Sugʻoriladigan yerlarda qishloq xoʻjaligini barqaror rivojlantirishni taʼminlash, Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv va yer resurslaridan samarali foydalanishni oshirish, shuningdek, Jahon banki bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida:
1. Quyidagilar:
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi (XTU) oʻrtasida 2014-yil 29-oktabrda 156,9 mln MQOH (242,5 mln AQSH dollari ekvivalentida) miqdorida kredit berishni nazarda tutuvchi Moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitim hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki (XTTB) oʻrtasida 25 yil muddatga, shu jumladan 5 yillik imtiyozli davr bilan 18,29 mln AQSH dollari miqdorida qarz berish boʻyicha Qarz bitimi imzolanganligi;
Loyihaning umumiy qiymati 376,71 mln AQSH dollarini tashkil etishi, shu jumladan loyihani amalga oshirishdagi Oʻzbekiston Respublikasining hissasi 115,92 mln AQSH dollari ekvivalentida tashkil etishi, shundan 50,05 mln AQSH dollari — soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etilishi koʻrinishida ekanligi;
loyihani amalga oshirish davri 7 yil (2015 — 2021-yillar) etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
loyihani amalga oshirish, kredit va qarz mablagʻlaridan maqsadli va samarali foydalanish, shuningdek, loyihaning barcha maqsadli koʻrsatkichlariga erishilishini taʼminlash yuzasidan masʼul ijro etuvchi organ etib Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi hisoblanadi;
loyihani boshqarish va muvofiqlashtirish funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq va suv xoʻjaligida investitsiya loyihalarini amalga oshirish markaziga (keyingi oʻrinlarda — Markaz) yuklatiladi;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-dekabrdagi PQ-437-son qaroriga asosan chiqarilgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda Ellikqalʼa tumanining Boʻston shahridan Markazga foydalanish uchun begʻaraz topshiriladigan joy ajratilishini taʼminlasin.
mazkur loyiha mablagʻlari bilan bank operatsiyalari ushbu loyiha uchun Oʻzbekiston Respublikasi banklaridan birida ochiladigan soʻrab olgunga qadar alohida depozit hisobvaraqlari (ikkilamchi) orqali amalga oshiriladi, bunda mazkur hisobvaraq orqali ish haqi, soliq toʻlovlari, shuningdek, loyiha doirasidagi boshqa xarajatlar toʻlanadi hamda ushbu hisobvaraqlardan Markazning boshqa loyihalari boʻyicha majburiyatlarni soʻndirish uchun mablagʻlarni yechishga yoʻl qoʻyilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vaziri va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi zimmasiga loyiha chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun lozim boʻlgan sharoitlarni taʼminlash, shuningdek, Jahon banki tartib-taomillari va Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiq zarur hisobot va hujjatlarni oʻz vaqtida tayyorlash va taqdim etishni tashkil etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasining “Qoraqalpoqpaxtasanoat” hududiy aksiyadorlik birlashmasi bilan paxtani qayta ishlash korxonalari uchun texnika va uskunalarni topshirish toʻgʻrisidagi, shuningdek, XTU krediti va XTTB qarzi bir qismi mablagʻlarini qaytarish toʻgʻrisidagi tegishli bitimlar imzolash vakolati berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va Xalqaro taraqqiyot uyushmasi oʻrtasida moliyalashtirish toʻgʻrisidagi bitimni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hamda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida qarz bitimi boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
5. Quyidagilar:
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlar bilan birgalikdagi texnik-iqtisodiy asosi 1-ilovaga muvofiq;
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida XTU kreditini soʻndirish va u boʻyicha foizlar hamda vositachilik haqlarini toʻlash prognoz grafigi 2-ilovaga muvofiq;
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida XTTB qarzini soʻndirish va u boʻyicha foizlar hamda vositachilik haqlarini toʻlash prognoz grafigi 3-ilovaga muvofiq;
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi boʻyicha XTU krediti va XTTB qarziga xizmat koʻrsatish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi 2015-yildan boshlab har yili, Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini shakllantirishda “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi hissasini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan markazlashtirilgan kapital qoʻyilmalar limitlarini nazarda tutsin.
7. “Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish davrida va kafolat muddatida quyidagilardan:
XTU krediti va XTTB qarzi mablagʻlari hisobidan xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar), uskunalar va transport vositalari — bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari), qoʻshilgan qiymat soligʻidan, davlatning maqsadli jamgʻarmalariga undiriladigan yigʻimlardan;
Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari — yuridik shaxslarning daromad soligʻi toʻlovlaridan;
loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan xorijiy jismoniy shaxslar — jismoniy shaxslarning daromad soligʻi toʻlovlaridan ozod etilsin.
Belgilansinki, koʻrsatilgan imtiyozlarni taqdim etish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar, Oʻzbekiston Respublikasining ushbu loyihaga qoʻshgan hissasi hisoblanadi.
Mazkur band bilan koʻzda tutilgan imtiyozlar ushbu loyihani amalga oshirish uchun ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi mablagʻlari hisobidan xarid qilinadigan tovarlar, ishlar va xizmatlarga tatbiq etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi loyiha hujjatlari davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda ushbu loyihani amalga oshirish doirasida qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga koʻra mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga konsullik va boshqa yigʻimlar undirmasdan kirish vizalari rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga koʻra mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmagan holda koʻp martalik vizalarni berish va muddatini uzaytirish, shuningdek, vaqtinchalik yashash joyida vaqtinchalik propiskaga qoʻyish va vaqtinchalik propiskaning muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligining buyurtmanomalariga koʻra belgilangan tartibda mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etayotgan yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni Oʻzbekiston Respublikasiga jalb qilish ruxsatnomalarini berish (muddatini uzaytirish), shuningdek, xorijiy fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyatini olib borish huquqiga tasdiqnomalar berilishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 24-mart,
PQ-2324-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-martdagi PQ-2324-son qaroriga 1-ILOVA
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasining TIAning asosiy
* Koʻrsatkichlarning yakuniy qiymati oʻtkazilgan tender (konkurs) savdolari natijalariga asosan aniqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-martdagi PQ-2324-son qaroriga 2-ILOVA
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida XTU kreditlarini soʻndirish va ular boʻyicha foizlar hamda vositachilik haqlarini toʻlashning
* Toʻlov summasiga kredit mablagʻlarining haqiqatda oʻzlashtirilgan summasidan kelib chiqqan holda aniqlik kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-martdagi PQ-2324-son qaroriga 3-ILOVA
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi doirasida XTTB qarzlarini soʻndirish va ular boʻyicha foizlar hamda vositachilik haqlarini toʻlashning
* Toʻlov summasiga qarz mablagʻlarining haqiqatda oʻzlashtirilgan summasidan hamda 6 oylik LIBOR foiz stavkasining oʻzgarishidan kelib chiqqan holda aniqlik kiritiladi.
** Foiz stavkasi taxminan yillik 0,8 foiz hisobida olingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 24-martdagi PQ-2324-son qaroriga 4-ILOVA
“Janubiy Qoraqalpogʻistonda suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasi boʻyicha XTU krediti va XTTB qarziga xizmat koʻrsatish
* Kategoriyalar boʻyicha taqsimlangan mablagʻlar summasi oʻtkazilgan tender (tanlov) savdolari natijalaridan kelib chiqqan holda oʻzgarishi mumkin.
** MQOH kursining AQSH dollariga nisbatan oʻzgarishi munosabati bilan XTU kredit summasi oʻzgarishi mumkin.