Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini tubdan oshirish, boʻlajak investorlar uchun ularning ochiqligi va jozibadorligini taʼminlash, zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy qilish, korxonalarni strategik boshqarishda aksiyadorlar rolini kuchaytirish uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Quyidagilar korporativ boshqaruv tizimini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
xalqaro tajribani chuqur tahlil qilish va shu asosda zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish, ishlab chiqarish, investitsiya, moddiy-texnik, moliyaviy va mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish;
chet el kapitali ishtirokida aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish;
eski boʻlinmalar va lavozimlarni tugatish, zamonaviy xalqaro standartlar va bozor iqtisodiyoti talablariga mos yangi boʻlinma va lavozimlarni joriy etishni inobatga olgan holda, aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarish tuzilmasini tubdan qayta tashkil etish;
aksiyadorlik jamiyatlarini strategik boshqarish, boshqaruv xodimlarining samarali faoliyatini nazorat qilishni taʼminlashda aksiyadorlar, jumladan, minoritar aksiyadorlar rolini oshirish;
yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik asosida boshqaruv xodimlarini tayyorlash va ularning kasb darajasini oshirish, shuningdek, aksiyadorlik jamiyatlarida rahbarlik lavozimlariga chet ellik yuqori malakali menejerlarni jalb qilish.
2. Faoliyat koʻrsatayotgan aksiyadorlik jamiyatlarini tanqidiy oʻrganish natijalariga koʻra, 364 aksiyadorlik jamiyati nochor va tugatilishi yoki boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi lozim, deb topilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 31-martdagi PQ-2327-sonli qarori bilan tashkil etilgan Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi (R. Azimov) qayd etilgan aksiyadorlik jamiyatlarini qayta tashkil etish jarayonini 2015-yilning 1-oktabriga qadar tugatish ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
3. Yetakchi xorijiy kompaniyalarda boshqaruvni tashkil etish tizimini chuqur oʻrganish asosida ishlab chiqilgan aksiyadorlik jamiyatining namunaviy tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi:
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor idoralar va aksiyadorlik jamiyatlarining kuzatuv kengashlari bilan hamkorlikda uch oy muddatda aksiyadorlik jamiyatlari tashkiliy tuzilmasini ularning tarmoq xususiyatlarini inobatga olgan holda, namunaviy tuzilmaga muvofiqlashtirishni taʼminlasin;
davlat ulushiga ega aksiyadorlik jamiyatlarining rahbarlari tarkibini uch oy muddatda korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublari va prinsiplari, menejment va marketingni, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda ularni ishlab chiqarishni boshqarish tizimida qoʻllay bilishi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazsin;
attestatsiya yakunlari boʻyicha boʻshagan lavozimlarga yangicha fikrlaydigan, zamonaviy talablarga javob beradigan yuqori malakali rahbarlar, shuningdek, xorijiy menejerlarni jalb etish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchi kasblari klassifikatori”ga aksiyadorlik jamiyatlarining yangi namunaviy tuzilmasidan kelib chiqadigan zarur oʻzgartishlar kiritish haqida takliflar taqdim etsin.
5. Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasining Germaniya hamda boshqa iqtisodiy rivojlangan davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalarini jalb etgan holda, tugatiladigan Oliy biznes maktabi negizida Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazini tashkil etish, uning zimmasiga korporativ boshqaruvning tashkiliy shakllari va zamonaviy uslublarini joriy qilishni metodik taʼminlash, shuningdek, xalqaro talab va standartlarga muvofiq ushbu sohada boshqaruv xodimlarini tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish vazifasini yuklash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarorni belgilangan tartibda qabul qilsin va uning vazifalari, tuzilmasi, tinglovchilarni qabul qilish kvotasi, shuningdek, markazning samarali faoliyatini taʼminlash choralarini belgilasin.
6. Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi Dasturga kiritilgan tadbirlarning belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirilishini tizimli asosda nazorat qilinishini taʼminlasin.
7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra, 2015-yil 1-iyuldan:
aksiyadorlik jamiyati ijro organining rahbarini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror, odatda, xorijiy menejerlar ham ishtirok etishi mumkin boʻlgan tanlov asosida qabul qilinadi;
aksiyadorlar, jumladan, minoritar aksiyadorlar iqtisodiy sudga ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgani haqida daʼvo arizasi bilan murojaat qilganda, ularga davlat bojini toʻlash muddati uzaytiriladi va bu boj aybdor tomonidan undiriladi.
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 11-sentabrdagi PF-5187-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 980-modda)
8. Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Germaniya hamda boshqa rivojlangan davlatlarning muvaffaqiyatli tajribasi asosida 2015-yil 1-avgustga qadar Korporativ boshqaruv kodeksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, xalqaro amaliyotni inobatga olgan holda yagona hujjatda:
korporativ boshqaruvning ilgʻor uslublarini joriy etish boʻyicha tavsiyalar, jumladan, uzoq muddatli istiqbolda rivojlanish strategiyasi va vazifalari, ichki nazorat tizimlari va ijro organining aksiyadorlar hamda investorlar bilan samarali oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini belgilash;
aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining koʻlami, tarmoq xususiyatlari va yoʻnalishlarini inobatga olgan holda, namunaviy tashkiliy tuzilmani joriy qilish;
aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining ochiqligini oshirish, ular tomonidan xalqaro standartlar asosida audit va moliyaviy hisobot axborotini nashr qilish.
9. 2015-yilning 1-iyulidan aksiyadorlik va boshqa xoʻjalik jamiyatlari nomlarida ularning ustav kapitalida davlat ulushidan qatʼi nazar, “davlat” soʻzidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi;
2015 — 2018-yillarda barcha aksiyadorlik jamiyatlari yillik moliyaviy hisobotni nashr etishi va Xalqaro audit standartlari hamda Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq tashqi auditni oʻtkazishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatining samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish komissiyasi 2015-yilning 1-iyuliga qadar aksiyadorlik jamiyatlarining yillik moliyaviy hisobotini xalqaro standartlarga muvofiq nashr etish jadvalini tasdiqlasin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 8-apreldagi PF-101-sonli Farmoniga asosan 2023-yil 1-yanvardan oʻz kuchini yoʻqotadi — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.04.2022-y., 06/22/101/0288-son)
11. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish haqida takliflar taqdim etsin.
12. Ushbu Farmon ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 24-aprel,
PF-4720
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son Farmoniga 1-ILOVA
AKSIYADORLIK JAMIYATINING NAMUNAVIY TASHKILIY TUZILMASI
Izoh. Korxonalarning tarmoq xususiyati va faoliyatlarining oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda aksiyadorlik jamiyatlari namunaviy tashkiliy tuzilmalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishlari mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son Farmoniga 2-ILOVA
Korporativ boshqaruv tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar