PF-447-son Farmon · 27.07.1992

“Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasini tashkil qilish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-447
  • Qabul qilingan sana:27.07.1992
  • Kuchga kirgan sana:27.07.1992
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 9

Oʻzbekistonda jahon meʼyorlariga muvofiq keladigan sayyohlik tizimini vujudga keltirish, bu sohani boshqarishni takomillashtirish, uning iqtisodiy samaradorligini oshirish maqsadida, shuningdek sobiq Ittifoqqa boʻysunuvchi turistik korxonalar va muassasalar respublikaning huquqiy tasarrufiga oʻtganligi munosabati bilan:

1. Oʻzbekistonda Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi turizm va ekskursiyalar Respublika Kengashining, “Sputnik” Xalqaro yoshlar turizmi Byurosining “Intur-Toj” qoʻshma korxonasining, respublika xoʻjalik hisobidagi “Sayyohintur” birlashmasining sobiq SSSR Davlat chet el turizmi komiteti korxonalarining shular negizida “Oʻzbekturizm” Milliy kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Quyidagilar “Oʻzbekturizm” faoliyatining bosh vazifalari va yoʻnalishlari etib belgilansin:

turizm sohasida respublikaning yagona siyosatini amalga oshirish;

turizmning xoʻjalik tarmoqlari majmuini rivojlantirish;

turizmning barcha turlarini rivojlantirish uchun huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarni hamda shart-sharoitlarni vujudga keltirish;

turistik markazlaridan oqilona foydalanish, xorijiy sarmoyalarni jalb etish yoʻli bilan zamonaviy turistik komplekslarni barpo etish;

ekskursiyalar uchun tarixiy meʼmorchilik inshootlarini taʼmirlash;

yirik ajnabiy firmalar va kompaniyalar bilan birga qoʻshma turistik xizmatlar va korxonalarni tashkil etish;

jahon bozorida talab qilinayotgan yangi turistik marshrutlar va xizmatlarning turlarini tatbiq qilish;

turizm tarmoqlari uchun kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash;

Oʻzbekiston hududida ish yurituvchi barcha mulkchilik shaklidagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga turizm sohasida shugʻullanish huquqini beradigan sertifikatlarni topshirish hamda ular faoliyatini nazorat qilish;

tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish;

oʻzining ishlab chiqarish va tijorat tuzilmasini tashkil qilish;

chet ellardagi oʻz vakolatxonalari va byurolari orqali respublikaning turizm sohasidagi gʻoyat katta imkoniyatlarini reklama qilish.

3. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasi Oʻzbekiston hududida turizm sohasidagi yagona siyosat ishlab chiqilib, amalga oshirilishini taʼminlaydigan muvofiqlashtiruvchi bosh organ deb hisoblansin.

Vazirlar Mahkamasi 10 kun muddat ichida ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga doir tashkiliy chora-tadbirlarini koʻzda tutuvchi qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 27-iyul,

PF-447-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.