PF-1027-son Farmon · 23.12.1994

“Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi nizom”ni amalga kiritish haqida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-1027
  • Qabul qilingan sana:23.12.1994
  • Kuchga kirgan sana:23.12.1994
  • Rasmiy nashr:Ведомости Олий Мажлиса 4

“Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek jamoat tartibini va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini joriy etish bilan bogʻliq chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1992-yil 13-noyabrda chiqargan 533-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari uchun pasportlarining blanklarini tayyorlash borasidagi tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. “Xorijiy shaxslarga, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasida yashash uchun guvohnoma va fuqaroligi boʻlmagan shaxs guvohnomasi toʻgʻrisidagi Nizom” tasdiqlansin (2-ilova).

4. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom” amalga kiritilsin va 1995-yilning 1-yanvaridan boshlab Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga pasportlar berish, shuningdek bosqichma-bosqich almashtirish taʼminlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining pasportlarini almashtirish 2000-yilning 1-yanvarigacha nihoyasiga yetkazilsin.

Birinchi navbatda 16 yoshga toʻlgan, muddati oʻtib ketgan pasporti boʻlgan, familiyasi, ismi-sharifini yoki millatini oʻzgartirmoqchi boʻlgan taqdirda, shuningdek pasportni yoʻqotgan va chet elga joʻnab ketiladigan hollarda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportini berish koʻzda tutilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarida boʻlgan pasportlarning amal qilishi ularni yangi nusxadagi pasportlarga almashtirishning butun davri mobaynida saqlab qolinsin.

6. “Oʻzbekiston Respublikasida pasport tizimi toʻgʻrisidagi Nizom”ni amalga kiritish boʻyicha respublika komissiyasining tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 3-ilova berilmaydi.

Komissiya zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining pasportlarini berish va almashtirish borasidagi barcha tezkor va joriy masalalarni hal qilish vazifasi yuklansin.

7. Oʻzbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida ushbu Farmonni bajarish yuzasidan tegishli qaror qabul qilsin.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

1994-yil 23-dekabr,

PF-1027-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 65-modda)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1999-yil 26-fevraldagi PF-2240-son Farmoniga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1999-y., 3-son, 65-modda)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.