PF-309-son Farmon · 07.01.1992

Oʻzbekiston Respublikasi televideniye va radioeshittirish davlat komitetini Oʻzbekiston davlat teleradioeshittirish kompaniyasiga aylantirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-309
  • Qabul qilingan sana:07.01.1992
  • Kuchga kirgan sana:07.01.1992
  • Rasmiy nashr:Ведомости Верховного Совета 2

“Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida” va “Ommaviy axborot vositalari haqida” Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Televideniye va radioeshittirish davlat komitetini qayta tashkil etish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Televideniye va radioeshittirish davlat komiteti Oʻzbekiston Davlat teleradioeshittirish kompaniyasiga aylantirilsin.

2. Oʻzbekiston Davlat teleradioeshittirish kompaniyasi Televideniye va radioeshittirish davlat komitetining huquqiy vorisi deb hisoblansin hamda yangi faoliyatining quyidagi asosiy vazifalari va yoʻnalishlari belgilansin:

— Mustaqil Oʻzbekiston Respublikasining ichki va tashqi siyosatini targʻib qilish, bunyodkorlik, respublikaning kelajagi manfaatlarini koʻzlab, uning shitob bilan rivojlanishi va ravnaq topishi uchun jamiyatdagi barcha sogʻlom, ijodiy kuchlarni safarbar etish va birlashtirish;

— haqiqat va adolat tantanasini quvvatlash, Oʻzbekistondagi har bir fuqaroning shaʼni, qadr-qimmatini, qonuniy huquqlari hamda erkinligini himoya qilish, millatlararo munosabatlarda osoyishtalik, hamjihatlikni taʼminlashga, doʻstlik va tinchlikni mustahkamlashga xizmat qilish, millatidan, irqiy mansubligidan, gʻoyaviy va diniy eʼtiqodlaridan qatʼi nazar, kishilarni bir-biriga nisbatan teng, hurmat bilan munosabatda boʻlish ruhida tarbiyalash;

— milliy-tarixiy anʼanalarni haqqoniy va xolisona yoritish, respublika aholisini va ayniqsa oʻsib kelayotgan avlodni maʼrifatparvarlik, umuminsoniy qadriyatlarga muhabbat, taʼlimga, madaniyat va huquqiy bilimdonlikka ishtiyoq ruhida tarbiyalash;

— respublikaning iqtisodiy va madaniy turmushidagi voqealarni, muammolarni amaliy tarzda tahlil etish, kamchiliklarni tanqid qilish, ilgʻorlar tajribasini qoʻllab-quvvatlash va ommalashtirish, intizom va tartibni mustahkamlashga, ishlab chiqarishda ijodiy tashabbuskorlikni keng yoyishga, fan va texnika sohasida taraqqiyotni jadallashtirishga, xoʻjalik yuritishning yangi iqtisodiy usullarini joriy etishga koʻmaklashish;

— xalqaro hayotni yoritish, davlatlararo va tashqi iqtisodiy aloqalarni, shuningdek xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni mustahkamlash, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatish ishida faollik koʻrsatish.

3. Iqtisodiy manfaatdorlikni oshirish, ijodiy raqobatni qaror toptirish maqsadida Oʻzbekiston Davlat televideniyesida tijorat asosida ishlaydigan ikkinchi umumrespublika kanali ochilsin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmonni bajarish yuzasidan bir oy muddat ichida tegishli qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1992-yil 7-yanvar,

PF-309-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.