PF-2176-son Farmon · 13.01.1999

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitani tashkil qilish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-2176
  • Qabul qilingan sana:13.01.1999
  • Kuchga kirgan sana:13.01.1999
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 1

[Koʻchirma]

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq, Davlat chegaralarini himoya qilish va qoʻriqlashning samarali tizimini tashkil etish, Oʻzbekiston Respublikasi chegara qoʻshinlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash maqsadida:

1. Chegara qoʻshinlari Bosh shtabi negizida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita tashkil etilsin va u bevosita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysundirilsin.

Chegara qoʻshinlari Milliy xavfsizlik xizmati tarkibidan chiqarilsin va ular Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita tarkibiga kiritilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita davlat boshqaruvining markaziy organi hisoblanib, chegaraga doir siyosatni amalga oshirishni, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qilish va qoʻriqlashni tashkil etishni taʼminlaydi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitaning eng muhim vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari deb quyidagilar belgilansin:

Davlat chegaralarini ishonchli himoya qilish va qoʻriqlash, qurollangan dushman tuzilmalarining mamlakat hududiga oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik;

chegara qoʻshinlarining xizmat, jangovor va tezkor faoliyatlari ustidan samarali rahbarlik va boshqarishni, ularning mamlakat hududiy yaxlitligi va chegaralari buzilmasligini himoya qilishga tayyor turishlarini tashkil etish va taʼminlash;

shaxsiy tarkibni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning taʼsirchan tizimini yaratish, ularda oʻz oldilariga qoʻyilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishlari uchun zarur yuqori darajadagi jangovor, maʼnaviy-ruhiy sifatlarni shakllantirish;

Davlat chegaralarini qoʻriqlash masalalarida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, boshqa vazirliklar, idoralar, joylardagi davlat hokimiyat organlari bilan ishlarning aniq muvofiqlashtirilishini va bahamjihat harakatini taʼminlash;

ehtimol tutilgan jangovor harakatlar zonalarida vaziyatlarning xarakteri, xususiyatlari va ular rivojlanishining ehtimol tutilgan variantlarini chuqur tahlil etish va oldindan aniqlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Bosh shtabi bilan birgalikda chegara qoʻshinlarining tarkibi, tuzilmasi, soni va joylashuvining, ularni zamonaviy qurol-yarogʻ turlari bilan, harbiy texnika va chegarani qoʻriqlashning maxsus vositalari bilan taʼminlashning eng maqbul variantlarini modellashtirish;

Davlat chegaralarini himoya qilish va qoʻriqlash manfaatlari yoʻlida boshqa davlatlarning tegishli chegara idoralari, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish.

4. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita oʻz zimmasiga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega:

oʻz vakolati doirasida Davlat chegaralarining ishonchli tarzda himoya qilinishi va qoʻriqlanishini taʼminlashga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarni qabul qilish;

chegara qoʻshinlari oʻz zimmalariga yuklangan vazifalarni bajarishlari uchun zarur axborotni vazirliklar, idoralar, muassasalardan, joylardagi davlat hokimiyati organlaridan, mansabdor shaxslardan talab qilib olish;

Oʻzbekiston Respublikasining chegara qonunchiligini buzish faktlari boʻyicha davlat organlariga, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga taqdimnomalar kiritish;

xalqaro huquq normalariga muvofiq chegara masalalari boʻyicha belgilangan tartibda xalqaro bitimlar tuzish.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmitaning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari vazirliklar, idoralar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan ijro etish uchun majburiy ekanligi belgilab qoʻyilsin.

6. 14-yanvar Oʻzbekiston Respublikasi Chegara qoʻshinlari kuni etib belgilansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegaralarini himoya qiluvchi qoʻmita faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1999-yil 13-yanvar,

PF-2176-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.