F-4613-son Farmoyish · 10.02.2016

Toshkent shahrida oʻtkazilgan Xalqaro investitsiya forumida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmoyish
  • Raqami:F-4613
  • Qabul qilingan sana:10.02.2016
  • Kuchga kirgan sana:22.02.2016
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 7

2015-yil 5-6-noyabr kunlari Toshkent shahrida 550 dan ortiq xorijiy firmalar va kompaniyalar vakillari, moliya institutlari ishtirokida oʻtkazilgan Xalqaro investitsiya forumida investitsiya loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish hamda xorijiy investorlar tomonidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari aktivlarini sotib olish toʻgʻrisida 12,4 mlrd dollarlik 100 ortiq shartnomalar, bitim va memorandumlar imzolanganligi qayd etilsin.

Xalqaro investitsiya forumida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirish, xorijiy investorlarni jalb qilishni kengaytirish hamda strategik investitsiya loyihalarini roʻyobga chiqarishni jadallashtirish maqsadida:

1. Xalqaro investitsiya forumida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha Komissiya, 1-ilovaga muvofiq tuzilsin, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

forum natijalari boʻyicha imzolangan kelishuvlar va memorandumlar yuzasidan, shuningdek, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari aktivlarini sotib yuborish toʻgʻrisidagi boshqa qabul qilingan qarorlar boʻyicha bir oy muddatda xorijiy investorlar bilan, shu jumladan joylarga chiqqan holda, muzokaralar olib borishni yakunlash;

sotib olish niyati bor investorlar bilan olib borilgan muzokaralar natijalari boʻyicha aktivlarni oldi-sotti bitimini rasmiylashtirish va uning oʻz vaqtida ijro etilishi yuzasidan nazoratni taʼminlashni tashkillashtirish;

savdolarga qoʻyilgan hajmlardan koʻproq (ulush) qoʻshimcha aksiyalar paketlarini xarid qilishga qiziqish bildirganligi toʻgʻrisidagi xorijiy investorning takliflarini Xorijiy investorlarga davlat mulkini sotish boʻyicha tender savdolarini oʻtkazish Davlat komissiyasiga kiritish;

zarur hollarda muqobil xorijiy investorlarning talabnomalarini koʻrib chiqish toʻgʻrisida qaror qabul qilish hamda ular bilan toʻgʻridan toʻgʻri muzokaralar olib borish;

qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sotishga qoʻyilgan davlat aktivlarining narxlarini bosqichma-bosqich tushirish mexanizmlarini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish;

davlat va xoʻjalik organlari aktivlarini xorijiy investorlarga sotish masalasi boʻyicha vazirlik, idora, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, aksiyadorlik jamiyatlari va korxonalar faoliyatini muvofiqlashtirish, monitoring va nazorat qilish.

2. Komissiya (R. Azimov) zimmasiga masʼul ijrochi vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalar, uyushmalar va tashkilotlar bilan birgalikda Xalqaro investitsiya forumi natijalari boʻyicha erishilgan kelishuvlarga muvofiq va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 16-noyabrdagi PQ-2432-sonli qarori bilan tasdiqlangan xorijiy kompaniyalar, banklar va tashkilotlar ishtirokidagi yangi investitsiya loyihalarini belgilangan muddatlarda joriy etishni taʼminlash yuklatilsin.

3. Aksiyadorlik jamiyatlaridagi davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik jamiyatlarining aktivlarini sotish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilab qoʻyilsinki:

Xalqaro investitsiya forumi natijalariga koʻra kelishuvlar tuzgan xorijiy investorlarning aksiyalar va davlat aktivlariga daxldor talabnomalari 2016-yilning 1-martigacha boʻlgan muddatda taqdim etilmagan holda ushbu investorlar tomonidan ularni imtiyozli sotib olish huquqi tugatiladi;

xorijiy investorlarga boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan aksiyalarini sotgan aksiyadorlik jamiyatlari 2016-yilning 1-iyulidan keyin majburiy boshqa tashkiliy-huquqiy shaklga aylantirilishi yoki tugatilishi shart emas.

5. Vazirliklar, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalar, uyushmalar, boshqa xoʻjalik boshqaruvi organlari va aksiyadorlik jamiyatlari rahbarlari zimmasiga aksiyadorlik va boshqa xoʻjalik jamiyatlarining ustav kapitaliga xorijiy investorlarni jalb qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumati qabul qilgan qarorlarini oʻz vaqtida joriy etishni taʼminlash shaxsiy masʼuliyati yuklatilsin.

6. Mazkur farmoyishning 2 va 3-ilovalaridagi aksiyadorlik jamiyatlarining yuqori boshqaruv organlariga (aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi va kuzatuvchi kengashlari):

investorlarni jalb qilish masalasini tezkor koʻrib chiqish, shu jumladan muqobil investorlarni, ular bilan muzokaralar oʻtkazish va tegishli qarorlar qabul qilish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi PQ-2200-sonli qarorida nazarda tutilgan tartibga muvofiq sotishga qoʻyilgan aktivlarning narxini bosqichma-bosqich kamaytirish mexanizmini qoʻllash masalasini koʻrib chiqish va qaror qabul qilish tavsiya etilsin.

7. Mazkur farmoyishning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV

Toshkent sh.,

2016-yil 10-fevral.

F-4613-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 10-fevraldagi F-4613-son farmoyishiga 1-ILOVA

Xalqaro investitsiya forumida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha komissiya

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 10-fevraldagi F-4613-son farmoyishiga 2-ILOVA

Xalqaro investitsiya forumida erishilgan kelishuvlar natijalari yuzasidan davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik jamiyatlarining aktivlarini sotish boʻyicha

Izoh:

Xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalariga sotuvga qoʻyilgan aksiyalar uchun narxlarni ularning tegishli boshqaruv organlari qarorlariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2200-son qaroriga muvofiq davlat aksiya paketlarini sotish mexanizmiga oʻxshash holda qadam-baqadam tushirib borish mexanizmini qoʻllash tavsiya etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 10-fevraldagi F-4613-son farmoyishiga 3-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari qabul qilinishi munosabati bilan davlat, xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik jamiyatlarining aktivlarini sotish boʻyicha

Izohlar:

Xorijiy investor murojaat qilgan taqdirda, 15 foizdan ortiq miqdordagi davlat ulushini sotuvga chiqarish Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi qaroriga asosan amalga oshiriladi.

Xoʻjalik boshqaruvi organining 15 foizdan ortiq miqdordagi ulushini, shu jumladan qoʻshimcha aksiyalar chiqarish orqali xorijiy investorlarga sotish Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.

Xoʻjalik boshqaruvi organlari va xoʻjalik birlashmalariga sotuvga qoʻyilgan aksiyalar uchun narxlarni ularning tegishli boshqaruv organlari qarorlariga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 3-iyuldagi “Davlat mulki obyektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga sotish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-2200-son qaroriga muvofiq davlat aksiya paketlarini sotish mexanizmiga oʻxshash holda qadam-baqadam tushirib borish mexanizmini qoʻllash tavsiya etiladi.

Aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati samaradorligini oshirish va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish boʻyicha komissiyaga ushbu roʻyxatga oʻzgartirish kiritish huquqi beriladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.