Qayd etib oʻtilsinki, respublikada mustaqillik yillari mobaynida aholining ijtimoiy hojatmand qatlamlarini davlat tomonidan qoʻllab- quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Keksalar va nogironlarning turmush darajasi va sifatini oshirishga, pensiya taʼminoti va ijtimoiy madad tizimini takomillashtirishga, tizimli sogʻlomlashtirishni tashkil etish hamda kasalliklarni davolashning zamonaviy usullaridan bahramand boʻlishni kengaytirishga yoʻnaltirilgan bir qator davlat dasturlari qabul qilindi.
Izchillik bilan amalga oshirilayotgan kuchli ijtimoiy siyosat natijasida aholining farovonligi oshdi va kishilarning turmush sifati yaxshilandi, bu esa keyingi 25 yil mobaynida oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 67 yoshdan 73,5 yoshga, shu jumladan erkaklar — 66 yoshdan 71 yoshgacha, ayollarning oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi esa 70 yoshdan 75,8 yoshgacha ortishiga imkoniyat yaratdi.
2010 — 2015-yillarning oʻzidagina keksalar va nogironlar uchun 12 ta “Saxovat” va “Muruvvat” internat-uylarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi, 14,6 ming nafar yolgʻiz keksalar, pensioner va nogironlarning uy-joy-maishiy sharoitlari yaxshilandi, 5,4 ming nafar nogironlar texnik reabilitatsiya vositalari va protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlandi, 6,4 ming nafar nogiron va pensionerlar sanatoriylarda sogʻlomlashtirildi. Koʻrsatilgan tibbiy-ijtimoiy yordamning umumiy hajmi 132,2 mlrd soʻmni tashkil etdi.
Shu bilan birga ijtimoiy madad tizimida yolgʻiz keksalarni, pensionerlar, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish, uning aniq manzilliligi, kasalliklarni profilaktika qilish va davolashning zamonaviy samarali usullarini joriy etish, katta yoshdagi shaxslarga koʻrsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarning hajmlari va turlarini kengaytirish bilan bogʻliq ayrim masalalar hal etilmasdan qolmoqda.
Keksa kishilarni, imkoniyatlari cheklangan shaxslarni va yolgʻiz keksalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda prinsipial yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida:
1. Keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning ustuvor vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
keksa avlod vakillariga nisbatan gʻamxoʻrlik va eʼtiborni kuchaytirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, keksalarning hayot faoliyati va dam olishini tashkil etish tizimini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish;
yolgʻiz keksalar, pensionerlar, nogironlarni aniq manzilli ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularga koʻrsatiladigan uy-joy-maishiy hamda boshqa yashash sharoitlarini yaxshilashga yoʻnaltirilgan moddiy yordamni kengaytirish;
qariyalar, nogironlar va yolgʻiz keksalarni davolash, tizimli sogʻlomlashtirishni tashkil etish, profilaktika tadbirlarini kengaytirish, koʻrish va eshitish organlari, harakat-tayanch tizimi kasalliklarini hamda yurak-qon tomir kasalliklarini davolashning zamonaviy usullari bilan qamrab olish va ulardan bahramand etish yoʻli bilan ularga koʻrsatiladigan tibbiy-ijtimoiy yordam darajasi va sifatini oshirish;
muhtoj keksalar va nogironlarni sifatli yordamchi va texnik reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlash darajasini oshirish, ularni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish choralarini koʻrish, tibbiy- ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash.
2. Quyidagilar:
2017 — 2020-yillarda keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari kompleksi 1-ilovaga* muvofiq;
(2-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi PQ-3787-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2018-y., 07/18/3787/1377-son)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi ushbu qarorning 1-ilovasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar kompleksi amaliy nazorat qilinishini, tanqidiy tahlil etilishi va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlasin.
