PQ-2954-son Qaror · 04.05.2017

2017-2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Qaror
  • Raqami:PQ-2954
  • Qabul qilingan sana:04.05.2017
  • Kuchga kirgan sana:06.05.2017
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 19

Qayd etilsinki, uzoq muddatli istiqbolda ichimlik suvi taʼminoti tizimini rivojlantirish va modernizatsiyalash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar va maqsadli dasturlarni amalga oshirish asosida respublikamiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash ijtimoiy siyosatimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Keyingi yillarda respublikamizning aksariyat mintaqalarida aholini markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan taʼminlash boʻyicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Hozirgi paytda 69 ta shahar, 335 ta posyolka va 2 902 ta qishloq aholi punktlari aholisining ehtiyojlari yer osti suvlari zaxiralari hisobiga qondirilmoqda.

Shu bilan birga, oxirgi 40 — 50 yilda sanoat va qishloq xoʻjaligining jadal rivojlanishi chuchuk yer osti suvlari holatiga salbiy taʼsir koʻrsatdi, bu oʻz navbatida suv olish inshootlarining ruxsatsiz qurilishi va suvni nazoratsiz olish oqibatida konlardagi zaxiralarning 35 foizga qisqarishiga hamda ayrim manbalarda suv zaxiralarining tugashiga olib keldi.

Respublikamizning ayrim hududlarida yer usti suvlarini chiqarib tashlash tarmoqlari va drenaj tizimlarining qoniqarsiz holati, yer osti suvlari sathining intensiv koʻtarilishi, shuningdek, rejali asosda gidrogeologik monitoring olib borilmaganligi oqibatida ayrim shaharlar va boshqa aholi punktlarida yer osti suvlari sathining koʻtarilishi kuzatilmoqda.

Yer osti suvlari monitoringining 1 465 kuzatuv punktidan iborat amaldagi tizimi suv manbalarining ifloslanishiga, yer osti suvlari zaxiralarining kamayishiga va aholi punktlari hududlarida yer osti suvlari sathining koʻtarilishiga olib kelayotgan salbiy omillarni oʻz vaqtida va toʻlaqonli baholash imkonini bermayapti.

Sifatli ichimlik suvi taqchil boʻlgan ayrim mintaqalarimizda suvni industrial chuchuklashtirish qurilmalaridan yetarli foydalanilmayapti, respublikamizda ularni ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmayapti.

Yer osti suvlaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni yoʻlga qoʻyish, samarali monitoring tizimini yaratgan holda ularning zaxiralarini yanada koʻpaytirish, kamayib ketish va ifloslanishdan muhofaza qilish, shuningdek, respublikamiz aholisini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan 10 073 ta suv qudugʻi xatlovdan oʻtkazilganligi, xatlov natijalariga koʻra quyidagilar aniqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

qonunchilik bazasi takomillashtirilmagani oqibatida 6 679 ta quduqdan yer osti suvlari nazoratsiz olinmoqda va ularning ifloslanishi va zaxiralari kamayishi davom etmoqda;

yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan foydalanish yuzasidan zarur nazoratning mavjud emasligi oqibatida 59 foiz yer osti suvlari belgilangan tartibda tasdiqlanmagan zaxiralardan olinmoqda;

suv manbalari sathlari ifloslanishining hozirgi surʼatlarida yaqin oʻn yillarda chuchuk yer osti suvlari mavjud resurslarining yarmidan koʻpini tiklab boʻlmas darajada yoʻqotishning real xavfi mavjud.

