AQSh dollari miqdorida toʻrt yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda uzish muddati 25 yil boʻlgan qarz, shuningdek 0,6 mln. AQSh dollari miqdorida texnik yordam koʻrsatish granti berilishini maʼqulladi;
mazkur Loyihani amalga oshirish davri olti yil deb belgilansin (2007 — 2013-yillar);
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 26-apreldagi PQ-1745-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 17-son, 189-modda)
Loyihani amalga oshirishga Oʻzbekiston Respublikasining qoʻshadigan ulushi ekvivalenti 14,1 mln. AQSh dollarini, shu jumladan soliqlar, bojxona toʻlovlari va davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalar toʻlashdan ozod etish tarzida 3,9 mln. dollarni tashkil etadi.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan OTB oʻrtasidagi Qarz bitimiga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga OTB qarzi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish hamda Loyihani amalga oshirishga javobgar ijro etuvchi organ hisoblanadi;
asosiy qarzni qoplash, qarz boʻyicha foizlar va komissiyalar toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasining texnik-iqtisodiy hisob-kitoblari asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar bilan 1-ilovaga muvofiq;
OTB qarzini uzish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini samarali amalga oshirish ishlarining muvofiqlashtirilishini taʼminlash uchun 3-ilovaga muvofiq tarkibda Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilsin.
Quyidagilar Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
Loyihani amalga oshirish ustidan monitoring olib borish;
Loyiha doirasida jalb etiladigan vakolatli organlar va kompaniyalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli tender komissiyalari tarkibini tasdiqlash va tender savdolari natijalarini maʼqullash.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi bilan OTB oʻrtasida tuzilgan Qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Loyiha doirasida bajariladigan ishlar samarali oʻtkazilishini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi gʻaznachiligi huzurida 5 kishidan iborat Loyihani amalga oshirish guruhini tashkil etsin, uning zimmasiga Loyihani boshqarish javobgarligini yuklasin, ularning ish haqi OTB qarzi mablagʻlari hamda Oʻzbekiston Respublikasining ulushi hisobidan toʻlansin;
Loyihani amalga oshirish davrida Loyihani boshqarish boʻyicha 1-ilovaga muvofiq sarf-xarajatlarni qoplash uchun davlat budjetidan mablagʻlar ajratilishini nazarda tutsin.
7. Loyiha doirasidagi investitsiya davri mobaynida bevosita yetkazib beruvchilardan va pudratchilardan sotib olinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishga qoʻshadigan ulushi sifatida soliqlardan, davlatning maqsadli jamgʻarmalariga majburiy ajratmalardan va bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining talabnomalariga koʻra, Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik yigʻimi va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining talabnomalariga koʻra, Loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni taʼminlasin hamda ular davlat boji toʻlashdan ozod qilinsin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini amalga oshirishga tayyorlanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2002-yil 26-apreldagi 144-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-noyabr,
PQ-721-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-721-son qaroriga 1-ILOVA
Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari
* Oʻzbekiston Respublikasi ulushi yetkazib beruvchilarni soliqlar va bojxona toʻlovlaridan ozod qilish shaklida amalga oshiriladi.
** Shulardan Oʻzbekiston Respublikasining ulushi 120 ming AQSh dollari ekvivalentida pulsiz shaklda amalga oshiriladi (semenarlar uchun xonalar, maslahatchilar uchun ofislar taqdim etish, maʼmuriy va kutilmagan xarajatlar).
Yakuniy qiymat koʻrsatkichlari shartnomalarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishda xaridlar natijalariga koʻra aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-721-son qaroriga 2-ILOVA
“Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasi boʻyicha OTB qarzini uzish jadvali
* Toʻlov summalari LIBOR stavkasining oʻzgarishidan va qarzlarning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib aniqlanadi.
** Foiz stavkasi taxminan yillik 5,76 foiz hisobida olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-721-son qaroriga 3-ILOVA
“Davlat moliyasini boshqarishni isloh qilish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Muvofiqlashtiruvchi kengash
Kengash aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.