PQ-2854-son Qaror · 27.03.2017

Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2854
  • Qabul qilingan sana:27.03.2017
  • Kuchga kirgan sana:27.03.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:ҚММБ 1

Respublikamizni juda murakkab va ogʻir yillarda boshqarib, yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida fidokorona xizmat qilgan, ijtimoiy va ijodiy faoliyati bilan milliy adabiyotimiz va madaniyatimiz rivojiga katta hissa qoʻshgan atoqli davlat arbobi, taniqli yozuvchi Sharof Rashidovning yorqin xotirasini ulugʻlash hamda tavalludining 100 yilligini munosib nishonlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Nuroniy” jamgʻarmasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va jamoatchilik vakillarining xalqimizning otashqalb farzandi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini mamlakatimiz miqyosida keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq Jizzax viloyati Jizzax tumaniga Sharof Rashidov nomi berilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda ― Tashkiliy qoʻmita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Tashkiliy qoʻmita bir oy muddatda Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin.

Ushbu rejada:

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida uning xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik majmuasini barpo etish va haykalini oʻrnatish;

xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni atoqli davlat arbobi va adib Sharof Rashidovning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Jizzax shahrida uning memorial uy-muzeyini tashkil etish va muzey hududini obodonlashtirish;

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan adibning “Saylanma” kitobini;

Sharof Rashidov hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan “Xalqimizning otashqalb farzandi” nomli xotira kitobini nashrga tayyorlash va chop etish;

Sharof Rashidovning hayoti va ijtimoiy-ijodiy faoliyati haqida hujjatli film yaratish;

Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Respublika Maʼnaviyat targʻibot markazi bilan hamkorlikda “Sharof Rashidovning Oʻzbekiston tarixida tutgan oʻrni” mavzusida ilmiy konferensiya oʻtkazish;

mamlakatimizdagi oliy, oʻrta maxsus, kasb-hunar va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, sanʼatkorlar ishtirokida xotira tadbirlari tashkil etish;

2017-yil noyabr oyining birinchi oʻn kunligida Jizzax va Toshkent shaharlarida Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasini oʻtkazish tadbirlari nazarda tutilsin.

5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 27-mart,

PQ-2854-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 27-martdagi PQ-2854-son qarorigaILOVA

Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita

Izoh: Tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, uniig tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.