Muborak Ramazon hayitining xalqimiz maʼnaviy hayotidagi oʻrni va ahamiyatini eʼtiborga olib hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Roʻza hayitini dam olish kuni deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi 1992-yil 27-martdagi PF-368-son Farmoniga muvofiq:
1. 2008-yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 1-oktabrga toʻgʻri kelishi haqida Oʻzbekiston musulmonlari idorasining murojaati inobatga olinsin hamda mamlakatimizda bayram sifatida keng nishonlansin.
2. Respublika “Nuroniy”, “Mahalla” jamgʻarmalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati va boshqa barcha mutasaddi idora va jamoat tashkilotlari Ramazon hayitining joylarda tartibli va yuqori darajada, xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda oʻtishi uchun tegishli tadbirlarni amalga oshirsin.
3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 26-sentabr,
PQ-967-son