2. 2017-yilning 1-iyulidan boshlab quyidagi tartib belgilansin, unga muvofiq:

belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan, biroq texnik talablarga rioya etgan holda qazilgan foydalanish quduqlari keyinchalik belgilangan tartibda foydalanish uchun tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilari tomonidan rasmiylashtirilishi lozim;

belgilangan tartibda ruxsat olinmasdan va texnik talablar buzilgan holda qazilgan foydalanish quduqlari, tegishli suvdan foydalanuvchilar va suv isteʼmolchilarini muqobil suv manbalariga ulashni hisobga olgan holda, belgilangan tartibda tugatiladi;

yuridik va jismoniy shaxslarga suv olish uchun quduq qazishga belgilangan tartibda gidrogeologik xulosa berish faqat Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining gidrogeologiya korxonalari tomonidan amalga oshiriladi;

suv olish uchun quduq qazishga ruxsatnomalar Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining davlat ekologik ekspertizasi xulosasi mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan beriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ushbu band bilan oʻrnatilayotgan tartibning amalga oshirilishini nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasini bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi, mahalliy davlat hokimiyati organlari yer osti suvlarini hisobga olish va ulardan oqilona foydalanish yuzasidan tegishli nazoratni taʼminlash uchun vakolatli davlat organlari hisoblanadi;

(3-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

suvdan foydalanuvchi va suv isteʼmolchilari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarning suv resurslaridan oqilona foydalanish, olinayotgan suv hajmini tegishli tarzda hisobga olish, ularning ifloslanishi va kamayishining oldini olish, shuningdek, vakolatli davlat organlariga belgilangan tartibda hisobot taqdim etishga doir vazifalari ruxsat beruvchi talablar va shartlarga kiritilishi lozim.

4. Quyidagilarni oʻz ichiga olgan 2017 — 2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturi:

2017 — 2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari kompleksi 1-ilovaga muvofiq;

2017 — 2021-yillarda chuchuk yer osti suvlari zaxiralarini koʻpaytirishning maqsadli parametrlari 2-ilovaga muvofiq;

2018 — 2021-yillarda yer osti suvlari monitoringi kuzatish punktlari tarmogʻini kengaytirish dasturi 3-ilovaga muvofiq;

2018 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari 4-ilovaga muvofiq;

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining 2018-2019-yillarda quriladigan va jihozlanadigan hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalari roʻyxati 5-ilovaga muvofiq;

2018 — 2020-yillarda shaharlar va tumanlar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlari qurish hamda kollektorlar qurish va ularni mukammal taʼmirlash parametrlari 6 — 10-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari — masʼul ijrochi rahbarlariga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga tasdiqlangan Dasturda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

Tegishli tadbirlarning amalga oshirilishi uchun masʼul vazirlik, idora va xoʻjalik birlashmalari nazarda tutilgan har bir loyiha boʻyicha bir oy muddatda “yoʻl xaritalari” ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida 11-ilovaga muvofiq, har yilgi:

(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)

respublikaning mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va takror ishlab chiqarish dasturi doirasida 2 — 5-ilovalarda nazarda tutilgan chuchuk yer osti suvlari zaxiralarini koʻpaytirish boʻyicha gidrogeologiya ishlarini amalga oshirish, ularning holati yuzasidan monitoring olib borish, gidrogeologiya-melioratsiya tadqiqotlari oʻtkazish, gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalarini qurish va jihozlash uchun;

Oʻzbekiston Respublikasining investitsiya dasturi doirasida (xalqaro moliya institutlari mablagʻlari va mahalliy budjetlar parametrlarini qoʻshgan holda) 6 — 10-ilovalarda nazarda tutilgan 2018 — 2020-yillarda shaharlar va tumanlar markazlarida drenaj va kuzatuv quduqlari hamda kollektorlar qurish va ularni mukammal taʼmirlash uchun mablagʻ ajratishni nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha 12-ilovaga muvofiq Ishchi guruh tashkil etilsin.

Ishchi guruh (J.A. Qoʻchqorov) 2017 — 2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar faoliyatini samarali va oʻz vaqtida muvofiqlashtirishni taʼminlasin, tegishli rahbarlarning hisobotlari tizimli ravishda eshitib borilsin.

