PQ-2750-son Qaror · 01.02.2017

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2750
  • Qabul qilingan sana:01.02.2017
  • Kuchga kirgan sana:02.02.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 5

Keyingi yillarda mamlakatimizda xususiy mulkni ishonchli himoya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni taʼminlash borasida qulay shart-sharoitlar yaratildi.

Tadbirkorlik tuzilmalariga davlat xizmatlari koʻrsatish sifati va ulardan foydalanish imkoniyatlarini tubdan oshirishga doir kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar koʻrildi.

Tuman va shaharlarda tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlariga “yagona darcha” tamoyili boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatish yagona markazlari (bundan buyon — “yagona darcha” markazlari) tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etgan holda roʻyxatdan oʻtkazish, ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillaridan oʻtishning oshkoraligini taʼminlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mazkur sohada amalga oshirilgan ishlarning tahlili tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, “yagona darcha” markazlarini samarali boshqarish, ular faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirishda tizimli yondashuvni hamda ularning boshqa davlat tuzilmalari bilan oʻzaro hamkorligini belgilash zarurligini koʻrsatmoqda.

Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari koʻrsatishning sifati va oshkoraligini, ulardan foydalanish imkoniyatlarini yanada oshirish, tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish hamda joylarda xalq bilan bevosita muloqotning samaradorligini taʼminlash maqsadida:

1. Belgilansinki, banklar va kredit byurolari, ularning filial va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

(1-band Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

(2 — 5-bandlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

6. Quyidagilar:

2017-yilda faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan qoʻshimcha davlat xizmatlarini joriy etish jadvali 2-ilovaga muvofiq;

(6-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

2018 — 2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari roʻyxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda 2017-yilda faqat “yagona darcha” markazlari orqali koʻrsatiladigan qoʻshimcha davlat xizmatlarini joriy etish jadvalini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasini;

ikki oy muddatda 2018 — 2020-yillarda faqat “yagona darcha” markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini;

2017-yil 1-sentabrga qadar 2018 — 2020-yillarda faqat “yagona darcha” markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etish jadvalini amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

2 va 3-ilovalarda belgilangan, faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini joriy etishga doir tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

(7-bandning beshnchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

8. Berilgan, toʻxtatib qoʻyilgan, qayta tiklangan, qayta rasmiylashtirilgan, bekor qilingan, shuningdek amal qilishi tugatilgan ruxsatnoma va litsenziyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksi doirasida olish imkoniyatini yaratish yoʻli bilan Davlat xizmatlari markazlari orqali qogʻoz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish talabi 2018-yil 1-yanvardan boshlab bekor qilinsin.

(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

9. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Adliya vazirligining 2017-yilning I choragida quyidagilarni taʼminlaydigan “Litsenziya” axborot tizimlari kompleksini ishga tushirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

“yagona darcha” markazlari orqali davlat xizmatlari koʻrsatadigan davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat beruvchi hujjatlar va litsenziyalar (bundan buyon — ruxsatnoma va litsenziyalar) olish toʻgʻrisidagi arizalarni qabul qilish;

tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shaklda ruxsatnoma va litsenziyalar olish tartibi va muddatlari haqidagi maʼlumotlardan masofadan turib foydalanish;

tadbirkorlik subyektlari tomonidan ruxsatnoma va litsenziyalar olish toʻgʻrisida elektron shaklda ariza berish imkoniyatini yaratgan holda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillarini avtomatlashtirish;

tadbirkorlik subyektlari “yagona darcha” markazlari orqali koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari boʻyicha qayerda va qay tarzda murojaat qilganidan qatʼi nazar, ruxsatnoma va litsenziyalar olish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqishning borishi va natijasini kuzatish imkoniyati;

ruxsatnoma va litsenziyalar reyestrlaridan maʼlumot olish imkoniyati.

10. 2-ilovada koʻrsatilgan, Davlat xizmatlari markazlari orqali davlat xizmatlarini koʻrsatayotgan vakolatli organlar:

(10-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Adliya vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda bir oy muddatda idoralararo elektron hamkorlik qilish orqali taqdim etiladigan maʼlumotlarning toʻliq roʻyxatini belgilasin hamda eskirgan va zamon talablariga javob bermaydigan hujjatlar va maʼlumotlarni tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etish toʻgʻrisidagi talablarni bekor qilishga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

belgilangan muddatlardan boshlab Jadvalga kiritilgan davlat xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi arizalarni toʻgʻridan toʻgʻri tadbirkorlik subyektlaridan qabul qilish amaliyotini bekor qilsin;

davlat xizmatlari koʻrsatish sohasidagi qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirishga doir tizimli chora-tadbirlar koʻrsin.

(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.02.2020-y., 06/20/5930/0105-son)

12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda “yagona darcha” markazlarining davlat mulki boʻlgan barcha bino va inshootlarini, ularga tegishli asbob-uskunalar, hujjatlar va boshqa mulk Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalariga belgilangan tartibda tekin taqdim etilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Bosh prokuratura, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B. Abdullayev zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 1-fevral,

PQ-2750-son

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-fevraldagi PQ-2750-son qaroriga 2-ILOVA

2017-yilda faqat tadbirkorlik subyektlariga Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan qoʻshimcha davlat xizmatlarini joriy etish

(2-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-fevraldagi PQ-2750-son qaroriga 3-ILOVA

2018 — 2020-yillarda bosqichma-bosqich joriy etiladigan, faqat tadbirkorlik subyektlariga Davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan davlat xizmatlari

(3-ilova nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 15-yanvardagi PF-5302-sonli Farmoni tahririda)

(3-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi PF-6261-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2021-y., 06/21/6261/0667-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.