PQ-1515-son Qaror · 31.03.2011

“Qalmoqir konini kengaytirish va rekonstruksiya qilish” investitsiya loyihasining 2-bosqichini tezkor amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-1515
  • Qabul qilingan sana:31.03.2011
  • Kuchga kirgan sana:31.03.2011
  • Holati:Amalda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qalmoqir konini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2009-yil 23-noyabrdagi PQ-1233-son qaroriga muvofiq hamda “Olmaliq KMK” ochiq aksiyadorlik jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga jahon bozorlarida vujudga kelayotgan konyunkturani hisobga olgan holda Qalmoqir konini kengaytirish ishlarini jadallashtirish maqsadida:

1. “Qalmoqir konini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida:

“Olmaliq KMK” OAJ loyihaning I bosqichini (karerni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish) 2011-yilning I yarim yilligida ishlarni yakunlagan holda muddatidan oldin amalga oshirishni taʼminlasin;

loyihaning I bosqichini amalga oshirish yakunlarini hisobga olgan holda belgilangan tartibda loyihaning umuman va II bosqichning (karerni kengaytirish va ruda qazib olishni koʻpaytirish) tuzatilgan texnik-iqtisodiy asoslanishi tayyorlandi.

2. Umumiy qiymati 43,84 mln AQSH dollari ekvivalenti boʻlgan “Qalmoqir konini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” loyihasining II bosqichini amalga oshirishni moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

“Olmaliq KMK” OAJning 14,27 mln AQSH dollariga teng boʻlgan oʻz mablagʻlari, shu jumladan maxsus investitsiya hisob raqamlari mablagʻlari;

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka banki orqali qayta moliyalashtiriladigan 22,99 mln AQSH dollari miqdoridagi, 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yil imtiyozli davr bilan yillik 4,0 foiz stavkada, shu jumladan qayta moliyalashtiruvchi bankning yillik 1,0 foiz miqdoridagi marjasini hisobga olgan holda beriladigan krediti mablagʻlari;

“Ipoteka-bank” aksiyadorlik tijorat ipoteka bankining yillik 6,0 foiz stavkasi bilan 7 yil muddatga, shu jumladan 2 yil imtiyozli davr bilan ajratiladigan 6,57 mln AQSH dollari miqdoridagi krediti mablagʻlari.

3. Quyidagilar:

asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1* va 1a-ilovalarga* muvofiq boʻlgan, II bosqichda (“Ruda qazib olishni 30 mln tonnagacha koʻpaytirgan holda rudnikni kengaytirish”) amalga oshirilayotgan “Qalmoqir konini rekonstruksiya qilish va kengaytirish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishi;

* 1 va 1a-ilovalar berilmaydi.

II bosqichda qayta moliyalashtiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditini soʻndirishning prognoz jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 2-ilova berilmaydi.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin..

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2011-yil 31-mart,

PQ-1515-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.