PF-4732-son Farmon · 12.06.2015

Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-4732
  • Qabul qilingan sana:12.06.2015
  • Kuchga kirgan sana:22.06.2015
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 24

Oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilarining kasb darajasi va malakasini muttasil oshirib borish, ularni zamonaviy talablarga muvofiq muntazam qayta tayyorlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini tubdan oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirishning muhim yoʻnalishlari deb hisoblansin:

oliy oʻquv yurtlari professor-oʻqituvchilarining pedagogik va kasb darajasini muntazam oshirish asosida ularning qonunchilik normalari, nazariya, ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot va oʻqitilayotgan fanlar boʻyicha innovatsiyalar, shuningdek oʻquv jarayonini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohasidagi soʻnggi yutuqlarni chuqur oʻrganish;

yuqori samarali zamonaviy taʼlim va innovatsiya texnologiyalari, ilgʻor xorijiy tajribani keng joriy etgan holda, oliy oʻquv yurtlarining pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha malaka talablari, oʻquv rejalari, dastur va uslublarini tubdan yangilash;

oliy oʻquv yurtlari oʻqituvchilarining global Internet tarmogʻi, multimedia tizimlari va masofadan oʻqitish usullaridan foydalangan holda, zamonaviy innovatsion pedagogika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallashi va ularni oʻquv jarayoniga faol tatbiq etishi;

oliy oʻquv yurtlari pedagog kadrlarining chet tilini amaliy oʻzlashtirish darajasini oshirish va undan oʻz kasb mahorati, pedagogik va ilmiy faoliyatini muttasil oshirib borishi uchun keng foydalanishi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi, oʻz tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan boshqa vazirlik va idoralarning qayta tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish borasida mamlakatimizning ushbu yoʻnalishlarda Doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish ilmiy kengashlari, zarur uslubiy, oʻquv-laboratoriya va axborot-kommunikatsiya vositalari bilan jihozlangan zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega 18 ta yetakchi oliy oʻquv yurti hamda davlat muassasasini oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagogik kadrlarini qayta tayyorlashni tashkil etish boʻyicha Tayanch oliy oʻquv yurtlari sifatida belgilashga doir taklifi 1-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Quyidagilar Tayanch oliy oʻquv yurtlarining asosiy vazifa va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:

qayta tayyorlashning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan oliy oʻquv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarini tashkil etish;

ushbu kurslarda mashgʻulotlarni sifat jihatidan yuqori tashkiliy va professional darajada oʻtkazish uchun zarur oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik bazani shakllantirish;

oliy oʻquv yurtining yetakchi oʻqituvchilarini va Doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilish boʻyicha ilmiy kengash aʼzolarini, shuningdek, mamlakatimizdagi boshqa oliy oʻquv yurtlarining yuqori malakali oʻqituvchilari, xorijiy mutaxassislar, oʻquv-uslubiy xodimlar va amaliyotchi mutaxassislarni shartnoma asosida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻquv mashgʻulotlarini olib borish uchun keng jalb etish;

qayta tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha zarur axborot-maʼlumot bazasini shakllantirish, zamonaviy innovatsion pedagogika, multimedia va axborot- kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va qayta tayyorlash jarayoniga tatbiq etish;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilar uchun ularning ochiq maʼruzalar va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazishi, oʻtilgan darslarning muhokama qilinishi va tanqidiy tahlil etilishiga asoslangan pedagogik amaliyotni tashkil etish;

kurslarning viloyatlardan kelgan tinglovchilariga qayta tayyorlash va malaka oshirish davrida oliy oʻquv yurtlari turar joylaridan joy ajratish boʻyicha choralar koʻrish.

Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha Tayanch oliy oʻquv yurtlari sifatida belgilangan oliy oʻquv yurtlari rektorlari zimmasiga qayta tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yuksak saviyada tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:

idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, mamlakatimiz taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlari uch yilda kamida bir marta doimiy asosda 1-ilovaga muvofiq Tayanch oʻquv yurtlarining doimiy faoliyat koʻrsatadigan kurslarida qayta tayyorlashning tegishli yoʻnalishlari boʻyicha qayta tayyorlanishi va malakasini oshirishi shart;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son)

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish 2-ilovaga muvofiq Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kursi oʻquv rejasining namunaviy tuzilmasi asosida ishlab chiqilgan 288 soatlik maxsus dasturlarning 144 soat hajmi ishdan ajralmagan holda mustaqil malaka oshirish usullari asosida, 144 soati toʻgʻridan-toʻgʻri (bevosita) malaka oshirish shaklida ishdan ajragan holda amalga oshiriladi;

(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-avgustdagi PF-5789-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2019-y., 06/19/5789/3659-son)

kurslar yakunida tinglovchilar har bir Tayanch oliy oʻquv yurtida tashkil etiladigan oliy oʻquv yurti rektori yoki Fan doktori ilmiy darajasini berish boʻyicha ilmiy kengash raisi rahbarligidagi ilmiy kengash aʼzolari, oʻquv-uslubiy ishlar sohasidagi yirik mutaxassislardan tashkil topgan kamida 7 kishidan iborat Attestatsiya komissiyalari tomonidan oʻtkaziladigan attestatsiyadan oʻtadi;

Attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan kurs tinglovchilariga 3-ilovaga muvofiq davlat namunasidagi qatʼiy hisobdorlik hujjati hisoblangan malakaviy attestat beriladi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish yakunlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtolmagan oliy oʻquv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari belgilangan muddatda takroriy qayta tayyorlash va attestatsiyadan oʻtishi shart;

oliy oʻquv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlari takroriy attestatsiyadan oʻtolmagan taqdirda, oliy taʼlim muassasalarida oʻqituvchilik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini yoʻqotadi va ular bilan asosiy ish joyi boʻyicha mehnat shartnomasi bekor qilinadi;

qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqish yakunlariga koʻra, attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan pedagog kadrlar tegishli yoʻnalish boʻyicha boʻsh pedagog lavozimini egallash tanlovidan oʻtishda imtiyozli huquqqa ega boʻladi.

Tayanch oliy oʻquv yurtlarida qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida oʻqiyotgan tinglovchilarning asosiy ish joyida egallab turgan lavozimi va oʻrtacha ish haqi oʻqish davrida saqlab qolinadi.

Oliy oʻquv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha doimiy faoliyat koʻrsatadigan kurslar faoliyati 2015-yilning 1-sentabridan tashkil etilsin.

4. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi 2015-yilning 1-avgustiga qadar oliy oʻquv yurtlarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash kursi oʻquv rejasining tasdiqlangan Namunali tarkibini inobatga olgan holda, oliy oʻquv yurtlari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha yangilangan malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarining ishlab chiqilishi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishini taʼminlasin.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-apreldagi PF-58-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining oliy oʻquv yurtlari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish boʻyicha Tayanch oliy oʻquv yurtlari Attestatsiya komissiyalari raislari lavozim maoshiga 30 foiz miqdorida ustama haq belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Bunda Attestatsiya komissiyalari raislari qayta tayyorlashdan oʻtgan va malaka oshirgan rahbar va pedagog kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazishning sifat darajasiga, qarorlar qabul qilishda xolislik, oshkoralik va prinsipiallik uchun shaxsan javob berishi belgilab qoʻyilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur Farmon ijrosini taʼminlash boʻyicha qaror qabul qilsin va unda quyidagilar koʻzda tutilsin:

Oliy taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash;

oliy oʻquv yurtlari rahbar va oʻqituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlarini tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha Idoralararo komissiyaning shaxsiy tarkibini tasdiqlash;

Tayanch oliy oʻquv yurtlarining oʻquv-uslubiy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnikasi va oʻqitishning texnik vositalari bilan jihozlash choralari.

