Birjalar faoliyatini takrorlashga barham berish, unga bir tomonlama yondashuvga yoʻl qoʻymaslik va ularning faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlash, shuningdek bozor tarmoqlari majmuini rivojlantirishga, xoʻjalik aloqalarini yanada mustahkamlashga, respublikani isteʼmol mollari va moddiy-texnika resurslari bilan toʻldirishga birjalar qoʻshadigan hissani koʻpaytirish maqsadida:
1. Respublika hududida birja faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Birjalar kengashi tuzilsin. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur Kengash hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan birjalarning raislaridan tashkil topadi.
2. Birjalarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi zimmasiga yuklansin. Shu narsa belgilansinki, respublika hududida yangidan tashkil etiladigan birjalar 1-bandda koʻrsatilgan Birjalar kengashi bilan kelishib olinganidan keyingina roʻyxatdan oʻtkaziladi.
3. Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni roʻyobga chiqarishga oid tashkiliy tadbirlarni amalga oshirsin va bir oy muddat ichida “Oʻzbekiston Respublikasida birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining muhokamasiga taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 27-dekabr,
PF-303-son