Qayd etib oʻtilsinki, aholiga keng koʻlamda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini, uning oʻz vaqtida va yuqori sifatli boʻlishini taʼminlash respublikada zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimini yaratishning muhim ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Ushbu maqsadlarda tashkil etilgan qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar tarmogʻi, tez yordam stansiyalari va shoshilinch tibbiy yordam muassasalari sohadagi mazkur vazifalarni maʼlum darajada hal etish imkonini berdi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining mustahkamlanishi bemorlarni statsionar sharoitida davolash darajasining 2017-yilda 1991-yilga nisbatan 1,6 barobar pasayishiga, poliklinika muassasalariga aholi murojaatlari soni esa 2,2-martaga oshishi va kishi boshiga qatnovlar sonini 6,5 dan 9,7 gacha oshirishga imkon yaratdi.
Shu bilan birgalikda, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tizimida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bilan bogʻliq masalalar oʻz yechimini topmay kelmoqda. Aholining, ayniqsa qishloq joylarda yashovchi aholi salomatligi holatining patronaj tizimini sifat jihatdan tubdan yaxshilashni talab etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasiga, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlariga fuqarolarning murojaatlari tahlili aholining tibbiy yordam sifatidan, ayniqsa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tomonidan koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifati, uning oʻz vaqtida koʻrsatilishidan qoniqmayotganligini koʻrsatmoqda.
Tibbiyot muassasalarini joylashtirish ishlari oqilona olib borilmaganligi sababli ayrim aholi punktlari birlamchi tibbiy yordamdan tezkorlik bilan foydalanish imkoniyatidan mahrum boʻlgan boʻlsa, ayrimlarida xizmatlar biri-birini takrorlab kelmoqda. Ambulatoriya-poliklinika va statsionar tibbiy yordam koʻrsatuvchi muassasalarning oʻzaro integratsiyasi qoniqarsizligicha qolmoqda Oliy tibbiy taʼlim muassasalarida umumiy amaliyot shifokorlarini tayyorlash tizimi sifat jihatdan takomillashtirilishiga ehtiyoj sezmoqda.
Respublika aholisining malakali birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan keng foydalanish imkoniyatini yanada oshirish, uning oʻz vaqtida koʻrsatilishini hamda qamrab olinishi kengaytirilishini taʼminlash, umuman mamlakatda, uning har bir hududi va aholi yashash punktlarida kasallanish darajasini pasaytirish maqsadida:
1. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini yanada isloh qilishning asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari tizimini kasalliklarning oldini olish, aholi oʻrtasida profilaktika va patronaj ishlariga qayta yoʻnaltirish. Faoliyat samaradorligining asosiy mezoni sifatida xizmat koʻrsatish hududida qatnov va davolangan bemorlar sonining kamayishi koʻrsatkichlari oʻrniga aholining shifoxonada davolanishi, kasallanish va nogironlik darajasini pasaytirish ishlariga oʻzgartirish;
qishloq vrachlik punktlari (bundan buyon — QVP), oilaviy va koʻp tarmoqli poliklinikalarda xizmat koʻrsatish vaqtini soat 8:00 dan 20:00 gacha uzaytirish hisobiga aholi uchun birlamchi tibbiy-sanitariya yordamidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, ularda tunu-kun davomida mobil ishlaydigan, yaxshi jihozlangan tez yordam podstansiyalarini tashkil etish va foydalanish;
fertil yoshidagi va homilador ayollar, bolalar, shuningdek oʻzgalar yordami va ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, surunkali kasallikka chalingan va boshqa shaxslar oʻrtasida patronaj ishlarini muntazam olib borishni tashkil etish;
(1-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi PF-26-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 06/21/26/1111-son)
qishloq aholisi, shu jumladan, bevosita ularning turar joylarida profilaktik koʻruvlar, laboratoriya klinik-biokimyoviy va instrumental (UTT, EKG va boshqa) tekshiruvlarni olib borish, kasalliklarni erta aniqlash va ularning surunkali holga oʻtishiga yoʻl qoʻymaslik tizimini yaratish;
qishloq aholisiga bevosita QVP va poliklinikalarda koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar hajmini tuman darajasida, Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlar hamda tibbiyot oliygohlari klinikalari tomonidan ixtisoslashgan xizmatlar tizimini yaratishda amaliy yordam berishni tashkil etish orqali kengaytirish;
(1-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-oktabrdagi PF-5216-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2017-y., 06/17/5216/0187-son)
QVP va poliklinikalar moddiy-texnik bazasini zarur diagnostika va davolash jihozlari, shu jumladan tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun mobil brigadalarni joylashtirish hisobiga mustahkamlash;
QVP va poliklinika shifokorlarining malakali faoliyatini taʼminlash uchun, shu jumladan ularni klinik protokol, tibbiy adabiyot, meʼyoriy hujjatlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlash, birlamchi tibbiy hujjatlarni maqbullashtirish va elektron shaklini bosqichma-bosqich joriy etish hisobiga yetarli shart-sharoitlar yaratish;
qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalar shifokorlarini uy-joy va transport vositalari bilan taʼminlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Aholiga tibbiy xizmatlar koʻrsatishni va dori vositalari taʼminotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq qilish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha komissiya (bundan keyin — Komissiya) tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklarining vakillari bilan birgalikda qishloq vrachlik punktlari joylashuvi, texnik jihozlanganlik holati toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Komissiyaning, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining QVPlar tarmogʻini maqbullashtirish toʻgʻrisidagi quyidagilarni koʻzda tutuvchi taklifi 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin:
QVPlar sonini 2 985 tadan 1 612 tagacha qisqartirish va 793 ta QVPlar negizida kunduzgi statsionari mavjud boʻlgan qishloq oilaviy poliklinikalarini tashkil etish;
tashkil etiladigan qishloq oilaviy poliklinikalarining hududlarida aholi uchun arzon va sifatli dori vositalari hamda tibbiy buyumlar sotuvini yoʻlga qoʻyadigan “Dori-darmon” AK tizimining dorixonalarini joylashtirish;
qisqartirilayotgan qishloq vrachlik punktlari negizida yangi 441 ta podstansiyalarni tashkil etish orqali qishloq joylardagi tez tibbiy yordam tarmogʻini kengaytirish;
faoliyati tugatilayotgan 658 ta QVP binolarini QVP va poliklinika shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanishga topshirish;
2025-yil 1-yanvardan boshlab tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari tizimida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalar va oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlarining faoliyatini amaldagi shtat birliklari doirasida yuridik shaxs maqomida qayta tashkil etish va ularga moliyaviy-buxgalterlik xizmati koʻrsatishni tegishli tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari zimmasiga yuklash.
