PF-5044-son Farmon · 18.05.2017

“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida

Rekvizitlar

  • Hujjat turi:Farmon
  • Raqami:PF-5044
  • Qabul qilingan sana:18.05.2017
  • Kuchga kirgan sana:20.05.2017
  • Holati:Amalda
  • Rasmiy nashr:СЗ РУ 21

Mamlakatimizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish, suv-energetika resurslarini boshqarishning yagona tizimini shakllantirish, elektr energiya ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanadigan gidroenergetika resurslari ulushini izchil oshirish, yangi ekologik toza energiya hosil qiluvchi quvvatlarni tashkil etish, mavjud gidroelektrostansiyalarni texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash, gidroenergetikani rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish va shu asosda korxonalar va aholining elektr energiyaga boʻlgan ehtiyojini yanada toʻlaroq qondirishni taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining:

“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining gidroelektrostansiyalari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bogʻliq boʻlinmalari;

Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Oʻzsuvenergo” birlashmasi negizida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.

(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yil 30-apreldagi PF-6218-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son)

3. Quyidagilar “Oʻzbekgidroenergo” AJning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari etib belgilansin:

gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish sohasida yagona texnik siyosatni amalga oshirish, gidrotexnik inshootlardan xavfsiz va samarali foydalanishni taʼminlash, shuningdek, gidroenergetika obyektlarini markazlashtirilgan texnologik boshqarish;

gidroenergetika salohiyatini kompleks oʻzlashtirish asosida gidroenergetika sohasini rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda respublikamizning energetika balansi tarkibida gidroenergetikaning ulushini koʻpaytirishni taʼminlash;

yirik, oʻrta, kichik va mikro gidroelektrostansiyalarni loyihalashtirish va qurish sohasida zamonaviy va har tomonlama chuqur asoslangan ilmiy-texnik yechimlar asosida yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiyalash boʻyicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish;

yangi gidroelektrostansiyalar qurish va ishlab turganlarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga xorijiy investitsiyalar va ilgʻor texnologiyalarni jalb etish boʻyicha xalqaro kompaniyalar va moliya institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirish;

respublikamizning suv salohiyatiga tejamkorlik bilan munosabatda boʻlishni taʼminlash, gidrotexnika inshootlarini qurish va ulardan foydalanishda mavjud flora va faunani saqlash, shuningdek, mamlakatimizning iqlim, tabiiy va boshqa xususiyatlarini hisobga olgan holda suv resurslarini samarali boshqarish;

gidroenergetika sohasida oliy va oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan kadrlarni tizimli asosda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish.

4. Belgilansinki:

“Oʻzbekgidroenergo” AJ “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining gidroelektrostansiyalari, gidrotexnik va boshqa gidroenergetika bilan bogʻliq boʻlinmalari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining “Oʻzsuvenergo” birlashmasi, “ToʻpolangsuvGESqurilish” MChJ, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari, tashkilotlar va donor mamlakatlar bilan tuzilgan amaldagi bitimlar doirasida huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

tashkil etilayotgan “Oʻzbekgidroenergo” AJning dastlabki ustav kapitali gidroenergetika energiya hosil qiluvchi korxonalarining davlat ulushi nominal qiymat boʻyicha berilishi, shuningdek, “Gidroloyiha” AJ, “Gidromaxsusqurilish” AJ, “Oʻzbekgidroenergoqurilish” AJ va “Suvsanoatmash” AJning ustav kapitalidagi aksiyalarning davlat paketlari hisobiga shakllantiriladi.

5. “Oʻzbekgidroenergo” AJga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-dekabrdagi PQ-44-son qarori bilan tasdiqlangan 2021 — 2030-yillarda gidroenergetikani yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha ijro etuvchi va masʼul organ vazifasi yuklansin.

Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tarkibidagi gidroelektrostansiyalar tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi faoliyat turiga koʻra kafolatlangan tarzda davlat tomonidan elektr energiyasini xarid qilish funksiyasi (vakolati) berilgan organ tomonidan qoʻshilgan qiymat soligʻini hisobga olgan holda II tarif guruhi isteʼmolchilari uchun belgilangan tarifga nisbatan:

suv oqimi boʻyicha ishlaydigan gidroelektrostansiyalarda — 70 foiz miqdorda;

elektr energetikasi tizimining rejimiga bogʻliq holda dispetcher tomonidan tartibga solinadigan, rostlovchi gidroelektrostansiyalarda — 100 foiz miqdorda;

gidrotoʻplash elektr stansiyalarida — 150 foiz miqdorda sotib olinadi.

(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)

6. Belgilansinki, energetika tizimi barqaror va ishonchli ishlashini taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ:

(6-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)

Milliy dispetcherlik markazi orqali “Oʻzbekgidroenergo” AJ korxonalarining tezkor-dispetcher boshqaruv masalalari umumiy muvofiqlashtirilishini;

“Oʻzbekgidroenergo” AJ korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyaning 100 foiz xarid qilinishini amalga oshiradi.

(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)

(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)

8. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekgidroenergo” AJ Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent sh.,

2017-yil 18-may,

PF-5044-son

(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 9-sentabrdagi PF-220-sonli Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.09.2022-y., 06/22/220/0812-son)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-maydagi “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi Farmoniga

Bu hujjat sizga qanday ta'sir qiladi?

HuquqTech hujjat va qonun moddalariga tayanib, savolingizga oddiy tilda javob beradi.

AI'dan bepul so'rash

Matn lex.uz rasmiy manbasidan olingan va avtomatik yangilanadi. Huquqiy ahamiyatga ega qarorlar uchun rasmiy nashrga va malakali mutaxassisga murojaat qiling.