PF-4306-son Farmon · 17.05.2011

“Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4306
  • Qabul qilingan sana:17.05.2011
  • Kuchga kirgan sana:17.05.2011
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости палат Олий Мажлиса 5

Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligini nishonlash hamda davlatimiz mustaqilligi, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-taʼlim, madaniy, maʼnaviy salohiyati va mudofaa qudratini mustahkamlash, sarhadlarimizning xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash, mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiyalash, Vatanimizning munosib yosh avlodini tarbiyalash ishiga salmoqli hissa qoʻshgan yurtdoshlarimizni taqdirlash maqsadida:

1. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni taʼsis etilsin.

2. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishonining nizomi va tavsifi 1, 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Sh. Mirziyoyev) bir oy muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishonlari va guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlanishini taʼminlasin.

4. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2011-yil 17-may,

PF-4306-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-maydagi PF–4306-sonli Farmoniga 1-ILOVA

“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni toʻgʻrisidagi

1. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan davlatimiz mustaqilligi, iqtisodiy, siyosiy, ilmiy-taʼlim, madaniy, maʼnaviy salohiyati va mudofaa qudratini mustahkamlash, uning sarhadlari xavfsizligi va daxlsizligini taʼminlash, mamlakatimizni demokratik yangilash va modernizatsiyalash, Vatanimizning munosib yosh avlodini tarbiyalash ishida fidokorlik namunalarini koʻrsatayotgan ziyolilar, fan va sanʼat arboblari, ishchi va xizmatchilar, tadbirkorlar, fermerlar, mehnat faxriylari, harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari va boshqa shaxslar taqdirlanadilar.

2. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni bilan ushbu Nizomning birinchi bandida koʻrsatilgan xizmatlari uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.

3. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi, viloyatlar, shahar va tuman hokimlari tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

Mukofotlanganlarga esdalik nishoni bilan birga belgilangan shakldagi guvohnoma beriladi.

4. “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni koʻkrakning chap tomoniga davlat mukofotlaridan keyin taqiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 17-maydagi PF–4306-sonli Farmoniga 2-ILOVA

“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni

“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligiga 20 yil” esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikdagi oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi, u diametri 34 millimetrli doira shakliga ega.

Esdalik nishonining old tomonida taralayotgan quyosh nurlari fonida Mustaqillik maydonidagi Ezgulik arkasiga oʻrnatilgan turnalar shakli tasvirlangan, uning quyi qismida yer shari tasviri tushirilgan boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasi xaritasi aks ettirilgan. Esdalik nishonining yuqori qismining markazida Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining yubiley sanasini anglatuvchi “20 YIL” degan yozuv berilgan.

Esdalik nishonining aylanasi boʻylab “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGIGA 20 YIL” soʻzlari yozilgan boʻlib, ikki chekkasidan sakkiz qirrali yulduz bilan chegaralangan.

Esdalik nishonining old tomonidagi “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGIGA 20 YIL” soʻzlarining foni qizil emal bilan, taralayotgan quyosh nurlari, turnalar va yer shari aks etgan qismidagi fon moviy rang emal bilan qoplangan.

Esdalik nishonining orqa tomonida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan, pastki qismining markazida “2011” yozuvi qayd etilgan.

Tasvirlar va yozuv qabariqdir.

Esdalik nishonining qirralari gardish bilan hoshiyalangan.

Esdalik nishoni halqacha va ilgakcha yordamida ustki qismiga eni 20 millimetrli moviy-zangori rangdagi ipak lenta oʻralgan toʻgʻri toʻrtburchak shaklidagi qadagʻich (kolodka) bilan tutashtiriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.