PQ-2293-son Qaror · 04.02.2015

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2293
  • Qabul qilingan sana:04.02.2015
  • Kuchga kirgan sana:16.02.2015
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 6

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish toʻgʻrisida” 2015-yil 4-fevraldagi PF-4702-sonli Farmonini bajarish yuzasidan hamda uning samarali faoliyatini tashkil qilish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga* muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 89 kishidan iborat boʻlgan markaziy apparati tuzilmasi 2-ilovaga* muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1, 2, 3-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.

2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

joriy taʼminot qismida — Respublika budjeti mablagʻlari;

davlat buyurtmasi doirasida bajariladigan axborotlashtirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek xodimlarni qoʻshimcha ravishda moddiy ragʻbatlantirish qismida — Respublika va mahalliy budjetlarning, shuningdek Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasining va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalarning mablagʻlari.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Davlat xizmatlari, shakllari va blanklari yagona reyestri toʻgʻrisidagi nizomni oʻrnatilgan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Belgilansinki, 2015-yilning 1-oktabridan boshlab aholiga va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan barcha davlat xizmatlari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan shakllantiriladigan Davlat xizmatlari, shakllari va blanklari yagona reyestrida majburiy tartibda hujjatlashtirilishi va qayd etilishi lozim.

4. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan vazirliklar, idoralar, kompaniyalar va uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ixtisoslashtirilgan tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlanadilar.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Markaz-14 mavzesi, 33-uyda joylashtirilsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015-yil 4-fevral,

PQ-2293-son

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.