PF-3052-son Farmon · 16.04.2002

Toshkent davlat konservatoriyasini Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-3052
  • Qabul qilingan sana:16.04.2002
  • Kuchga kirgan sana:16.04.2002
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 4-5

Mamlakatimizda professional musiqa sanʼatini yanada rivojlantirish, xalqimizning boy madaniy merosini asrab-avaylash, chuqur oʻrganish va tahlil etish, ilmiy-nazariy tadqiqotlar olib borish, musiqiy taʼlimning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda zamon talablari darajasida malakali mutaxassis kadrlar tayyorlashni taʼminlash, soha taraqqiyoti uchun lozim boʻlgan shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Bastakorlar uyushmasi, atoqli sanʼat namoyandalari va keng jamoatchilikning Toshkent davlat konservatoriyasini Oʻzbekiston davlat konservatoriyasiga aylantirish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi musiqiy taʼlimning barcha yoʻnalishlari boʻyicha tayanch oliy oʻquv yurti deb hisoblansin.

2. Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi binolar majmuidan samarali foydalanish maqsadida Madaniyat ishlari vazirligiga qarashli Direksiya va uning tarkibida konservatoriyaning konsert zallarini oʻz ichiga olgan “Musiqa saroyi” tashkil etilsin.

3. Madaniyat ishlari vazirligi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasining yangi tuzilmasi, Nizomi, uning tarkibida Estrada sanʼati fakulteti, Iqtidorli bolalar akademik litseyi, Ilmiy-tadqiqot markazi, “Musiqa” nashriyoti va boshqa boʻlinmalarini tashkil etish bilan bogʻliq meʼyoriy hujjatlarni bir hafta muddatda ishlab chiqsin.

4. Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda ushbu Farmon ijrosi yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

5. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Prezidentning Davlat maslahatchisi X. Sultonovga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2002-yil 16-aprel,

PF-3052-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.