PQ-2646-son Qaror · 28.10.2016

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2646
  • Qabul qilingan sana:28.10.2016
  • Kuchga kirgan sana:14.11.2016
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 45

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tartibini tubdan takomillashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish asosida ularning davlat organlari bilan oʻzaro munosabatlarida bevosita muloqot qilmaydigan shakllaridan foydalanishni jadal ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tartibini tubdan takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin. Ushbu chora-tadbirlarda tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishni avtomatlashtirilgan tizimini (keyingi oʻrinlarda — Tizim) bosqichma-bosqich ishlab chiqish va joriy etish, 2017-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat interaktiv xizmatlari yagona portaliga (keyingi oʻrinlarda — Yagona portal) integratsiyalashgan Internet tarmogʻidagi Tizim orqali kechayu-kunduz oʻtkazish va hisobga qoʻyish taʼminlansin.

Mazkur qarorning talablari banklar va kredit byurolari, ularning filiallari va vakolatxonalari, shuningdek, nodavlat notijorat tashkilotlariga tatbiq etilmaydi, ularning davlat roʻyxatidan oʻtishi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.

2. 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish Kompleks dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasining yangi tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. 2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish Kompleks dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasi (A.N. Aripov):

chora-tadbirlar Kompleksida nazarda tutilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish tadbirlarini oʻz vaqtida va sifatli bajarish boʻyicha vazirlik, idora, kompaniya, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini muvofiqlashtirishni taʼminlasin;

chora-tadbirlar Kompleksida nazarda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishini har chorakda oʻz yigʻilishlarida muhokama qilib borsin.

4. Quyidagilar:

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi zimmasiga Tizimning toʻlaqonli va oʻz vaqtida texnik faoliyat yuritishi ustidan doimiy nazoratni taʼminlash;

roʻyxatga oluvchi va boshqa vakolatli organlarning mansabdor shaxslari zimmasiga — tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning qonun hujjatlarida belgilangan tartib va muddatlarini buzganligi, tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishdan noqonuniy bosh tortishi yoki boʻyin tovlashi uchun shaxsiy javobgarlik;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi zimmasiga — tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyishning tartib va muddatlariga rioya qilish ustidan nazorat yuklatilsin.

5. Belgilansinki,

davlat organlarining mansabdor shaxslari Tizimning faoliyat yuritishida nuqson va nosozliklarni aniqlagan vaqtdan boshlab uch ish soatida Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini bu haqda xabardor etadilar;

Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tizimning faoliyat yuritishida nuqson va nosozliklar haqida olingan maʼlumotlarni tahlil qiladi hamda zarur hollarda Tizimga tuzatishlar kiritadi;

Tizim faoliyatidagi nuqson va nosozliklar, ular aniqlangan paytdan boshlab uch ish kunida bartaraf etilishi kerak.

6. Tijorat banklari, Oʻzbekiston banklari uyushmasi, elektron toʻlovlar xizmatini koʻrsatadigan tashkilotlarga elektron toʻlovlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasida mavjud boʻlgan elektron toʻlov tizimlari, Yagona portalda foydalanuvchining shaxsiy kabineti va “tadbirkorlik subyekti kabineti” bilan Internet tizimi orqali bank hisob raqamlarini boshqarish tizimini integratsiyalashuvini amalga oshirish tavsiya etilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi elektron toʻlovlar xizmatini koʻrsatadigan tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochilgan bank hisob raqamlaridan Internet tarmogʻi orqali hisob-kitoblar xizmatini koʻrsatish mexanizmini belgilangan tartibda amalga oshirishda yordam koʻrsatsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 27-iyundagi PP-1989-sonli qarori:

3-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;

4-ilovaning:

9-bandi “Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;

10-bandi “masalalari boʻyicha” soʻzlaridan keyin “yoshlar siyosati, madaniyat” soʻzlari bilan davom ettirilsin, keyingi oʻrinlar matn boʻyicha davom etib ketsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, vazirlik va idoralar ikki oy muddatda ushbu qarorga oʻzining normativ-huquqiy hujjatlarini muvofiqlashtirsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 28-oktabr,

PQ-2646-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qaroriga 1-ILOVA

Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va hisobga qoʻyish tartibini tubdan takomillashtirish boʻyicha

Izoh. Adliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va tizim integratorining qoʻshma qarorlari asosida davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartib-taomillarini takomillashtirish va soddalashtirish uchun idoraviy axborot resurslari va maʼlumotlar bazalari birlashtirilishi, alohida ajratilishi, shuningdek, yangilari yaratilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-oktabrdagi PQ-2646-son qaroriga 2-ILOVA

2013 — 2020-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida milliy axborot-kommunikatsiya tizimini rivojlantirish kompleks dasturini amalga oshirishni muvofiqlashtiruvchi Respublika komissiyasining

Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda uning tarkibiga tegishli lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar kiritiladi.

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-avgustdagi PF-5526-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.08.2018-y., 06/20/5526/0983-son)

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.