PF-648-son Farmon · 13.09.1993

1993-yilning 1-sentabridan mehnat haqi, pensiyalar va stipendiyalarning miqdorini oshirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-648
  • Qabul qilingan sana:13.09.1993
  • Kuchga kirgan sana:13.09.1993
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 9

Oʻzbekiston Respublikasi aholisining, xususan kam daromadli shaxslarning, pensionyerlar va talabalarning ijtimoiy kafolatlarini yanada taʼminlash maqsadida:

1. 1993-yilning 1-sentabridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining hududida:

— ish haqining eng oz miqdori oyiga 13.500 soʻm qilib belgilanib, ish haqi oʻrtacha 1,2 baravar oshirilsin;

— fuqarolarning soliq olinmaydigan daromadlarining eng past darajasi oyiga 13.500 soʻm miqdorida;

— mehnat pensiyasining eng oz miqdori oyiga 14.625 soʻm qilib belgilansin, hozirgi vaqtda amalda boʻlgan barcha turdagi pensiyalarning miqdorlari 1,2 baravar oshirilsin.

2. Oliy oʻquv yurtlari talabalarining, texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilarining stipendiyalari 1,2 baravar koʻpaytirilsin, shu bilan birga talabalarning oshxonalari va bufetlarida tushlik ovqatlarning qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.

3. Budjetdan pul bilan taʼminlanadigan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimlari, tashkilotlar va muassasalar ushbu Farmonda belgilangan eng oz ish haqi miqdoriga asoslanib, mehnatga haq toʻlash boʻyicha yagona tarif setkasi razryadlariga muvofiq xodimlarning mansab okladlari oʻz vaqtida qaytadan hisoblab chiqilishini taʼminlasinlar.

4. Oʻzbekiston Respublikasining Ijtimoiy taʼminot vazirligi mazkur Farmonga muvofiq pensiyalarning miqdorlari qaytadan hisoblab chiqilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasining Moliya vazirligi budjetdan taʼminlanadigan muassasalar va tashkilotlar xodimlarining ish haqini, pensiyalar va stipendiyalarni oshirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni pul bilan taʼminlash manbalarini aniqlasin.

6. Mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, xoʻjalik hisobidagi korxonalar va tashkilotlarga mazkur Farmonga muvofiq daromad manbalarini qidirib topishiga qarab, daromad manbalari vaqtincha yetishmay qolgan taqdirda esa bank muassasalari aniq maqsadni koʻzlab beradigan kreditlar hisobidan mehnat haqini oshirish tavsiya qilinsin.

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 26-maydagi PF-854-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1994-y., 6-son, 179-modda)

8. Ushbu Farmon bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1993-yil 13-sentabr,

PF-648-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.