PQ-1231-son Qaror · 20.11.2009

Respublika isteʼmol bozorini ayrim maktab buyumlari bilan toʻldirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1231
  • Qabul qilingan sana:20.11.2009
  • Kuchga kirgan sana:20.11.2009
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 11

Kadrlar tayyorlash milliy dasturi talablariga va belgilangan taʼlim standartlariga muvofiq respublika taʼlim muassasalari oʻquvchilarining yuqori sifatli maktab daftarlari, kundaliklar va rasm chizish albomlariga boʻlgan ehtiyojlarini yanada toʻliqroq taʼminlash, shuningdek maktab-yozuv buyumlari ishlab chiqarayotgan mamlakat poligrafiya korxonalarini texnik va texnologik qayta jihozlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. 2010 – 2014-yillar davrida poligrafiya faoliyati bilan shugʻullanayotgan yuridik shaxslar Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va maktab daftarlari, kundaliklar hamda rasm chizish albomlari tayyorlashda foydalaniladigan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va qogʻoz xomashyosini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha import qilishda bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi mazkur qarorga muvofiq bojxona toʻlovlari imtiyozlari qoʻllanilgan holda maktab daftarlari, kundaliklar va rasm chizish albomlari ishlab chiqarish uchun respublikaga keltiriladigan texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va qogʻoz xomashyosining maqsadli ishlatilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)

Belgilansinki, import qilinadigan tovarlardan maqsadga xilof ravishda foydalanish hollarida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq organlari taqdimnomasiga koʻra bojxona toʻlovlarining tegishli summasi bojxona organlari tomonidan budjetga undirilib olinadi.

3. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov zimmalariga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2009-yil 20-noyabr,

PQ-1231-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.