PQ-2706-son Qaror · 29.12.2016

“Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining metan tozalash bazasida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2706
  • Qabul qilingan sana:29.12.2016
  • Kuchga kirgan sana:29.12.2016
  • Holati:Amalda

Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha zavodning qurilishini tezlashtirish hisobiga tabiiy gazni chuqur qayta ishlash quvvatlarini yanada kengaytirish, uglevodorod xom ashyosi importini qisqartirish, neft-gaz tarmogʻining eksport salohiyatini oshirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 15-oktabrdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1206-son hamda 2011-yil 19-sentabrdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1618-son qarorlari ijrosini taʼminlash doirasida:

Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Uzbekistan GTL” MCHJ, “Sasol Synfuels International Netherlands Cooperatief U.A.” (Niderlandiya) va “Petronas International CorporationLtd.” (Malayziya) kompaniyalari oʻrtasida 2011-yil 19-sentabrda “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasi (keyingi oʻrinlarda — investitsiya loyihasi)ni amalga oshirish boʻyicha investitsiya shartnomasi (keyingi oʻrinlarda — Investitsiya shartnomasi) imzolanganligi;

“Uzbekistan GTL” MCHJ va “Sasol Technology (Pty) Ltd.” (JAR) kompaniyasi oʻrtasida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish uchun SASOL SPD-tm tomonidan litsenziyalangan texnologiyalar taqdim etilishi, suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarishni loyihalashtirish va qurish, litsenziyalangan uskunalarni tayyorlash jarayonida muhandislik xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek, qoʻllaniladigan texnologiyalarning unumdorligiga kafolat berish boʻyicha bitimlar imzolanganligi;

tender savdolari natijalariga koʻra “Uzbekistan GTL” MCHJ bilan “Hyundai Engineering Co. Ltd.”, “Hyundai Engineering and Construction Co., Ltd.” (Koreya) va “Enter Engineering Pte. Ltd.” (Singapur) kompaniyalaridan tashkil topgan konsorsium oʻrtasida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha zavodni “tayyor holda topshirish” sharti bilan qurish toʻgʻrisida 2 634 mln AQSH dollari miqdorida shartnoma (keyingi oʻrinlarda — “tayyor holda topshirish” shartnomasi) imzolanganligi;

Qashqadaryo viloyatida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha zavod qurilishi uchun maydon tayyorlanganligi, “tayyor holda topshirish” shartnomasi doirasida batafsil loyihani ishlab chiqish va asosiy uskunalarni tayyorlash ishlari olib borilayotganligi;

umumiy qiymati 3 733 mln AQSH dollariga teng investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilganligi va belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilganligi;

“Sasol Synfuels International Netherlands Cooperatief U.A.” (Niderlandiya) va “Petronas International CorporationLtd.” (Malayziya) kompaniyalari investitsiya loyihasini bekor qilish va undan chiqish toʻgʻrisida Investitsiya shartnomasi ishtirokchilarini xabardor qilganligi;

“Sasol Synfuels International Netherlands Cooperatief U.A.” (Niderlandiya) va “Petronas International Corporation Ltd.” (Malayziya) kompaniyalarining “Uzbekistan GTL” MCHJ ustav jamgʻarmasidagi tegishli ravishda 34,86 foiz va 9,23 foiz miqdoridagi ulushlari “Oʻzbekneftgaz” MXK tomonidan sotib olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Investitsiya shartnomasining xorijiy ishtirokchilariga uning amal qilishi belgilangan tartibda tugatilganligi toʻgʻrisida bildirishnoma yuborsin.

3. Quyidagilar investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

a) Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolati bilan “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan jalb qilinadigan xorijiy banklar, eksport-kredit agentliklari va boshqa moliya institutlarining 2 300 mln AQSH dollari miqdoridagi kreditlari;

b) “Oʻzbekneftgaz” AJning quyidagilar hisobidan shakllantiriladigan 1 312 mln AQSH dollari miqdoridagi ulushi:

“Oʻzbekneftgaz” MXKning 120 mln AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi oʻz mablagʻlari va “Uzbekistan GTL” MCHJning 302 mln AQSH dollari miqdorida shakllantirilgan ustav jamgʻarmasi;

Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining “Asaka” ATB orqali qayta moliyalashtiriladigan, 14 yil muddatga, shu jumladan 4 yillik imtiyozli davr bilan, qayta moliyalashtiruvchi bankning yillik 0,25 foiz miqdoridagi marjasini hisobga olgan holda yillik 2,25 foizlik foiz stavkasida beriladigan 740 mln AQSH dollari miqdoridagi krediti;

tijorat banklarining, shu jumladan xorijiy banklarning 150 mln AQSH dollari miqdoridagi sindikatlashtirilgan kreditlari.

