Oliy taʼlim tizimi professor-oʻqituvchilar tarkibining Kadrlar tayyorlash boʻyicha Milliy dasturda koʻzlangan maqsadlarni amalga oshirishda tutgan oʻrni, ularning bilimdon, kasb jihatidan yaxshi tayyorlangan, zamonaviy fikrlaydigan, oʻzining shaxsiy fikriga ega boʻlgan fuqarolarni — Oʻzbekiston vatanparvarlarini tarbiyalashdagi yuksak masʼuliyatini hisobga olgan holda, shuningdek, oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilari mehnatini yanada ragʻbatlantirish maqsadida:
1. 1999-yil 1-sentabrdan oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilar tarkibining maoshi mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining razryadlariga binoan, bir razryad yuqori koʻtarish hisobiga oshirilishi belgilab qoʻyilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Mehnat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda, 1999-yil 10-avgustga qadar boʻlgan muddatda professor-oʻqituvchilar tarkibining yangi maoshlarini koʻrib chiqsin va tasdiqlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmonning ijrosi bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarga budjet mablagʻlari ajratilishini koʻzda tutsin.
4. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari B. Hamidov va H. Karomatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-iyul,
PF-2341-son