Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida oʻzaro moliyaviy daʼvo va majburiyatlar bilan bogʻliq masalalarni yakuniy hal yetish maqsadida:
1. 2014-yil 10-dekabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumati oʻrtasida imzolangan oʻzaro moliyaviy daʼvo va majburiyatlarni hal yetish toʻgʻrisidagi bitim tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xalqaro shartnoma kuchga kirishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan zarur boʻlgan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi toʻgʻrisida tegishli bildirishnoma yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankiga Oʻzbekiston tomoni majburiyatlarini bajarish doirasida, Bitim kuchga kirgandan soʻng, belgilangan tartibda:
Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjetidan 25,0 mln. AQSH dollariga teng boʻlgan miqdorda mablagʻ ajratish, va belgilangan summani Bitimda nazarda tutilgan tartib va muddatlarda AQSH dollariga konvertatsiya qilingan holda Rossiya tomoniga bir martalik toʻlovni amalga oshirsin;
yuqorida qayd yetilgan bir martalik toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi oldida Bitimga muvofiq qarzdorlik summasi hisobidan chiqarilsin.
3. SSSRning Tashqi iqtisodiy bankining hisob varaqiga kelib tushgan, erkin muomala qilinadigan valyutadagi mablagʻlarni qaytarish toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruhi ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin.
1992-yil 1-yanvar holatiga koʻra hozirgi kunda Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning SSSR tashqi iqtisodiy bankiga oʻz hisoblariga kelib tushgan erkin muomaladagi valyuta mablagʻlarini qaytarish toʻgʻrisidagi murojaatlarini koʻrib chiqish;
yuqorida qayd etilgan murojaatlar asosida, agar ular asosli deb topilsa toʻlovlarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar qabul qilish.
Belgilansinki, qarorning mazkur bandida nazarda tutilgan toʻlovlar Ishchi guruhning tegishli qarori qabul qilingan sanasida amalda boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining AQSH dollari kursi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki belgilangan tartibda:
1992-yil 1-yanvar holatiga koʻra SSSRning Tashqi iqtisodiy bankida oʻz hisob raqamlariga tushirilgan erkin muomaladagi valyutadagi mablagʻlardan foydalangan holda Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan yuridik shaxslarning moliyaviy hujjatlarini kutilmagan holatlarni hisobga olgan holda Rossiya Federatsiyasining Tashqi iqtisodiy bankidan qabul qilib olsin;
Ishchi guruh qarorlari asosida tegishli murojaatlar qilingan taqdirda bankning joriy foydasi hisobidan xarajatlar toʻlab berilishi taʼminlansin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 29-yanvar,
PQ-2291-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 29-yanvardagi PQ-2291-son qaroriga ILOVA
SSSR Tashqi iqtisodiy bankining hisob varaqlariga kelib tushgan, erkin muomala qilinadigan valyutadagi mablagʻlarni qaytarish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish boʻyicha ishchi guruh
Izoh. *Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.