PF-327-son Farmon · 05.02.1992

Oʻzbekiston Axborot agentligi (OʻZTAG)ni - Oʻzbekiston milliy axborot agentligi (OʻZA)ga aylantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-327
  • Qabul qilingan sana:05.02.1992
  • Kuchga kirgan sana:05.02.1992
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 4

“Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida” va “Ommaviy axborot vositalari haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq hamda Oʻzbekiston Axborot agentligini qayta tashkil etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Axborot agentligi (OʻzTAG) — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi (OʻzA)ga aylantirilsin.

2. OʻzAagentligi Oʻzbekiston Axborot agentligining toʻla huquqli vorisi deb hisoblansin hamda uning faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari:

— mustaqil Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining jumhuriyat ichki va tashqi siyosati, davlat hokimiyati va boshqaruv idoralarining faoliyati haqidagi axborot olish huquqlarini taʼminlash;

— Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy bayonotlari va axborotlarini tarqatish;

— mustaqil davlatlarning, xorijiy mamlakatlarning davlat hokimiyati va boshqaruv idoralari, ommaviy axborot vositalariga Oʻzbekiston Respublikasining ichki hamda tashqi siyosatiga doir, mintaqaga xos ijtimoiy-siyosiy va boshqa voqealar xususida axborot materiallari berish;

— Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini ogʻishmay amalga oshira borib, jumhuriyat iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy turmushidagi voqealarni haqqoniy va oshkora yoritish, respublika aholisini bir-birlariga nisbatan teng va hurmat bilan munosabatda boʻlish, xalqlar oʻrtasida totuvlik, doʻstlik va tinchlikni mustahkamlash ruhida tarbiyalash;

— mustaqil davlatlar va xorijiy mamlakatlarda oʻzining axborot markazlarini, muxbirlar manzilgohlarini tashkil etish, xorijiy agentliklar hamda boshqa ommaviy axborot vositalari bilan bitimlar tuzish asosida barcha turdagi axborotlarni toʻplash va tarqatish masalalari yuzasidan xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyishdan iborat qilib belgilansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddat ichida ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 5-fevral,

PF-327-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.