(6-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 23-iyuldagi PQ-4401-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.07.2019-y., 07/19/4401/3470-son)

7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi:

2018-yilning oxirigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda — mavjud barcha suv olish quduqlarini oʻrganib chiqsin hamda quduqlarni tiklash, konservatsiya qilish yoki egasi boʻlmaganlarini tugatish yuzasidan hududiy “Suvoqova” davlat unitar korxonalariga tavsiyalar bersin;

2021-yilning oxirigacha 500 ta avtomatlashtirilgan kuzatuv tizimini oʻrnatish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda barcha suv manbalari boʻyicha maʼlumotlar bazasini tayyorlagan holda yer osti suvlari monitoringi kuzatuv punktlarining samarali tarmogʻini yaratsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi:

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2017-yilning oxirigacha mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan chuchuklashtirish qurilmalarining samaradorligini aniqlash boʻyicha tajriba-sinov ishlarini amalga oshirsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda — mamlakatimizda chuchuklashtirish qurilmalarini sanoat asosida ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan 2018-yilning 1-yanvarigacha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Meliorativ gidrogeologiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashni tashkil etish;

(9-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi PF-5190-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 981-modda)

Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti negizida “Meliorativ gidrogeologiya” ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini qayta tiklash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda 2017/2018 oʻquv yilidan boshlab Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga qabul kvotalarini shakllantirishda “Meliorativ gidrogeologiya” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlashni nazarda tutsin.

(9-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi PF-5190-sonli Farmoni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2017-y., 37-son, 981-modda)

10. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga gidrogeologiya ishlari uchun zamonaviy burgʻulash uskunalari va ularga ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritsin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Gʻ.I. Ibragimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 4-may,

PQ-2954-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 1-ILOVA

2017 — 2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish

(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga2-ILOVA

2017 — 2021-yillarda chuchuk yer osti suvlari tasdiqlanadigan zaxiralarini koʻpaytirishning

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 3-ILOVA

2018 — 2021-yillarda yer osti suvlari monitoringi kuzatish punktlari tarmogʻini kengaytirish

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 4-ILOVA

2018 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi gidrogeologiya korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash

*Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish koʻzda tutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 5-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasining 2018-2019-yillarda quriladigan va jihozlanadigan hududiy gidrogeologiya stansiyalarining ishlab chiqarish bazalari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 6-ILOVA

2018 — 2020-yillarda shaharlar va tumanlar markazlarida obodonlashtirish boshqarmalarining drenaj quduqlarini qurish va ularni mukammal taʼmirlash

*Gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlar natijasiga koʻra aniqlanadi.

**Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tender savdolari ishlab chiqish natijalariga koʻra tuzatishlar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 7-ILOVA

2018 — 2020-yillarda shaharlar va tuman markazlarida obodonlashtirish boshqarmalarining kuzatuv drenaj quduqlarini qurish va ularni mukammal taʼmirlash

* Gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlar natijasiga koʻra aniqlanadi.

** Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tender savdolari natijalariga koʻra tuzatishlar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 8-ILOVA

2018 — 2020-yillarda shaharlar va tuman markazlarida obodonlashtirish boshqarmalarining drenaj kollektorlarini qurish va ularni mukammal taʼmirlash

*Gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlar natijasiga koʻra aniqlanadi.

**Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqarish va savdolari atijalariga koʻra tuzatishlar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 9-ILOVA

2018 — 2020-yillarda shaharlar va tuman markazlarida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmalariga biriktirilgan drenaj quduqlarini kapital taʼmirlash

*Gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlar natijasiga koʻra aniqlanadi.

**Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqarish va savdolari atijalariga koʻra tuzatishlar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 10-ILOVA

2018 — 2020-yillarda shaharlar va tuman markazlarida Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari huzuridagi Meliorativ ekspeditsiyalarga biriktirilgan drenaj kollektorlarini qurish va mukammal taʼmirlash

*Gidrogeologik-meliorativ tadqiqotlar natijasiga koʻra aniqlanadi.

**Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqarish va savdolari atijalariga koʻra tuzatishlar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 11-ILOVA

2017 — 2021-yillarda yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanishni nazorat qilish va ularni hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari dasturini moliyalashtirishning

* Loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqish va tender savdolari natijalariga koʻra parametrlar aniqlanishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 4-maydagi PQ-2954-son qaroriga 12-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish strategiyasi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruh

Izoh: Ishchi guruh aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda yer osti suvlari zaxiralaridan oqilona foydalanishni nazorat qilish va hisobga olishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.