PQ-2746-son Qaror · 31.01.2017

Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2746
  • Qabul qilingan sana:31.01.2017
  • Kuchga kirgan sana:13.02.2017
  • Rasmiy nashr:O‘R QТ 6

Mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalarining bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar, mehnat organlarida roʻyxatga olingan band boʻlmagan fuqarolar hamda ishga joylashishga ehtiyojmand boʻlgan aholi boshqa qatlamlarining mikromoliyalash xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish, shuningdek yangi ish joylari tashkil etilishini taʼminlaydigan oilaviy, xususiy tadbirkorlikni va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Markaziy banki va tijorat banklarining tajriba tariqasida Toshkent shahrida kichik va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun mikrokreditlashning yangi sxemasini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin, quyidagilar mikrokreditlash uchun qamrab olinadigan shaxslar orasida ustuvor kontingentlar hisoblansin:

oʻrta maxsus, kasb-hunar va oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilari;

muddatli harbiy xizmatdan qaytgan jismoniy shaxslar;

mehnat organlarida roʻyxatga olingan band boʻlmagan fuqarolar;

oilaviy va xususiy tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan aholi, shuningdek fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tavsiyanomalari boʻyicha ishga joylashishga ehtiyojmand boʻlgan boshqa shaxslar.

2. Quyidagilar imtiyozli mikrokreditlashning asosiy vazifalari etib belgilansin:

kichik tadbirkorlik, eng avvalo oilaviy va xususiy tadbirkorlik sohasida yangi ish oʻrinlari tashkil etish;

imtiyozli kreditlar berish orqali yuqorida qayd etilgan shaxslar kontingentlari uchun ularni tadbirkorlik faoliyatiga faol jalb etish maqsadida mikromoliyaviy xizmatlardan oson foydalanishlarini maksimal darajada taʼminlash;

aholining kam taʼminlangan va hojatmand qatlamlari daromadlarini oshirish, aholi bandligini taʼminlashda fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari rolini kuchaytirish.

3. Quyidagilar:

Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli mikrokreditlar berilishining prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

tadbirkorlikni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar beriladigan asosiy faoliyat turlari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, imtiyozli mikrokreditlar quyidagi shartlarda beriladi:

mikrokredit summasi — eng kam ish haqi miqdorining 200 barobarigacha;

asosiy qarzni toʻlashga olti oy muddatli imtiyozli davrni hisobga olgan holda uch yilgacha muddatga;

yillik foiz stavkasi miqdorlari: bitta ish joyi yaratilganda — 9 foiz, ikkita ish joyi — 8 foiz, uchtadan toʻrttagacha ish joylari — 7 foiz, beshta va undan ortiq ish joylari yaratilganda — 6 foiz miqdorda.

Tijorat banklari Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda murojaat etuvchilarga mikrokreditlarni rasmiylashtirish va biznes-rejalarni tayyorlashda har tomonlama tashkiliy koʻmak va amaliy yordam bersin.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq agarda murojaat etuvchi tomonidan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq beriladigan mikrokredit boʻyicha qaytarishni taʼminlay olmaslik holati vujudga kelganda tijorat banklari tomonidan mikrokreditni taʼminlash sifatida:

eng kam ish haqining yuz barobarigacha miqdorda mikrokreditlashda — xarid qilinadigan mulkni va fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari kafilligini;

eng kam ish haqining yuz barobaridan ortiq miqdorda mikrokreditlashda — uchinchi shaxsning kafilligini, sugʻurta tashkilotlarining sugʻurta polislarini va qonun hujjatlari doirasida boshqa taʼminlash turlarini qabul qilib olishlariga yoʻl qoʻyiladi.

Qarz oluvchilarga mikrokreditlar berishda tijorat banklari kreditning umumiy summasida qarzdorning garov taʼminotini rasmiylashtirish bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni hisobga olishga haqlidir.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki amaldagi tijorat banklarini jalb qilgan holda 2017-yil yakunlari boʻyicha tajriba natijalarini umumlashtirsin va shu asosda ushbu mikrokreditlash tajribasini respublikaning barcha hududlariga yoyish takliflarini kiritsin.

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F. Mullajonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 31-yanvar,

PQ-2746-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-yanvardagi PQ-2746-son qaroriga 1-ILOVA

Toshkent shahrida tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli mikrokreditlar berilishining prognoz parametrlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 31-yanvardagi PQ-2746-son qaroriga 2-ILOVA

Tadbirkorlikni amalga oshirish uchun tijorat banklari tomonidan mikrokreditlar beriladigan asosiy faoliyat turlari

* Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari iltimosnomasiga koʻra oilaviy tadbirkorlikning boshqa turlari ham taklif qilinishi mumkin.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.