8. Mazkur Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015-yil 12-iyun,

PF-4732-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi PF-4732-son Farmoniga 1-ILOVA

Qayta tayyorlash yoʻnalishlari boʻyicha oʻquv yurtlari rahbar va oʻqituvchi kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish boʻyicha tayanch oʻquv yurtlari

(1-ilovaning nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son)

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-noyabrdagi PF-232-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2025-y., 06/25/232/1102-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi PF-4732-son Farmoniga2-ILOVA

Oliy taʼlim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarini qayta tayyorlash kursi oʻquv rejasining

Izohlar:

1. Qayta tayyorlash kursining davomiyligi: 288 soat.

2. Oʻquv rejaning namunaviy tuzilmasida modullar boʻyicha oʻquv yuklamalarni oʻrtacha taqsimlash koʻrsatkichlari joriy qilingan.

3. Qayta tayyorlashdagi aniq yoʻnalishlarning oʻquv rejalari sohaning spetsifikasini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi (5 foizdan ortiq ogʻishishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishgan holda yoʻl qoʻyiladi).

(izohning 3-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

4. Qayta tayyorlashning oʻquv rejalari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatga tasdiqlanadi.

(izohning 4-bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 3-iyuldagi PF-107-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.07.2023-y., 06/23/107/0441-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 12-iyundagi PF-4732-son Farmoniga3-ILOVA

‎‎ ‎ ‎Oʻzbekiston Respublikasi gerbi ‎ ‎ Oʼzbekiston Respublikasi ‎ ‎‎ Qayta tayyorlash ‎ ‎ ‎MALAKA ATTESTATI ‎ ‎MA № ‎ ‎ ‎‎_______________________________________________________________ ‎‎(Pedagogning familiyasi, ismi, otasining ismi) ‎ ‎‎20___ yil ______________________________________ dan 20________________ gacha ‎ ‎ _____________________________________________________________________ da ‎ ‎‎(Qayta tayyorlash taʼlim muassasasining nomi) ‎ ‎‎_______________________________________________________ soatga ‎‎moʼljallangan ‎‎_______________________________________________________________ ‎‎(Qayta tayyorlash kursining nomi) ‎‎ ‎qayta tayyorlsh kursida taʼlim olib, ‎_____________________________________________ ‎___________________________________________ mavzusida bitiruv ishini Attestatsiya ‎‎‎ ‎‎komissiyasida ____________________________________________ bahoga himoya qildi. ‎ ‎‎‎ ‎Muhr oʼmi ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ Rektor _____________‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎‎Attestatsiya komissiyasi raisi ___________ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎ ‎‎Sana _______________ ‎ ‎‎Qayd raqami __________________‎

Davlat namunasidagi qayta tayyorlash MALAKA ATTESTATI (tavsifi)

Qayta tayyorlash va malaka oshirish toʻgʻrisidagi malaka attestati A4 formatli oq qogʻozda ofset usulida besh xil rangdan foydalangan holda: matn uchun — qora rangda, rasmlar tasviri uchun — yashil, koʻk, qizil ranglarda, fon uchun — och kul rangda bosib chiqariladi.

Varaqning chap qismida chetidan 10 mm chekingan holda eni 32 mm boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi tasvirlangan tasma joylashtiriladi. Tasmaning yuqori qismida diametri 30 mm boʻlgan Davlat gerbi, past qismida esa — 35 mm oʻlchamli ikkita kvadrat qoʻshilishidan hosil boʻlgan sakkiz qirrali yulduz, yulduzning oʻrtasida muhr uchun 25 mm diametrli oq aylana joylashgan.

Varaqning qolgan qismida yuqorida lotin yozuvi bilan davlat tilida “O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI. Qayta tayyorlash MALAKA ATTESTATI” soʻzlari bosiladi. Sertifikat ikki lotin harfi — MA va olti raqamli sondan iborat tartib raqami bilan taʼminlangan. Barcha matn naqshli rastrdan iborat och pushti rang fonda bosib chiqariladi.

Attestat:

bosib chiqarishning ikki usuli — ofset va yuqori usuli;

yorugʻlik vositasida nusxa koʻchirishni qiyinlashtirish uchun ochiq ranglar;

naqshli rastr;

har xil rangli rastrlardan foydalanish yoʻli bilan turli ranglarni tashkil etish;

maxsus qogʻozlar;

oʻzgaradigan raqamlardan iborat tartib raqami qoʻllangan holda olti karra himoyaga ega.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.