(3-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son. Kuchga kirish sanasi — 2025-yil 1-yanvar)
Belgilansinki, tuman tibbiyot birlashmalari tegishli qishloq vrachlik punktlarining huquqiy vorislari hisoblanadilar.
4. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy- sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish boʻyicha quyidagilarni nazarda tutadigan kompleks chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatining meʼyoriy-huquqiy bazasini takomillashtirish;
birlamchi tibbiy yordam sifatini oshirish, kasalliklar profilaktikasi, erta aniqlash, tashxis qoʻyish va davolashning zamonaviy usullarini ishlab chiqish va keng joriy etish;
sogʻliqni saqlash birlamchi boʻgʻini hisoblangan tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
tibbiyot kadrlari tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 2017-2018 va undan keyingi yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga qishloq oilaviy poliklinikalari, qishloq vrachlik punktlari binolari, shuningdek, uzoq va borish qiyin boʻlgan aholi punktlarida joylashgan QVP va poliklinika shifokorlari yashashi uchun xizmat uy-joylarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini belgilangan tartibda kiritib borsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda tugatilayotgan QVPlar tomonidan ilgari xizmat koʻrsatilgan aholini optimal joylashgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga biriktirish chora-tadbirlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, bunda quyidagilarga alohida eʼtibor qaratilsin:
birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida aholini xabardor qilish;
qayta biriktirilayotgan aholi uchun malakali tibbiy yordamni tashkil etish;
tugatilayotgan QVPlarning tibbiy asbob-uskunalari va boshqa mol-mulkining saqlanishi, oʻtkazib berilishi va samarali foydalanilishini taʼminlash;
maqbullashtirilishi natijasida boʻshaydigan QVPlar xodimlarini ish bilan taʼminlash;
sogʻliqni saqlashning birlamchi boʻgʻini muassasalarini qoʻshimcha biriktiriladigan aholi sonini hisobga olgan holda oʻz vaqtida moliyalashtirish.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda:
qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlarida faoliyat koʻrsatadigan tibbiyot xodimlarini xizmat uy-joyi bilan taʼminlash;
davlat granti asosida taʼlim olgan tibbiyot oliy oʻquv muassasalari bitiruvchilarini qishloq vrachlik punktlari va qishloq oilaviy poliklinikalariga 3 yildan kam boʻlmagan muddatga ishlab berish uchun yoʻllash;
qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari patronaj hamshiralarining yoʻl haqi kompensatsiyasini belgilash va toʻlab berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2017-yilning 1-iyulidan tuman, viloyat va respublika miqyosidagi muassasalarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan bemorlarni koʻrikdan oʻtkazish va davolashni nazarda tutuvchi tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi va Mehnat vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2017-yilning 1-oktabridan boshlab, kunduzgi statsionari mavjud boʻlgan qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini reyting tizimida baholash hamda ular tomonidan aholiga koʻrsatilgan tibbiy xizmat koʻlami va sifatini baholash asosida tibbiyot xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Belgilansinki:
ushbu qarorda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni bajarish amaldagi xodimlar shtat birligi va qishloq vrachlik punktlarini taʼminlash uchun ajratilgan budjet mablagʻlari doirasida amalga oshiriladi;
qishloq vrachlik punktlari tarmogʻini maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan mablagʻlar qishloq oilaviy poliklinikalari va vrachlik punktlari tibbiyot xodimlarini ragʻbatlantirish, shuningdek, sogʻliqni saqlash muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar, reagentlar, sarflov materiallari va transport vositalari bilan taʼminlanish darajasini yaxshilashga yoʻnaltiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N. Yunusxodjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 29-mart,
PQ-2857-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi PQ-2857-sonli qaroriga 1-ILOVA
Qishloq vrachlik punktlarini
(Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi PQ-455-sonli qaroriga asosan izohning chiqarilish sanasi 2025-yil 1-yanvar — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2024-y., 07/24/455/1092-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-martdagi PQ-2857-sonli qaroriga 2-ILOVA
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkillashtirishni yanada takomillashtirish
2017 — 2021-yillarda tadbirlari amalga oshirish uchun jami — 130 085,0 mln soʻm va 37,6 mln AQSH doll. mablagʻi sarflanadi.
Shundan:
Davlat budjeti mablagʻlari-468,5 mln soʻm;
Taʼlim va tibbiyot muassasalarini rekonstruksiyasi, kapital taʼmirlash va jihozlash Jamgʻarmasining budjetdan tashqari mablagʻlari — 127 600 mln soʻm;
Ijrochilar mablagʻlari-2016,5 mln soʻm;
Xalqaro moliya institutlarining kredit va grantlari-37,6 mln. AQSH doll.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-yanvardagi PQ-103-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 27.01.2022-y., 07/22/103/0070-son)