Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) Hukumati tomonidan Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarga beriladigan mablagʻlardan foydalangan holda moliyalashtiriladigan “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK passajir lokomotivlari parkini yangilash. Passajir elektrovozlarini xarid qilish” (keyingi oʻrinlarda loyiha deb yuritiladi) investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK hamda CSR “Chjuchjou elektrovozsozlik kompaniyasi” (XXR) oʻrtasida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK passajir lokomotivlari parkini yangilash. Passajir elektrovozlarini xarid qilish” loyihasini amalga oshirish doirasida 15 ta passajir elektrovozlarini yetkazib berish boʻyicha 73,8 mln. AQSh dollari miqdorida shartnoma tuzildi.
2. Belgilansinki, mazkur shartnomani moliyalashtirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
shartnoma qiymatining 5 foizi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK shaxsiy mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
shartnoma qiymatining 95 foizi XXR Eksimbanki tomonidan 5 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, 20 yil muddatga beriladigan qarz mablagʻlarini qayta moliyalash yoʻli bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki krediti hisobidan toʻlanadi.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy bankining krediti boʻyicha qarz oluvchi, shuningdek kredit mablagʻlaridan maqsadli foydalanish va loyihani samarali amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan ijro etuvchi agentlik hisoblanadi;
asosiy qarzni uzish, kredit xizmati boʻyicha foizlar, komissiyalar va boshqa xarajatlarni toʻlash “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
loyihaning TIAsi asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan 1-ilovaga muvofiq;
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini, kredit boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy banki belgilangan tartibda roʻyxatga olingan shartnoma asosida mazkur loyihani moliyalash uchun:
XXR Eksimbanki bilan yakka tartibdagi qarz bitimini;
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK bilan XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini qayta moliyalash boʻyicha kredit shartnomasini tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga belgilangan tartibda XXR Eksimbanki oldida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar milliy bankining toʻlov majburiyatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi nomidan kafolat berish vakolati berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi kafolati boʻyicha yakka tartibdagi qarz bitimida nazarda tutilgan shaklda yuridik xulosa bersin.
8. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK mazkur loyihani amalga oshirish doirasida import qilinadigan mahsulotlar boʻyicha bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari), shuningdek CSR “Chjuchjou elektrovozsozlik kompaniyasi” (XXR) kompaniyasi tomonidan bajariladigan ishlar (xizmatlar) boʻyicha qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod etilsin.
Etkazib beriladigan passajir elektrovozlariga kafolat va servis xizmati koʻrsatish davrida CSR “Chjuchjou elektrovozsozlik kompaniyasi” (XXR) kompaniyasi tomonidan olib kelinadigan jihozlar va uskunalar vaqti-vaqti bilan bojxona toʻlovlari toʻlanmasdan, vaqtinchalik olib kirish rejimida saqlanishiga ruxsat etilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarning kirish vizalari konsullik va boshqa yigʻimlar undirib olinmasdan belgilangan tartibda rasmiylashtirib berilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” DAK talabnomalariga koʻra, loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalar berish va ularning muddatini uzaytirish, shuningdek xorijiy mutaxassislarning yashash joyida vaqtincha roʻyxatda turish va uning muddatini uzaytirishni davlat boji undirib olinmasdan taʼminlasin.
11. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 5-noyabr,
PQ-993-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-noyabrdagi PQ-993-son qaroriga 1-ILOVA
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” DATK passajir lokomotivlari parkini yangilash. Passajir elektrovozlarini xarid qilish” loyihasining TIAsi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 5-noyabrdagi PQ-993-son qaroriga 2-ILOVA
XXR Eksimbanki qarz mablagʻlarini uzish, kredit boʻyicha foizlar va komissiyalarni toʻlash
* kreditni tanlash davri prognoz hisoblanib, tovarni amalda yetkazib berish va moliyalashtirishning boshlanishiga bogʻliq boʻladi.