PF-464-son Farmon · 28.08.1992

Oʻzbekiston Respublikasi havo transportining xavfsizligini taʼminlash choralari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-464
  • Qabul qilingan sana:28.08.1992
  • Kuchga kirgan sana:28.08.1992
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 10

Fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi va osmon boʻshligʻidan foydalanish haqidagi Davlatlararo Bitimni Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshirish, havo transportining xavfsizligini taʼminlash, aviatsiyasi texnikasining pishiq-puxtaligini va uning xalqaro bozordagi raqobatchilik qobiliyatini yanada oshirish maqsadida qaror qilaman:

1. Belgilab qoʻyilsinki, aviatsiya xodimlarini, xalqaro va toifalashtirilgan aerodromlarni, ularning uskunalarini sertifikatlash masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonun akti qabul qilingungacha aviatsiya texnikasini ishlatuvchilar, ishlab chiquvchilar va tayyorlovchilar, shuningdek fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi va osmon boʻshligʻidan foydalanish haqidagi Bitimda qatnashuvchi davlatlarning Kengashi amalda joriy etadigan qoidalarga amal qiladilar.

2. Ikki va undan koʻproq davlatlarning manfaatlariga daxl qiladigan aviatsiya hodisalarini nazorat tariqasida taftish etish, havo kemalarini, aviatsiyasi texnikasini ishlab chiquvchilar va tayyorlovchilarni, xalqaro yoʻllarda tashiydigan ishlatuvchilarni, shuningdek xalqaro va toifalashtirilgan aerodromlar hamda ularning uskunalarini sertifikatlash tegishli hujjatlar berilib Oʻzbekiston Respublikasining hududida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyanomalarini hisobga olib va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga rioya etgan holda Davlatlaro aviatsiya Komiteti tomonidan oʻtkaziladi.

3. Fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisida va osmon boʻshligʻidan foydalanish haqida 1991-yil dekabr oyida Minsk shahrida qabul qilingan Bitimda qatnashuvchi davlatlarning Kengashida quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining muxtor vakillari etib tasdiqlansin:

— “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasining Bosh direktori;

— V.P. Chkalov nomli Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasining Bosh direktori;

— Oʻzbekiston Respublikasi harbiy havo kuchlarining qoʻmondoni.

4. Oʻzbekiston Respublikasining hukumati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va rayonlarning hokimliklari, korxonalar va tashkilotlar aviatsiya hodisalarini taftish qilish va ularning oqibatlarni tugatish chogʻida Davlatlararo aviatsiya komitetiga zarur yordam va koʻmak bersinlar.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 28-avgust,

PF-464-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.