Shu maqsadda quyidagi ustuvor vazifalarni hal etishga asosiy eʼtibor qaratilsin:
tibbiy yordam darajasi va sifatini oshirish, kasalliklarni erta aniqlash va profilaktika tadbirlarini kengaytirish boʻyicha skrining tekshirishlarini oʻtkazish;
zamonaviy tashxis va davolash usullarini qoʻllagan holda yuqori texnologiyali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanishni kengaytirish;
reabilitatsiya va sogʻlomlashtirish chora-tadbirlarini yaxshilash, sogʻlom va faol turmush tarzini yuritish madaniyatini targʻib qilish;
zamonaviy tibbiyotning eng yangi yutuqlari, asosiy kasalliklar tashxisi va ularni davolash sifati standartlari asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Oʻzbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — “Nuroniy” Jamgʻarmasi), “Mahalla” xayriya jamoat fondi (keyingi oʻrinlarda — “Mahalla” Fondi), Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining 2017 — 2020-yillarga moʻljallangan Davlat budjetini shakllantirishda har yili “Sogʻliqni saqlash” va “Ijtimoiy taʼminot” sohalari boʻyicha ajratiladigan budjet mablagʻlari doirasida ushbu qarorning 1-ilovasida koʻrsatilgan tadbirlarni amalga oshirishga zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi PQ-3787-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2018-y., 07/18/3787/1377-son)
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-iyundagi PQ-3787-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.06.2018-y., 07/18/3787/1377-son)
* 1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Nuroniy” va “Mahalla” jamgʻarmalari hamda Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashining yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin, ularda quyidagilar nazarda tutilgan:
2017-yilning 1-yanvaridan boshlab har bir tuman (shahar) boʻlimida bittadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlarida uchtadan, markaziy apparatda 8 nafar xodim hisobidan “Nuroniy” jamgʻarmasi shtat birliklari taʼminotini budjetdan moliyalashtirishga qabul qilib, “Nuroniy” jamgʻarmasi pensioner xodimlariga pensiyalarni 100 foiz miqdorda toʻlash;
budjet mablagʻlari hisobiga taʼminlanayotgan “Nuroniy” jamgʻarmasi xodimlariga “Navroʻz” va “Mustaqillik” bayramlariga mukofotlar “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlimlarida lavozim okladining 50 foizi miqdorida va markaziy apparatda lavozim okladining 100 foizi miqdorida toʻlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “1941 — 1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 13-oktabrdagi PF-4658-sonli Farmoniga muvofiq, 1941 — 1945-yillardagi urush qatnashchilariga har yili sanatoriylarda sogʻlomlashtirish kursini olish oʻrniga yoʻllanma qiymatiga teng kompensatsiya olish huquqini berish;
budjet mablagʻlari hisobiga bepul tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimi doirasida keksalar, nogironlar, urush va mehnat faxriylarini sogʻlomlashtirishni taʼminlash uchun 2017 — 2019-yillarda Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida sanatoriylar qurish.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat vazirligi bilan birgalikda “Nuroniy” jamgʻarmasi tizimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash boʻyicha razryadlarni kelishib olsin, shuningdek ikki hafta muddatda “Nuroniy” jamgʻarmasi boʻlimlari va uning markaziy apparati xarajatlari smetasi hamda shtat jadvallari belgilangan tartibda tegishli moliya organlarida roʻyxatga olinishini taʼminlasin.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari:
tegishli binolar (xonalar), mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalari ajratish yoʻli bilan “Nuroniy” jamgʻarmasi barcha boʻlimlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlanishini taʼminlasin;
yolgʻiz va kam taʼminlangan keksalarga “Nuroniy” jamgʻarmasi orqali qishki kiyim va poyabzal (kurtka-yarim palto, moʻynali telpak (jun roʻmol), qoʻlqop, botinka), shuningdek (kartoshka, piyoz, un, guruch, yorma va birinchi navbatda zarur boʻlgan boshqa mahsulotlar)ni qishga gʻamlashni har yili taʼminlash uchun hokimlarning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlanish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari rahbarligida hududiy komissiyalar tuzsin va ularning tarkibiga Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, “Mahalla” fondi, Yoshlar ittifoqi boʻlinmalari hamda boshqa tashkilotlarning rahbarlari kiritilsin.
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-sentabrdagi PF-5191-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 37-son, 982-modda)
11. Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, “Mahalla” fondi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralarga yolgʻiz keksalar, pensionerlar va nogironlarga moddiy, ijtimoiy, tibbiy yordam va boshqa madad koʻrsatish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida har yili koʻp tomonlama bitim tuzish, bitimga muvofiq zarur koʻmak berish, jumladan moliyaviy yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-martdagi PF-6188-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.03.2021-y., 06/21/6188/0216-son)
12. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi 2017 — 2020-yillarda keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan ushbu qaror bilan tasdiqlangan Kompleks chora-tadbirlarning maqsad hamda vazifalarini bosma va elektron axborot vositalarini, shu jumladan butun jahon Internet tarmogʻini jalb etgan holda aholi oʻrtasida muntazam, tizimli va keng koʻlamda yoritib borishni taʼminlasin.
(12-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
13. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, “Nuroniy” jamgʻarmasi bilan birgalikda ushbu qaror bajarilishining borishi toʻgʻrisida har chorakda Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etib turilishini taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2016-yil 28-dekabr,
PQ-2705-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 28-dekabrdagi PQ-2705-son qaroriga 1-ILOVA
2017—2020-yillarda keksalar va nogironlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish
2017 — 2020-yillarda chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun jami xarajatlar — 466 586,0 mln soʻm, ulardan:
Davlat budjeti mablagʻlari — 390 460,0 mln soʻm;
budjetdan tashqari Umumtaʼlim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash va jihozlash jamgʻarmasining mablagʻlari — 56 046 mln soʻm;
ijrochilar mablagʻlari — 20 080,0 mln soʻm;
xalqaro moliya institutlari kreditlari va grantlari — 108,7 mln AQSH dollari.
Barcha xarajatlar har yili belgilangan tartibda indeksatsiya qilinadi.