PQ-2302-son Qaror · 18.02.2015

“Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturi toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2302
  • Qabul qilingan sana:18.02.2015
  • Kuchga kirgan sana:19.02.2015
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 8

Keksalarning hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash koʻlamini kengaytirish, yoshi ulugʻ insonlar, ayniqsa, 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya taʼminoti va tibbiy xizmat koʻrsatishni takomillashtirish, oila va jamiyatda, yoshlarni oʻzbek xalqining koʻp asrlik qadriyat va anʼanalari ruhida tarbiyalashda keksalarning oʻrnini mustahkamlash maqsadida, shuningdek, 2015-yilning “Keksalarni eʼzozlash yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan:

1. “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturini amalga oshirishning ustuvor vazifa va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

keksalarga gʻamxoʻrlik koʻrsatish va eʼtiborni kuchaytirish, ularning hayot darajasi va sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, pensiya taʼminoti va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulugʻ insonlarga davlat xizmatlari, shu jumladan, turli maʼlumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlarni olish xizmatlari koʻrsatishning eng qulay tizimini shakllantirish;

keksalar, avvalambor, fashizm ustidan qozonilgan gʻalaba va Vatanimizni qayta tiklashga munosib hissa qoʻshgan 1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish, yoshi ulugʻ insonlar, birinchi navbatda, yolgʻiz qariyalar va nogironlarga koʻrsatiladigan ijtimoiy va maishiy xizmatlar roʻyxatini kengaytirish, ularni farovon va munosib turmush sharoitlari bilan taʼminlash uchun mahallalar, “Nuroniy” jamgʻarmasi, boshqa nodavlat tashkilotlari va ijtimoiy tuzilmalar tomonidan moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash miqyosini oshirish;

faxriylar va yoshi ulugʻ insonlarga tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish darajasi va sifatini oshirish, ularni tizimli asosda sogʻlomlashtirishni tashkil etish, profilaktika tadbirlarini koʻpaytirish, koʻrish va eshitish organlari, tayanch-harakat tizimi va yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan foydalanishni kengaytirish, keksalar va nogironlarni yordamchi hamda texnik reabilitatsiya vositalari bilan, jumladan, imtiyozli asosda taʼminlash, keksalarga xizmat koʻrsatishga ixtisoslashtirilgan sanatoriy-sogʻlomlashtirish va ijtimoiy xizmat koʻrsatish muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash;

mamlakatimizning mudofaa qobiliyati, iqtisodiy, madaniy va intellektual salohiyatini oshirish, jamiyatimizda tinchlik, totuvlik va barqarorlik muhitini mustahkamlashga bebaho hissa qoʻshgan, sogʻlom va barkamol unib-oʻsayotgan avlodni tarbiyalashda faol ishtirok etayotgan keksa avlod vakillariga munosib eʼtibor qaratish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli chora-tadbirlarni tizimli asosda amalga oshirish, oila va jamiyatda yoshi ulugʻ insonlarning oʻrni va obroʻsini oshirish, bolalar va yoshlarni ota-onalarni, har bir nuroniyni chuqur hurmat qilish, eʼzozlash va ularga gʻamxoʻrlik koʻrsatish tuygʻusi ruhida tarbiyalash boʻyicha aniq tadbirlarni amalga oshirish;

har bir keksaga har tomonlama eʼtibor qaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish va oshirish, keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, bunda ular uchun tuman va mahallalarda muloqot markazlari, qiziqishi boʻyicha klublar tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish, jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishlari uchun sharoit yaratish, televideniye, ommaviy axborot vositalari, kinoteatrlar, teatr va boshqa madaniy-maʼrifiy muassasalarda yoshi ulugʻ insonlarning qiziqishlariga mos mavzuda yangi maxsus koʻrsatuvlar, spektakl va filmlar yaratish va efirga uzatish hajmini koʻpaytirish;

mahallalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tashkiliy tuzilmasida keksalar va nogironlarga doimiy eʼtibor qaratadigan sektorni mustahkamlash, bunda ularga xizmat koʻrsatadigan idora va xizmatlar, birinchi navbatda, pensiya, ijtimoiy va tibbiy taʼminot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni nazarda tutish.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 12-dekabrdagi F-4393-son farmoyishiga muvofiq tuzilgan Respublika komissiyasi tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat va nodavlat tashkilotlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Respublika komissiyasiga (Sh. Mirziyoyev) “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarning toʻliq, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish yuklansin.

Respublika komissiyasi:

bir hafta muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman va shaharlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlar hokimlari boshchiligida Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha tegishli komissiyalar tashkil etilishini taʼminlasin va ularning zimmasiga Davlat dasturida belgilangan vazifalarni soʻzsiz, toʻliq va oʻz vaqtida bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklasin;

ikki hafta muddatda vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va boshqa xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har bir vazirlik va idora, hudud, shahar, tuman va aholi punktlarining “Keksalarni eʼzozlash yili” boʻyicha hududiy va tarmoq dasturlari ishlab chiqilishi hamda qabul qilinishini taʼminlasin;

respublika davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari darajasida tasdiqlangan Davlat dasturiga kiritilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirsin va ushbu tadbirlar amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin;

har chorak yakunlari boʻyicha “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturida belgilangan tadbirlar bajarilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga axborot berib borsin.

4. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi:

bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, internet-resurslarni jalb etgan holda, aholi oʻrtasida “Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturining maqsad va vazifalari, uni amalga oshirish boʻyicha asosiy yoʻnalishlar va chora-tadbirlar muntazam va keng koʻlamda yoritilishini;

davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining Davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishdagi ishtiroki va qoʻshgan aniq hissasini aks ettirgan holda, Davlat dasturining bajarilishi haqida keng jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishni taʼminlasin.

5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2015-yil 18-fevral,

PQ-2302-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 18-fevraldagi PQ-2302-son qaroriga ILOVA

“Keksalarni eʼzozlash yili” Davlat dasturi

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.