Ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish masalalarini hal qilishga xotin-qizlarni keng jalb etish, ularning davlat va jamiyatni boshqarishdagi ishtirokini kengaytirish, oila, onalik va bolalikning ijtimoiy muhofaza etilganligini kuchaytirish, shuningdek vazirliklar, idoralar, hududiy boshqaruv organlari va jamoat tashkilotlarining ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari yangi lavozimi joriy etilsin, uning zimmasiga xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi rolini yanada oshirish bilan bogʻliq masalalarni boshqarish yuklansin. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi ayni paytda Bosh vazirning oʻrinbosari etib tayinlanadi.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining oʻrinbosari, hokimlarning oʻrinbosarlari lavozimlarini joriy etsinlar. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur lavozimlarni tegishli xotin-qizlar qoʻmitalarining raislari egallaydilar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 25-maydagi PF-3434-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2004-y., 21-son, 251-modda)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi joriy etiladigan lavozimlarni va ishchi organlarni taʼminlash uchun zarur mablagʻlar ajratsin.
5. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Mutalov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 2-mart,
PF-1084-son