4. Quyidagilar:

“Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosi asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari bilan birga va 2020-yil II chorakda obyektni foydalanishga topshirishni nazarda tutgan holda 1-ilovaga muvofiq;

“Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kreditini soʻndirish prognoz grafigi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. “Oʻzbekneftgaz” MXK:

2017-yil 1-martga qadar “tayyor holda topshirish” shartnomasi narxini xalqaro tan olingan maslahatchilarni eng yaxshi takliflarni tanlab olish asosida jalb qilgan holda mustaqil ekspertizadan oʻtkazsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda 2017-yil 1-aprelga qadar xorijiy banklar bilan birga investitsiya loyihasini hamkorlikda moliyalashtirish maqsadida 2 400 mln AQSH dollari miqdoridagi uzoq muddatli kreditlar jalb qilish masalasini koʻrib chiqsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga investitsiya loyihasi doirasida jalb etilayotgan xorijiy kreditlar boʻyicha xorijiy banklar, eksport-kredit agentliklari va boshqa moliya institutlari oldida “Oʻzbekneftgaz” AJ va “Uzbekistan GTL” MCHJ majburiyatlari yuzasidan hamda “Asaka” ATB oldida Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining qayta moliyalashtiriladigan krediti boʻyicha belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini berish vakolati berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlari boʻyicha belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.

8. Investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida, istisno tariqasida, “Oʻzbekneftgaz” MXK, “Uzbekistan GTL” MCHJning xorijiy va mahalliy pudratchilariga 2018-yil 1-iyulga qadar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan birga amalga oshirishga ruxsat berilsin.

9. Belgilansinki, “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish jarayonida:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 15-oktabrdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1206-son hamda 2011yil 19-sentabrdagi “Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1618-son qarorlarida belgilangan soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar saqlab qolinadi;

“Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tasdiqlanadigan “Uzbekistan GTL” MCHJ buyurtmanomalari asosida olib kiriladigan asbob-uskunalar va materiallar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod etiladi;

“Uzbekistan GTL” MCHJ xaridlar, loyihalashtirish, muhandislik ishlari, qurilish, foydalanish, texnik xizmat koʻrsatish, sogʻliqni saqlash, xavfsizlik texnikasi va atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha xalqaro normalar va standartlarni koʻllashga haqli;

“Sasol Synfuels International Netherlands Cooperatief U.A.” va “Petronas International Corporation Ltd.” kompaniyalari ishtirokchilik ulushining oldi-sotdisi shartnomalari doirasida “Uzbekistan GTL” MCHJning ustav jamgʻarmasidagi ishtirokchilik ulushini “Oʻzbekneftgaz” AJ foydasiga topshirish munosabati bilan olingan daromadlar boʻyicha toʻlov manbaidan undiriladigan yuridik shaxslarning foyda soligʻini toʻlashdan ozod qilinadi.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va “Oʻzbekneftgaz” MXKning:

investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etish uchun tashrif buyuradigan xorijiy mutaxassislarga koʻp martalik vizalarni tezkor tarzda uzaytirish, vaqtinchalik propiskani rasmiylashtirish va muddatini uzaytirish maqsadida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasining kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi uchun Qarshi shahri aeroportida “Oʻzbekneftgaz” MXK oʻz mablagʻlari hisobidan jihozlangan alohida xona tashkil qilish;

investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy kompaniyalar xodimlari uchun koʻp martalik vizalarni, vaqtinchalik propiskani uzaytirish va vaqtinchalik yashash joyi boʻyicha vaqtinchalik propiskani uzaytirish boʻyicha “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan tasdiqlanadigan “Uzbekistan GTL” MCHJ buyurtmanomalarini rasmiylashtirish;

taklif qilayotgan taraf tomonidan xorijiy mutaxassisning Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan joyi toʻgʻrisida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasini, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va viloyatlar Ichki ishlar boshqarmalarining kirish-chiqish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlarini oldindan yozma ravishda xabardor qilgan holda, investitsiya loyihasini amalga oshirishda ishtirok etadigan xorijiy kompaniyalarning maʼmuriy-texnik xodimlariga,ularning vaqtinchalik yashash joyida roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida belgilangan namunadagi tegishli maxsus belgi boʻlgan taqdirda, xizmat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻyicha 15 kungacha muddatga yashash joyini oʻzgartirishga ruxsat berish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

10-1. “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi A.S. Sultonov va “Uzbekistan GTL” MCHJ bosh direktori F.R. Abdurasulov zimmasiga investitsiya loyihasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

11. “Oʻzbekneftgaz” MXK manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2016-yil 29-dekabr,

PQ-2706-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi PQ-2706-son qaroriga 1-ILOVA

“Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy texnik-iqtisodiy parametrlari

* Moliyalashtirish manbalari va hajmlari xorijiy banklar bilan kredit shartnomasi tuzilgandan soʻng aniqlashtirilishi mumkin. “Oʻzbekneftgaz” MXKning oʻz mablagʻlari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 740,0 mln AQSH dollari miqdoridagi krediti hisobiga shakllantiriladi.

** 160 ming tonna miqdoridagi kerosin Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan JET markali aviakerosin bilan aralashtiriladi, qolgan 151 ming tonnadan dizel yoqilgʻisi hajmini oshirish uchun foydalaniladi. Nafta avtobenzin ishlab chiqarish uchun Buxoro neftni qayta ishlash zavodiga joʻnatiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 29-dekabrdagi PQ-2706-son qaroriga2-ILOVA

“Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksining tozalangan metan negizida suyuq sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kreditini soʻndirish

* Kreditning haqiqiy summasi va ajratish sanasidan kelib chiqqan holda aniqlik kiritilishi lozim.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.