PF-2708-son Farmon · 29.08.2000

Jaloliddin Manguberdi ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-2708
  • Qabul qilingan sana:29.08.2000

Vatan sarhadlarini, ona yurtimiz tuprogʻini, mamlakatimiz mustaqilligini himoya qilish va uni koʻz qorachigʻiday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunasini koʻrsatgan, davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan qoʻmondonlik tarkibiga kiruvchi harbiy xizmatchilarni taqdirlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasining Jaloliddin Manguberdi ordenini taʼsis etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin (Jaloliddin Manguberdi ordeni toʻgʻrisidagi Nizom va uning tavsifi ilova qilinadi).

2. Belgilab qoʻyilsinki, Jaloliddin Manguberdi ordeni Oʻzbekiston Respublikasining oliy harbiy mukofoti hisoblanadi.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasiga muvofiq ushbu Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga kiritilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2000-yil 29-avgust,

PF-2708-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2000-yil 29-avgustdagi PF-2708-sonli Farmoniga 1-ILOVA

JALOLIDDIN MANGUBERDI ORDENI TOʻGʻRISIDA

1. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan Vatan sarhadlarini, ona yurtimiz tuprogʻini, mamlakatimiz mustaqilligini himoya qilishda, uni koʻz qorachigʻiday asrashda yuksak harbiy mahorat, qahramonlik va jasorat namunasini koʻrsatgan, davlatimizning mudofaa qudratini mustahkamlashga ulkan hissa qoʻshgan qoʻmondonlik tarkibiga kiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari mukofotlanadilar.

2. Jaloliddin Manguberdi ordeni Oʻzbekiston Respublikasining oliy harbiy mukofoti hisoblanadi.

3. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi taqdimnoma mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralarining respublika organlari rahbarlari tomonidan kiritiladi.

4. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mukofotlaydi. Orden bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmon ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan mukofotlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.

5. Jaloliddin Manguberdi ordeni va mukofotlash toʻgʻrisidagi tegishli hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoki uning nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tantanali va oshkoralik vaziyatida topshiriladi.

6. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan taqdirlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi va ular Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan imtiyozlardan foydalanadilar.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-dekabrdagi PF-5894-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son)

7. Jaloliddin Manguberdi ordeni koʻkrakning oʻng tomoniga taqib yuriladi.

8. Jaloliddin Manguberdi ordeni bilan marhum shaxs taqdirlangan holda orden, mukofotlash toʻgʻrisidagi hujjat va bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti uning oila aʼzolariga topshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining2000-yil 29-avgustdagi PF-2708-sonli Farmoniga 2-ILOVA

“JALOLIDDIN MANGUBERDI” ORDENI

“Jaloliddin Manguberdi” ordeni 925-probali kumushdan tayyorlanadi, u kumushrang qirrali nurlar taraluvchi beshburchak shaklga ega. Beshburchakni oʻz ichiga olgan doira diametri — 55,0 millimetr.

Orden markazida oq hoshiya oʻrab turgan aylana boʻylab Jaloliddin Manguberdining nurlar taralib turgan fondagi tillarang qabariq tasviri tushirilgan. Uning ortidagi fon zangori rangli emal bilan qoplangan.

Hoshiya yuqorisida doira boʻylab “Jaloliddin Manguberdi” soʻzlari yozilgan. Hoshiyaning tashqi diametri — 35,0 millimetr.

Hoshiyaning pastki qismida yashil emal bilan qoplangan ikkita dafna shoxlari boʻlib, ularning yaproqlari orasida fianit kristallari joylashtirilgan.

Hoshiya yuqorisidagi markaz boʻylab tillarang mussaman joylashtirilgan boʻlib, u diametri 8 millimetrli doirani egallaydi.

Ordenning orqa tomoni botiqdir. Uning markazida qadash uchun moʻljallangan gaykali shtift bor.

Pastki qismida orden raqami 1,0 millimetr kattalikdagi botiq shrift bilan yozilgan.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.