Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ularning faoliyatiga davlat organlarining asossiz aralashuvini oldini olish, xususiy mulk daxlsizligining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari huquqlarining ustuvorligi prinsipini taʼminlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili instituti (keyingi oʻrinlarda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil deb yuritiladi) taʼsis etilsin.
2. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;
davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
tadbirkorlik subyektlarining faoliyati tekshirilayotganda ularni huquqiy qoʻllab-quvvatlash;
tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari normalari va talablarining amalda roʻyobga chiqarilayotganligini oʻrganish;
qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilishiga taʼsiri samaradorligini baholash;
tadbirkorlik subyektlarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga, ularning rivojlanishini ragʻbatlantirishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil oʻz vakolatlarini mustaqil hamda davlat organlari, ularning mansabdor shaxslariga tobe boʻlmagan tarzda amalga oshiradi, oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga hisobdordir;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tizimli ravishda davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishi holati toʻgʻrisida axborot taqdim etadi;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil maqomi, mehnat haqi, tibbiy va transport taʼminoti shart-sharoitlariga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosariga, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning oʻrinbosari esa — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi shuʼba mudiriga tenglashtiriladi;
(3-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning faoliyati yuridik shaxs hisoblangan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni tomonidan taʼminlanadi;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devoni xodimlari Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar, ularga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimlari uchun belgilangan tibbiy xizmat koʻrsatish, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatga haq toʻlash shart-sharoitlari tatbiq etiladi;
(3-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devoni xodimlari uchun oldingi ish joyida berilgan koʻp yillik xizmatlari uchun qoʻshimcha haq va ustamalar, harbiy va maxsus unvonlar (martaba darajalari, malaka darajalari, diplomatik daraja va boshqalar) saqlanib qoladi;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonidagi ish vaqti navbatdagi harbiy va maxsus unvon berish uchun ish stajiga kiritiladi hamda ular boʻyicha, shu jumladan koʻp yillik xizmatlar uchun ustamalar hisoblanadi hamda toʻlanadi;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonida ish faoliyati davrida harbiy va maxsus unvonlar berish oldingi ish joyi boʻyicha nazarda tutilgan tartibda tegishli harbiy va maxsus unvonlar berish uchun zarur boʻlgan muddatlar oʻtgandan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy tuzilmasi rahbarining yoki Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
(3-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoni tahririda)
(3-1-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 27-dekabrdagi PF-227-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.12.2024-y., 06/24/227/1089-son)
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2019-y., 06/19/5690/2772-son)
5. Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilga:
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilishga doir qonun hujjatlari davlat organlari, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari tomonidan soʻzsiz ijro etilishini oʻrganish;
tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlar amalga oshirilishi qonuniyligining monitoringini olib borish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashuv holatlarining oldini olish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan takliflar kiritish;
tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish boʻyicha qonun hujjatlarining buzilishi mumkin emasligi toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslarini yozma ravishda ogohlantirish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga belgilangan muddatlarda ijro etilishi majburiy boʻlgan aniqlangan qonunbuzilish holatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida taqdimnoma kiritish;
(5-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2019-y., 06/19/5690/2772-son)
tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini koʻzlab sudlarga davlat boji toʻlamasdan arizalar va daʼvolar bilan murojaat qilish;
davlat organlari va tashkilotlaridan oʻz vakolatiga kiradigan masalalar yuzasidan statistik, tahliliy materiallar, xulosalar hamda boshqa axborot soʻrash va olish;
davlat organlarining tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalalarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq yigʻilishlarida ishtirok etish;
zarur boʻlgan holatlarda oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun davlat organlari, ilmiy muassasalar va boshqa tashkilotlar rahbarlari hamda mutaxassislarini jalb qilish, ishchi guruhlar tashkil etish huquqi berilsin.
tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qabul qilingan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida yuzaga keladigan iqtisodiy nizolar, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan nizolar bundan mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat organlarining tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlariga zid boʻlgan hujjatlarini toʻxtatib qoʻyish yoki bekor qilish toʻgʻrisida takliflar kiritish.
Belgilansinki, Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devoni xodimlari oʻz vakolati doirasida maʼmuriy javobgarlikni keltirib chiqaradigan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisida bayonnomalar tuzish huquqiga egadirlar.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-sonli Farmoniga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2019-y., 06/19/5690/2772-son)
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Siyosiy-huquqiy masalalar xizmati manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritish uchun ikki oy muddatda “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur tashkiliy, moliyaviy va moddiy-texnik masalalar hal etilishini;
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakil va uning devonini joylashtirish uchun qulay bino (xonalar) ajratilishini taʼminlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha vakilning devonini zarur aloqa vositalari va turlari, shu jumladan, hukumat aloqa vositalari bilan jihozlanishini, shuningdek, keng polosali internet tarmogʻiga ulanishini taʼminlasin.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
10. Mazkur Farmonning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi O.B. Murodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 5-may,
PF-5037-son
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-martdagi PF-5690-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.03.2019-y., 06/19/5690/2772-son)
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 1-fevraldagi PF-5650-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili institutini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga